Insoniyat tarixida amalga oshirilgan yuzta buyuk ixtiro safidan kitob deb atalmish maʼnaviy xazina ham joy olganini bilasizmi? Uning beqiyos najotkor qudratini tasavvur qilasizmi? Kitoblarga oshno qalblarda yuksak insoniylik fazilatlari bir umrlik kurtak yozishidan xabardormisiz? Jamiki muammolarning adolatli yechimi shu xazinada ekanliginichi? Buyuk allomalar kitoblar jamiyatni ne-ne balolardan qutqaradi, deb bejiz aytishmagan. “Oʻqigan kitoblaringni ayt, men senga kimligingni aytaman”, deyish ham mumkin.

Alisher Navoiyning “Mahbub-ul-qulub” asarini mutolaa qilgan kishining koʻz oʻngida quyidagi satrlar hazratning pok qalbi, maʼnaviy-ruhiy olamini tiniq namoyon etadi: “Goh haqorat va mashaqqat vayronasi xarobasida boʻkirib yigʻladim va goh boylar boʻstonida izzat koʻrib, anjuman tuzdim..., goh ilm madrasalarida kavush qatorida yer tutdim, goh ulamo majlisida ilm nuridan koʻnglimni yorutdim. Goh taqvodorlar majlislarida alar qadami yetgan yerga yuz qoʻydim, bosh egish koʻpligidan manglayim terisin soʻydim, qonatdim... Va goh pastkashlar, nokaslar oldida beeʼtiborligʻ koʻrdum... Va goh sultonlar kelishmovchiligida oraga kirdim, janjallarini tinchitishga qaror berdim. Ularni kelishtirdim. Goh urush maʼrakasiga oʻzumni soldim va nodonlik tuhmatin boʻynimga oldim”.

Butun umrini ilm-maʼrifatga bagʻishlagan fidoyilar bor. Ular oradan asrlar, davrlar oʻtsa-da, quyoshdek nur sochib turgan kitoblar borligi uchun ham shunday qilishgan.

Turkiyaning Diyorbakr shahrida tavallud topgan Ali Amiriy ismli yigit yoshligidan ana shunday kitoblar mutolaasiga beriladi, nodir kitoblarni yigʻishdan toʻxtamaydi. U bamisoli oltin xazina izlayotganday, hayotining asl maʼnosini kitobsevarlikda koʻradi.

Kunlarning birida Ali Amiriyning boshiga omad qushi qoʻnadi: kitoblar sotiladigan rastalardan birida oʻzi bilmagan holda Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” kitobini 33 liraga sotib oladi. Keyinchalik, bu yangilikdan ayrimlar xabar topadi. Ular Ali Amiriydan ushbu kitobni katta pul evaziga sotib olishga harakat qilishadi. Ammo Amiriy koʻnmaydi. Hikoya qilishlaricha, vengriyalik elchi Amiriyga ushbu kitob uchun naqd 10 ming oltin tanga berishga roziligini aytadi. Fransiyalik olim Parijning qoq markazida qurilgan hashamatli saroyni vaʼda qiladi. Ali Amiriy har ikki taklifga ham koʻnmay, ularga: “Men Vatanning noyob xazinasini pulga sotadigan xoin emasman”, deydi. Hukumat unga 300 oltin tanga joʻnatganida, bu pulni mamlakatning och-nahor yashayotgan fuqarolariga boʻlib berish kerakligini aytadi.

Tabrizlik Shayx Ali ismli mashhur musavvir Jahonshoh uchun “Xusrav va Shirin” devoniga suratlar chizadi. Ish yarimlab qolganida shoh oʻzi uchun dunyoda tengsiz kitob yaratilayotganidan behad xursand boʻladi. Ammo koʻnglida: “Bu musavvir mening azaliy raqibim boʻlmish Uzun Hasanga ham shunday goʻzal kitob yaratib berishi mumkin-ku”, degan xavotir paydo boʻladi. “Kitob bitishi bilan Shayx Alining koʻzini koʻr qilish kerak...”, deydi.

Shoh mulozimlariga tegishli topshiriq beradi. Bundan musavvir xabar topadi, ammo u hech nima boʻlmaganday, ishini davom ettiraveradi. Kitob bitgach, shoh yovuz niyatini amalga oshiradi. Biroq bu ishidan hech qanday natija chiqmaydi. Soʻqir musavvir Uzun Hasanga xotirasi asosida yanada goʻzal kitob tayyorlaydi. Bundan ilhomlangan Uzun Hasan Jahonshohga qarshi qoʻshin tortadi, raqibini magʻlub etib, uning noyob kitobini qoʻlga kiritadi.

Tarixda kitoblar bilan bogʻliq ibratli misollar koʻp. Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi Ali Qushchi ustozi toʻplagan noyob kitoblarni johillardan saqlab qolish uchun ne koʻylarga tushganini yaxshi bilamiz. Mavlono Jaloliddin Rumiy dafn etilgan Koʻnya shahrida kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi bir sahhobga odamlar mamlakatning turli shaharlardan qoplarda kitoblar olib kelishar ekan. “Men qoplarning ogʻzini ochayotganimda, ajabo, bu gal uning ichidan qanday kitob chiqar ekan-a“, deya chimildiqda kelinchakning yuzini ochayotgan kuyovdek hayajonlanar edim”, der ekan shu sahhof.

Asil kitoblar inson ong-shuuridagi maʼnaviy chanqoqlikni qondiradigan barhayot chashmalardir. Taassufki, sobiq tuzum sharoitida bu xazina boshiga ham koʻp talafotlar tushdi. Alloma ajdodlarimiz qalamiga mansub son-sanoqsiz nodir qoʻlyozmalar yoʻq qilindi, olovga tashlandi, yerga koʻmildi. Keyin... bu xatoni yana takrorladik. Kutubxonalarni shoʻro tuzumi mafkurasi bilan bogʻliq kitoblardan tozalash shiori ostida jahon adabiyotining durdona asarlari ham yigʻishtirib olindi, qoplarga joylab makulaturaga topshirildi. Bu tadbirni ortigʻi bilan bajargan ayrim shovvozlar bugun endi milliy tuygʻu, maʼnaviyat, kitobxonlik madaniyati xususidagi maʼrifiy tadbirlarda bexijolat ishtirok etmoqdalar.

Oqsoqol yozuvchilarimiz umr boʻyi toʻplagan kitoblarning taqdiri yanada achinarli boʻldi: kitob mutolaasiga oʻrgatilmagan nabiralar uchun Charlz Dikkens, Jek London, Emil Zolya, Tomas Mann, Jovanni Bokachcho, Gi de Mopassan, Fyodor Dostoyevskiy, Anton Chexov, Nikolay Gogol, Ivan Bunin, Ivan Turgenev kabi adiblarning asarlari ortiqcha matoh boʻlib qoldi. Ularning oʻrnini usti yaltiroq, ichi qaltiroq narsalar egalladi.

Shularni oʻylab, kitob javonimda turgan “Zardusht tavallosi”ga qoʻl choʻzaman: “Zardusht aytdi: “Men (odamlarga) qoʻshqoʻllab tortiq qilish va saxovat yogʻdirishni istayman, toki odamlarning aqllilari oʻz telbaliklaridan quvonib yursinlar, qashshoqlari oʻz boyliklaridan shodu xandon oʻlsunlar”. Pir Zardushtga dedi: “Sen (odamlarga) tortiq qilmoqchi boʻlsang, sadaqadan ortiq tortiq qilma...” Zardusht javob berdi: “Yoʻq, men sadaqa bermayman, sadaqa beradigan darajada qashshoq emasman... Yaratuvchi oʻz oʻrogʻini yaxshi charxlaganlarni axtaradi... Men hosil oʻrguvchilar va bayram qilguvchilarga qoʻshilgim, ularga kamalakni koʻrsatgim keladi, komil odamga yetaklovchi pillapoyalarni koʻrsatgim keladi ularga...”

Bu ulugʻ niyatdan koʻngil daftarimda ajib jumlalar paydo boʻladi: “Dunyo – oʻrib olinadigan hosil. Qoʻlingda oʻrogʻing, yoningda qayroqtoshing boʻlsin. Qayroqtoshing boʻlmasa, uni tilingda oʻtkirla, diling bilan qayra, ong-shuuring bilan kuchlantir, fahm-farosat ila shunday qilsang, u yanada keskir, koʻruvchan va shijoatli boʻladi”.

Yoʻlda borayotgan biri kishi tasodifiy hamrohiga: “Kimni uygʻotish qiyin?” degan savol beribdi, ammo undan: “Oʻzini uxlayotganga solib yotgan kishini”, degan javobni ololmabdi. Ha, shunday. Bunday odamning jismi uygʻoq, ammo fikri botqoqqa qorishgan boʻladi. Bunday “uyqu” umrni isrof qiladi. Uygʻoq odam, “tavallo”da aytilganidek, “xuddi dengizdek yashaydi, dengiz toʻlqinlari uni koʻtarib yuradi, harakatda ushlab turadi”. Buni ham kitobdan oʻqiganman. Uygʻoq odam – mutolaa qilayotgan, fikrini charxlayotgan odam.

Moziyshunos Qosimjon Sodiqovning “Toshni tiriltirgan bitiklar” sarlavhali maqolasida Yoʻllugʻ tigindan qolgan ikki qadimiy toshbitik haqida gap boradi. Xoqon butun turk ulusini, kelajak avlodni oʻz soʻzlariga quloq tutmoqqa undaydi: “Soʻzimni tugal eshitgil, keyinimdagi ini, jiyanim, oʻgʻillarim, ittifoq, urugʻim, xalqim, oʻngdagi shadapit beklar, soʻldagi tarxonlar, buyruq beklar, oʻttiz... toʻqqiz oʻgʻuz beklari, xalqi, bu soʻzlarimni yaxshilab eshit, diqqat bilan tingla – xoqoningdan, beklaringdan, yeringdan, suvingdan ayrilmasang, turk xalqi, albatta, ezgulik koʻrajaksan, uyingga kirajaksan, betashvish boʻlajaksan”.

Bitik muallifi turkiy ulusga oʻtmishni eslatib, undan saboq olish, yov hiylalariga hamisha hushyor turish zarurligini uqdiradi. Oradan necha asrlar oʻtganiga qaramay, bu nasihat bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Oʻz yeriga, tabiiy boyliklariga oʻzi egalik qiladigan, yoʻli va taqdirini oʻzi belgilaydigan, ertasini koʻra oladigan xalq chin maʼnoda ozoddir va u buyuk kelajakka musharraf boʻlgʻay. Buning uchun, nafaqat bizga, jamiki insoniyatga Kitob deb nomlanmish ulugʻ ixtiro yordamga keladi.

Millatning maʼnaviy-ruhiy dunyosini kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Qadim-qadimdan ilm-maʼrifatga, ziyoga intilgan, koʻp muammolarni zehniy idrok, qalb shijoati bilan hal qilgan xalqmiz. Dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlarning birlamchi sababi kitob mutolaasi ekanini unutmagan elmiz. Shu bois bugun – uchinchi Uygʻonish poydevorini yaratish harakatida madaniy va huquqiy savodxonlikni oshirish, ilmga qaytish, dunyo tamadduni tarixidagi tabarruk oʻrnimizni yanada baland pogʻonaga koʻtarish bosh maqsadimiz boʻlib turibdi. Poytaxtdan peshma-pesh yoʻlga chiqayotgan maʼnaviyat karvonlari mamlakatimizning chekka hududlarigacha yetib bordi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yil boshidan beri 70 ming nusxadan ortiq badiiy kitoblar kitobxon oilalar, mahallalar, maktablar, bolalar uylari, sihatgoh, oromgoh va boshqa jamoalarga yetkazib berildi. Taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, teatr va kino sanʼati ijodkorlari muxlislar huzurida boʻlib, ular bilan dildan suhbat qurishdi. Badiiy adabiyot, kino, teatr sohasidagi yutuqlar bilan birga, mavjud kamchiliklar roʻy-rost tilga olindi. Turli kasb egalari televideniye orqali namoyish etilayotgan xorijiy seriallar xususida fikr bildirib, ularda yoshlar yomon maʼnoda oʻrnak oladigan salbiy epizodlar koʻpligini taʼkidladilar.

Oʻzaro fikr almashinilgan uchrashuvlarda yozuvchilar, dramaturglar, teatr va kinoshunoslarga bugungi hayotimiz, turmush tarzimiz, maʼnaviyatimiz bilan bogʻliq qiziqarli takliflar, yangi-yangi mavzular, hayotiy syujetlar aytildi. Koʻpchilikning fikricha, xususiy nashriyotlarda masʼuliyatsizlik bilan chop etilayotgan koʻplab kitoblarning badiiy saviyasi talab darajasida emas. Tarix yoʻnalishi boʻyicha yozilayotgan ayrim asarlarga bu sohadan yiroq kishilarning masʼul muharrir, taqrizchi boʻlayotgani ajablanarlidir. Noxush hollardan yana biri – ayrim shovvozlar oʻz vaqtida isteʼdodli tarjimonlar oʻzbek tiliga qoyilmaqom qilib oʻgirgan mashhur asarlarni u yer-bu yeriga “qalam” urib, baʼzi hollarda oʻrinsiz tuzatish va toʻldirishlar kiritib, mualliflik huquqini buzgan holda oʻz nomlaridan chop ettirmoqdalar.

Maʼrifiy uchrashuvlar jamiyatimizning barcha qatlamlarida ijodiy, ijtimoiy fikr qayta ildiz otayotgani, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish mamlakatda umumxalq harakatiga aylangani, yoshlarda millat va mamlakat tarixiga, bugungi va ertangi kunimizga dahldorlik hissi kuchayayotgani, adabiyot, sanʼat, ilm-fan, zamonaviy texnologiya bogʻlarida yangi nihollar boʻy choʻzayotganidan dalolat bermoqda. Maʼnaviy xazina atalmish hazrati Kitob bu yoʻlda bizga bundan keyin ham hamroh boʻladi.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist