Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi holat yuzasidan tezkor oʻrganish oʻtkazib, bu boʻyicha rasmiy munosabatni eʼlon qildi.

Unga koʻra Agentlik quyidagilarni maʼlum qiladi:

1. “Mountain Dew” tovar belgisi ostida chiqarilgan gazlangan ichimligi sertifikatlashtirish organi tomonidan 2021-yil 8-iyulda UZ.SMT.01.0033.66104488-sonli muvofiqlik sertifikatiga asosan gazlangan alkogolsiz ichimliklar tasnifiga kiritilgan va energetik ichimlik hisoblanmaydi. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasiga asosan Energetik ichimliklarning reklamasiga doir belgilangan cheklovlar unga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Tarqalgan videorolikda joriy yilning 15-oktyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Avto—Shou” tadbiri qatnashuvchilar tomonidan videotasvirga olingan va ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bunday axloqsizlik va hayosizlik xatti-harakatlari namoyish etilgani holati yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga soʻrov xati yuborildi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasiga asosan, bezorilik, yaʼni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etganlik uchun huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 183-moddasiga asosan mayda bezorilik, yaʼni jamoat joylarida uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq, axloqsiz (shaxslarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga daxldor boʻlgan haqoratli soʻzlar, tasvirlar hamda oʻxshatishlardan, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umumqabul qilingan normalarini buzuvchi) reklama taqiqlangan.