Ushbu qonun loyihasida hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, hayvonlarning hisobini yuritish, ularning nasli va sogʻligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron tizimda jamlash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, sohaga masʼul boʻlgan organlarning vakolatlari, hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, roʻyxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarning va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari ham belgilab qoʻyilmoqda. Oʻz oʻrnida hayvon egalarining manfaatdorligi va masʼuliyati oshirilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, deputatlar bergan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida hujjat matni maromiga yetkazildi.
Qonun loyihasida hayvonlarning egalaridan toʻlov undirmasdan ularni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish tartibi va bosqichlarini belgilash hamda hayvon egalarining huquqlari va sohaga masʼul boʻlgan vakolatli davlat organining majburiyatlarini kuchaytirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topdi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarga sifatli chorva mahsulotlari yetkazib berish, veterinar osoyishtalikni taʼminlash hamda hayvonlarning hisobini yuritishda qonuniy asosga ega tizim yaratilishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.