Qishloq odamlari barvaqt uyg'onadi. Xo'roz qichqirar mahaldan kundalik yumushlar boshlanadi. Sherzod aka ham erta tongda uyg'onib, hovliga chiqdi. O'g'li kecha tomorqa erini ag'darib qo'yibdi. Sherzod aka erni chamalab, u boshidan bu boshigacha borib keldi, so'ng chetdagi daraxtga suyangancha, keng hovliga tikilib, o'zicha nimalarnidir chamalay boshladi. Erning bir qismiga kartoshka eksa, yana ikki qismi bo'sh qolyapti. Qo'liga cho'p olib, rejasini erga chiza boshladi. Shu payt darvoza tomondan kimningdir chaqirgan ovozi o'yini bo'lib yubordi.

Darvozani ocharkan, yoshroq, ammo ko'rinishidan anchagina bilimli ko'ringan yigit qo'lida qog'oz-qalam bilan turardi. O'zini hokim yordamchisi  Bobomurod Pardayev, deb tanishtirarkan, avvalo, Sherzod aka bilan yaxshilab so'rashgach, Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir mahallada ish boshlagan hokim yordamchisi aslida nima bilan shug'ullanishi borasida gapira ketdi. Sherzod akaning yuzida tabassum paydo bo'ldi.

— E, ha, keling-keling. Ayni vaqtida keldingiz-da. Har bir mahallada hokim yordamchisi ish boshlagani haqida eshitgandim. Shu desangiz, hozirgina bir-ikkita ishni rejalashtirib, o'ylanib o'tirgan joyim...

— Sherzod aka, oila boshlig'i siz bo'lsangiz kerak. Hozir, birinchi navbatda, biz xatlov ishlarini olib boryapmiz. Shu bois, ba'zi savollarimizga javob bersangiz, men yozib olsam.

Hokim yordamchisi savollariga javob olgach, oxirida bu oilaga tegishli qancha ekin maydoni borligi haqida so'radi. Oila boshlig'i 20 sotix bo'sh er mavjud ekanini aytdi.

— Bu erdan qanday foydalanmoqchisiz, SHerzod aka?

— Hozirgina, siz kelmasingizdan oldin, shuni o'ylab o'tirgandim. Ozroq erga kartoshka ekishni maqsad qilyapman. Qolganiga boshim qotgan. O'g'lim hovlining bir chetida hovuz qilib, baliq boqsak, deganday bo'ldi. Baliq qanday bo'larkin, deb o'ylayapman.

— Yaxshi. Aka, oilada o'zingiz va ikki o'g'lingiz bor ekan. Shuncha suvli er maydoningiz bo'la turib, shu paytgacha faqat mavsumiy ishlab kelgansiz. Birinchi navbatda, bunday unumdor, suvli erdan samarali foydalanish kerak. O'g'lingiz baliq boqishga qiziqayotgan ekan, buning ham imkoni bor. Menda hovlida kichikroq suv havzasi qurish, unda qaysi baliq turini etishtirish borasida zarur ma'lumotlar bor. Qolaversa, baliq chavoqlarini olishda ham yordam beramiz. Ikkinchi navbatda, eshitgan bo'lsangiz, mahallamizga yaqin joyda Azamat aka dorivor gul etishtirish bilan shug'ullanadi. Siz Azamat aka bilan tegishli shartnoma tuzasiz, u kishi gulxayri, dorivor valeriyana urug'i va ko'chatlarini sizga etkazib beradi. Hosil pishib etilgach, yana o'zi sotib oladi. Bir sotix erdan 20-25 kilo gulxayri olish mumkin. Uning 1 kilosini 65-70 ming so'mdan sotasiz. Demak, kamida o'n sotix joyga eksangiz, o'rtacha 7-8 million so'm daromad topasiz. Dorivor valeriyananing esa faqat tomiri dorivor hioblanadi. Uning ildizi namligida kilosi 4 ming so'mdan sotib olinadi. Bir sotix erdan o'rtacha 450-500 ming so'm daromad qilsa bo'ladi.

Bu takliflarni eshitgan Sherzod akada qiziqish uyg'ondi. Hokim yordamchisidan dorivor o'simliklar ekish uchun tadbirkor bilan shartnoma tuzish hamda 7 million so'm kredit olishda ko'mak berishini so'radi. Bobomurod bunda muammo bo'lmasligini aytib, daftariga yozib qo'ydi va keyingi xonadon sari yo'l oldi.

Sherali aka xonadonida qishki mavsumda qo'ziqorin etishtirish yo'lga qo'yilgan ekan. Bu ish bilan o'zi, turmush o'rtog'i va onasi band. O'rtacha hisobda oyiga 2,5 million so'm daromad oladi. Lekin hali foydalanilmay turgan imkoniyatlar ham bor. Qolaversa, qo'shnilarga ham bu tajribani o'rgatish zarur. Shunda qo'ziqorinlarga ulgurji xaridor topish mumkin bo'ladi.

Hokim yordamchisi uy egasi bilan suhbatda kamchilik bo'lsa, qo'lidan kelganicha yordam berishini aytib, Sherali akani yana to'rtta qo'shnisiga qo'ziqorin etishtirish bo'yicha kerakli yo'l-yo'riqlarni berib borishga ko'ndirdi.

Navbatdagi hovlida ham ish qizg'in. Rashid Qodirov tomorqasidagi ikkita issiqxonaga pomidor va bodring ekishga hozirlik ko'rilmoqda. Hovli chetida 10 sotixlik baliqxona tashkil etilgan. Birgina shu tomorqada Rashid boboning to'rt farzandi va to'rt kelini, ikki qo'shnisi — jami o'n kishi ish bilan ta'minlangan.

Yaqinda 60 tup limon ekib, yangi issiqxona qurish harakati boshlangan. Bunga ham mablag' kerak. Hokim yordamchisining bu oilaga tashrifi barakali kelib, Rashid bobo 30 million so'm kredit olishni rejalashtirayotganini bildirdi. Bu masala ham tezda hal etiladigan bo'ldi.

Hasan aka Sabriddinov oilasi asalarichilik bilan shug'ullanadi. Oila a'zolari va qo'shnilardan iborat 12 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan.

— 2020-yilda 60 million so'mdan ortiq daromad olgan bo'lsak, 2021-yilda foydamiz 100 million so'mdan oshdi, — deydi Hasan aka. — Izlagan imkon topar deganidek, harakatlarimiz zoe ketmadi. Shuning orqasidan yangi mashina oldik, o'g'limni uylantirdim. Mehnat qilgan kam bo'lmaydi. Nasib etsa, bu yilgi daromadni 400 million so'mdan oshirmoqchimiz.

Hokim yordamchisi buni eshitib, paytdan foydalanib qoldi. Daromad yanada oshishiga tilak bildirib, Hasan akani kamida beshta xonadonga asalarichilikni rivojlantirishga ko'mak berishga ko'ndirdi. Xonadon egasi ham dangal ekan, har bir xonadonda o'n qutidan asalari etishtirib, ularni bu ishga o'rgatishga va'da berdi.

Qamashi tumanidagi “Qo'shkapa” mahalla fuqarolar yig'inida ish boshlagan hokim yordamchisi Bobomurod Pardayev kechga tomon bir kunlik ishini yigirmanchi xonadonga kirish bilan yakunladi. U kun davomida olgan so'rovnomalarini tahlil qilib, mahalladagi “o'sish nuqtasi”ni aniqladi.

Qisqa vaqtda dorivor o'simliklar bilan shug'ullanuvchi tadbirkor bilan shartnomalar soni yanada ortishini taxmin qildi. Hozirgacha gul etishtirish istagida bo'lgan xonadonlar soni 200 ga yaqinlashdi. Demak, mahalladagi 1116 xonadonning 200 ga yaqini kelgusida o'z-o'zini band qiladi. Qolgan xonadonlarning 30 foizga yaqini ish bilan ta'minlangan.

Hokim yordamchisi ertangi kun tartibini rejalashtirar ekan, eng avvalo, mahalla odamlarining intiluvchanligi ortgani, hayotga qarashi o'zgargani ko'z oldidan o'tdi. Albatta, muammolar bor, echimini kutayotgan masalalar turibdi. Lekin bugungi kuni sarhisobidan ayon bo'ldiki, kamchiliklarning barchasiga echim topish mumkin. Faqat birgalikdagi sa'y-harakatlar bardavom bo'lsa, bas.

Akbar RAHMONOV,

jurnalist