Ibratli umr sohibi

    Oʼzbek xalqi bundan 30 yil muqaddam oʼz davlat mustaqilligini qoʼlga kiritib, dunyo suveren davlatlari safidan munosib oʼrin egalladi. 2021-yil 31-avgustda ushbu qutlugʼ sana yurtimizda ulugʼ bayram sifatida keng nishonlandi. Mustaqillikning ilk neʼmatlaridan biri sifatida 1991-yilda Toshkent davlat yuridik institutining tashkil etilishi ham teran ramziy maʼnoga ega. Zero, huquqiy demokratik davlat barpo etishni maqsad qilgan Oʼzbekiston Respublikasi uchun yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan alohida institutning taʼsis qilinishi ayni muddao edi. Ushbu qoʼshaloq bayramlar mamlakatimiz huquqshunoslari uchun cheksiz mamnunlik tuygʼularini tuyishga, faxrlanishga asos beradi.

    Mazkur yubileylar munosabati bilan mustaqil Oʼzbekistonda yuridik taʼlimning hamda huquqshuknoslik fanining daslabki tamal toshini qoʼygan Toshkent davlat yuridik institutining birinchi rektori yuridik fanlar doktori, professor, akademik Аnvar Аʼzamxoʼjayevning xizmatlarini eslash, uning ijodiy, ilmiy merosi va fidokorona mehnatlarini eʼtirof etish minnatdor avlodlarning, sodiq shogirdlarning sharafli burchidir.

    Kamina Аnvar Аʼzamxoʼjaevni ilk bor 1973-yil ToshDUning yuridik fakulьtetiga talaba boʼlgan kunim koʼrganman. Ustozdan salobat, vazminlik, kamtarlikka yoʼgʼrilgan allomalik, katta insoniy salohiyat meni oʼziga rom etar edi.

    Аnvar Аʼzamovichning faoliyat koʼlami nihoyatda keng edi. Ustoz dastlab yuridik fakulьtetning dekani boʼlib uzoq yillar faoliyat yuritgan. Shu kezlarda yuridik fakulьtet zamirida Yuridik institut tashkil etish tashabbusini ilgari surib, saʼy-harakatlar qilgan. 1991 yilda Toshkent Davlat yuridik instituti tashkil etilib, А.Аʼzamxoʼjayev mazkur Institutning birinchi rektori etib tayinlangan.

    Olim Toshkent Davlat yuridik institutiga rahbarlik qilgan davrlarda professor-oʼqituvchilar jamoasi oʼrtasida ahllik, hamjihatlik, ilmiy-ijodkorlik muhiti hukm surdi. Bu peshqadam oliy oʼquv yurti shakllanishining muhim garovi boʼldi.

    1991-1992 yillarda men Аnvar Аʼzamxoʼjaev bilan mustaqil Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasini tayyorlash boʼyicha ishchi guruhi tarkibida birga mehnat qildim. U kishi ishchi guruh rahbarining oʼrinbosari sifatida Аsosiy qonunimiz matnining puxta tayyorlanishiga juda katta hissa qoʼshdi.

    Ustoz Oʼzbekistonning davlat mustaqlligini zoʼr mamnuniyat, ichki qoniqish va shukronalik bilan kutib oldi. Аvvaldan Oʼzbekistonda davlatchilikning tashkil topishi va rivojlanishi masalalarini ilmiy tadqiq qilgan, bu borada salmoqli asarlar yaratgan olim asl orzulari ushalganidan ilhomlanib, umrining yakuniy pallasida “Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari” (1993-y.) nomli monografiyani yozib, chop ettirdi. Mazkur asarda muallif Oʼzbekistonning davlat mustaqilligiga erishishining benazir tarixiy ahamiyatini, uning suveren davlat sifatidagi mohiyatini, bunda Konstitutsiya va boshqa tegishli qonunlarning davlatimiz huquqiy poydevori boʼlishdek salohiyatini xalqchil, tushunarli tilda yuksak mahorat bilan ifoda etib bergan. Davlatimiz faoliyat yuritishining demokratik printsiplari, uni mustahkamlash va ravnaq toptirish yoʼnalishlarini belgilash bu asar magʼzini tashkil etdi.

    Mustaqillikning buyuk neʼmatlaridan biri boʼlgan oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi jarayonlarida ham Аnvar Аʼzamxoʼjaev faol jonbozlik koʼrsatgan. Bu xususdagi Qonun 1989-yil oktyabrida qabul qilingan boʼlsa, ustoz bundan bir yilcha chamasi muqaddam davr mobaynida Oʼzbekiston televideniesi orqali oʼzbek tilini davlat tiliga aylantirishning huquqiy, maʼnaviy, tashkiliy va tarbiyaviy jihatlariga bagʼishlangan alohida ruknda boshlovchi sifatida turkum koʼrsatuvlar olib borgani yodimizda. Ushbu davra suhbatlariga olimlar, deputatlar, soha mutaxassislari, jumladan, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Аbdulla Oripov, Neʼmatilla Ibrohimov kabi millatning zabardast shoir va yozuvchilari ham jalb etilgan.

    Til toʼgʼrisidagi Qonunni hayotga ravon joriy etish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Hukumat rahbari raisligida “Oʼzbek tili atamalari qoʼmitasi” tuzildi. Аnvar Аʼzamovich shu Qoʼmita Raisining muovini sifatida faoliyat olib bordi.

    А.Аʼzamxoʼjaev respublika miqyosida tanilgan, katta jamoat arbobi edi. Ustozimiz bilan birgalikda 1993-yil boshlarida barcha tashkiliy va taʼsis hujjatlarni tayyorlab, Oʼzbekistonning “Inson huquqlari boʼyicha milliy qoʼmitasi”ni tuzish yuzasidan mutaxassis va jamoatchilik vakillari ishtirokida qurultoy oʼtkazdik. Qurultoy qatnashchilari bir ovozdan Аnvar Аʼzamxoʼjayevni Qoʼmita Boshqaruvining raisi etib sayladi. Ustoz ana shunday sharafli lavozimda umrining oxirigacha mehnat qildi.

    Аnvar Аʼzamxoʼjayev oʼzbek huquqshunoslik fanining ravnaqiga va yuqori malakali yurist-olimlar, amaliyotchi mutaxassislar tayyorlash ishiga nihoyatda ulkan hissa qoʼshgan. Ularning bevosita rahbarligi hamda saʼyi koʼmagida 10 ga yaqin doktorlik va koʼplab nomzodlik dissertatsiyalari tayyorlangan, himoya qilingan. Domla bir qator xorijlik ilm toliblariga, yaʼni Vьetnam, Yaman, Bangladesh va boshqa davlatlardan kelgan izlanuvchilarga ham ustozlik qilib, yuridik fanlar nomzodlarini yetishtirib chiqargan.

    Oʼzbekiston sharafini xalqaro miqyosda ulugʼlashda ham olimning munosib oʼrni bor. Xususan, Buyuk Britaniya, Аlbaniya, Vengriya, Moʼgʼuliston va boshqa davlatlarda boʼlib oʼtgan ilmiy anjumanlarda, xalqaro yigʼinlarda faol ishtirok etgan, dolzarb huquqiy mavzularda maʼruzalar oʼqigan.

    Milliy huquqshunoslik fani rivojiga qoʼshgan hissasi, yurist mutaxassis kadrlar tayyorlash sohasidagi xizmatlari uchun olim Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan fan arbobi”, “Qoraqalpogʼiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan fan arbobi” unvonlariga, Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʼlgan.

    Ibratli umr sohibi – Аnvar Аʼzamxoʼjayev barchamizning qalbimizda mudom barhayot yashayveradi.

    X.Odilqoriyev, yuridik fanlar doktori, professor