Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish boʻyicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi.
Odamlar kayfiyatiga taʼsir qilayotgan masalalar boʻyicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli masalalar boʻyicha takliflarni Hukumatga kiritadi.
Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Koʻtarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.
Xalq qabulxonalariga murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish vakolati beriladi.
Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash boʻyicha davlat idoralari reytingini yoʻlga qoʻyish va har olti oyda eʼlon qilib borish topshirildi.
Bosh prokurorning komplayens boʻyicha oʻrinbosari oldiga bu boradagi barcha topshiriqlar ijrosini qatʼiy nazoratga olish vazifasi qoʻyildi.