Mening tasavvurimda o'tgan asrning 60-yillarida dimiqqan o'zbek she'riyatiga savqitabiiy tuyg'ular tajassumidan iborat dardchil, hissiyotga boy, botiniy ehtiros alangasiyu qalbni tebratuvchi musiqiylikka uyg'un she'rlarga tashnalik baland nuqtaga chiqqandi. Qullik iskanjasida quruq bayonchilik ko'rinishidagi nazmga solingan tizmalar xalqning badiiy saviyasi va didini quroqlashtirgan davrda Abdulla Oripovning o'zbek she'riyati osmonida paydo bo'lishi o'zbek xalqining ruhoniy va rabboniy olamini erk epkinlariyu irfon yog'dulari ila oydinlikka yo'g'riltirdi. Abdurahim Erkaevning ta'kidlashicha, shoir “adabiyotda yangi g'oyaviybadiiy yo'nalish ochadi, unga badiiy mezon beradi. Haqiqatni va milliy o'zlikni anglashni sifat jihatdan bir pog'ona yuqoriga ko'taradi”.

Abdurahim Erkaev shoirning qaysi bir she'ri yoki dostonlariga yondashishda umumiy sharhlardan chekinadi va asarlar tag zaminida yashirin polifoniyaga diqqatni qaratadi, ya'ni ko'zga ko'rinmas so'z duru injularidan iborat ma'nolar maxzanini falsafiy-badiiy qarashlari bilan yangicha talqin etadi. Shoirning “O'zbekistonda kuz” she'riga munosabatda shunday yorqin mulohazalarga nigohimiz tushadi.

                                  Shabnam shovullaydi bog'lar qo'ynida,

                                  Salqin tuman ichra bo'zarar tonglar.

                                  Quyoshning erinchoq yog'dularida,

                                  Nafis yaltiraydi bargi xazonlar.

Shabnamning shovullashi inson aqlu tasavvuriga kelmaydi. Ammo shoir nozik tuyg'ular orqali chiroyli ifodalashni, bog' uzra esgan shamol daraxtlarni elpib, barglarga ingan shabnamlarni to'kib yuborish jarayonida “shabnam shovullashi”ga to'g'ri tashxis qo'yadi yoxud ikkinchi qatordagi tongning “bo'zarishi”, uchinchi misradagi “erinchoq yog'dular”, to'rtinchidagi “xazonlarning nafis yaltirashi” orqali kuz faslini hayratomuz poetik topilmalar bilan inkishof etganki, bu manzaralar keyingi bezovta his-tuyg'ularga o'tishiyu kontrastlik yuzaga kelishi echimini topgan. Qarangki, tabiat manzarasi ijtimoiy voqelik bilan uyg'unlashib, sho'ro davri qiyofasini oydinlashtiradi. Million egatlarga egilgan xalqning og'ir mehnat ostida kuz go'zalligidan bebahra yashayotganidan qayg'uradi.   

O'zbekistonning har bir fasli o'z go'zalligi va nafosati bilan dunyodagi boshqa ko'pgina mamlakatlar faslidan farqlanishini, o'zining ayricha manzarasiga ega ekanini shoir rassomona sinchilik bilan so'z bo'yog'ida yorqin va jozibali chiza olgan.  A. Erkaev bu holatni “She'r vatanparvarlik mavzusida yozilmagan. Ammo tabiat fasli haqida haqiqiy asar yozganda, agar u faqat peyzajdan iborat bo'lmasa, qanday qilib vatan va xalqni chetlab o'tish mumkin? Axir vatan — bu tabiatning ona xalqing yashaydigan bir qismi-ku!.. Abdulla Oripov qaysi mavzuda yozmasin, o'y-fikr, matn tagida ona Vatani, xalqining g'am-g'ussasi yashirin”, deya sharhlaydi.

Odilona baho. Shoirning “Bahor kunlarida kuzning havosi” deb boshlanuvchi she'rida ham xalqining erksizligidan o'kinch o'tida yongan, atrofdagi mavjud narsadan malol tuygan, hattoki nayning navosi g'amginligidan qalbi bezovtalangan shoir orzu-armonlarini o'qiymiz. “Barglar orasida behol o'ynayotgan uyqudagi qizning bedor tushlari”dan falajlangan “Erk qizi”ning zabunligidan mag'lub bahodirning nayzasi misol ma'yus egilayotgan terak uchlari manzarasi yurakni sergaklantiradi. Nega bahor kunlarida kuzning havosini tuya yotgan shoir holatini anglaymiz? Demoqchimanki, 60-yillardanoq shoir tabiat manzaralari orqali vatan, xalqi dardini, sho'ro zulmini, tesha tegmagan poetik topilmalar orqali davrning ayanchli qismatini san'atkorona ta'riflaydi.

A. Erkaev atoqli shoir Abdulla Oripovning qaysi yilda, qaysi bir mavzuda yozilgan she'ru dostonlarini tadqiq etmasin, badiiy-falsafiy teran mushohadalar bilan asl o'zagi, mazmun-mohiyatini chuqur ma'noda yoritib bera olgan.

To'g'risi, “Abdulla Oripov dahosi” kitobi mundarijasidan o'rin olgan har bir bo'limga murojaat qilganingizda shoir ijodi va hayot yo'li to'laqonli ochilgan. Daho shoir iste'dodi g'animlarining tuban harakatlari, insoniylik tuyg'ularidan mosuvo qilmishlari oshkora yoritilganki, bu har qanday bo'lg'usi avlod uchun ibrat maktabi bo'lib qolajak.

Qarshi davlat universitetida professor Abduraim Erkaevning “Abdulla Oripov dahosi” asari taqdimoti bo'lib o'tdi. Taqdimotda professorlar Nafas Shodmonov, Boynazar Yo'ldoshev, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi rahbari Lola Saodatova, viloyat hokimining til masalalari bo'yicha maslahatchisi Ziyoda Aminova, filologiya fanlari doktori Gulnoza Ernazarova va boshqalar so'zga chiqib, buyuk shoir hayoti va ijodiga bo'lgan ehtiromini, hayajonli taassurotlarini bayon etdi. 

O'roz Haydar,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 

Qashqadaryo viloyat bo'limi rahbari.