Ibrohim Abdurahmonov: “Bu sohada «yoʻq” degan soʻz ishlatilishi nooʻrin!»

    Suhbat 28 Oktabr 2020 70768

    Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov oʻzi rahbarlik qilayotgan tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy hamda innovatsion loyihalar, InnoWeek haftaligi, rahbarlikning xarakter va ilmiy faoliyatiga oʻtkazgan taʼsiri haqida soʻzlab berdi.

    – Ibrohim Yoʻlchiyevich, siz rahbarlik qilayotgan vazirlikning tashkil etilganiga ham qariyb 3 yil boʻldi. Oʻtgan vaqt ichida vazirlik innovatsiyalar sohasida nimalar qilishga ulgurdi?

    Ochigʻi, men qilingan ishlarni emas, qilinishi lozim boʻlgan ishlar haqida gapirishni yoqtiraman. Ammo shunday boʻlsa-da, savolingizdan kelib chiqib faoliyatimizga doir qisqacha maʼlumot bermoqchiman.

    Avvalo, ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiyalarni iqtisodimiz va ijtimoiy hayotga joriy etish uchun normativ-huquqiy baza yaratildi. Yurtimiz tarixida ilk bor “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” hamda “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

    Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan olimlarning mavqei, obroʻyi va akademik legitimligi oshirildi.

    Xususan, maxsus dastur doirasida 40 dan ortiq ilmiy tashkilotlarga ilmiy asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 32 million AQSH dollari, ularning bino va inshootlarini kapital taʼmirlash uchun 119 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar yoʻnaltirilib, bunda barcha asbob-uskunalar parkini yangilash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Olimlarimizning ishlanmalarini iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish, tijoratlashtirish muammosini yechish maqsadida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha amaliy mexanizmlar joriy etildi. 100 ming AQSH dollari miqdoridagi Ilmiy-texnik ishlanmalarni tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasi tashkil etildi. Har bir olimga yo ilmiy jamoaga oʻz ishlanmalari doirasida tijorat bilan shugʻullanish, daromad olishga qaratilgan platforma yaratildi. Olimlar oʻzi yaratgan ishlanmasi doirasida alohida tijorat kompaniyasi tashkil etishi, litsenzion yoki boshqa tijorat shartnomasi bilan ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin. Bunda tijoratlashtirishdan tushgan mablagʻlarning 40 foizi muallifga, 30 foizi ilmiy jamoaga taqsimlash nazarda tutilgan.

    Natijada, “olim-bank-tadbirkor” uchligi ishtirokida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish doirasida umumiy qiymati 149,5 mlrd. soʻm boʻlgan loyihalar tayyorlandi, ishlab chiqarilgan ilmiy sigʻimkor mahsulotlar hajmi 62 mlrd. soʻmdan oshdi. Hozirda, 130 dan ortiq ishlanmalar tijoratlashtirish jarayonida.

    Ilk bor mamlakatda startap ekotizmi yaratish ishlari boshlanib, startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, umumiy qiymati 31,5 mlrd. soʻmlik 34 ta startap loyihalar moliyalashtirildi va raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tashkil etildi. Oʻzbekistondagi ilk ilmiy loyihalar akseleratori – C.A.T. Science Accelerator tashkil etildi.

    Shuningdek, yetakchi xorijiy markazlarda yosh olimlarning stajirovkalari muntazam tashkil etilmoqda. Hozirga qadar 300 nafar yoshlar xorijiy stajirovkaga joʻnatildi. Bu esa oʻtgan yillarga nisbatan 4 barobar koʻpdir.

    – Vazirlik yil davomida muntazam oʻtkazib kelayotgan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlariga koʻproq qaysi sohaga taalluqli loyihalar kelib tushmoqda?

    Joriy yilda moliyalashtirilgan ilmiy loyihalarni tahlil qiladigan boʻlsak, eng koʻp moliyalashtirilgan soha qishloq xoʻjaligi, veterinariya va atrof-muhit muhofazasi fanlari boʻyicha boʻlib – jami 12 ta loyiha, umumiy 15,3 mlrd. soʻm miqdorida moliyalashtirilgan. Ikkinchi oʻrindagi farmakologiya va farmatsevtika yoʻnalishi boʻyicha jami 7 ta loyihaning umumiy moliyalashtirish hajmi 8,2 mlrd soʻmni tashkil etadi. Kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar fanlari boʻyicha jami 8 ta loyiha umumiy 7,7 mlrd soʻm miqdorida moliyalashtirildi.

    Texnika, iqtisodiyot, huquq, tibbiyot, qurilish, axborotlashtirish va AKTni rivojlantirish, filologiya, pedagogika va shu kabi boshqa fanlar roʻyxatning keyingi oʻrinlaridan joy egallagan.

    Eʼtiborlisi, endilikda ajratilayotgan mablagʻlar olimlarning ish haqidan tashqari ijrochi tashkilotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham yetadi.

    – Sizningcha, hozir qaysi sohalarda innovatsion gʻoya va loyihalarga ehtiyoj yuqori?

    Yurtimizda qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika, qurilish, transport va energetika sohalarida yangi ishlanmalarga ehtiyoj juda yuqori. Bu sohalarni fundamental asoslari sifatida matematika, kimyo-biologiya, geologiya yoʻnalishlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratganmiz.

    Boisi azaldan mazkur sohalarda ilmiy maktablarimiz mavjud boʻlgan, hozir ham ular saqlanib qolgan. Mana shu sohalarda dunyoga tanilgan olimlarimiz yaratgan maktablar asta-sekin yoʻqolib borayotgani sababli ularni tiklash, ularni yana-da rivojlantirish vazifamizdir.

    Endi matematika sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, amaliy matematikani rivojlantirish va iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlarni ishlab chiqishga ahamiyat qaratiladi. Matematika – raqamli iqtisodiyotning asosi, raqamli texnologiyalar esa barcha sohalarning rivoji uchun zarur. Raqamli iqtisodiyot, oʻz navbatida, shaffoflik va oshkoralikni taʼminlaydi, korrupsiyaning oldini oladi. Kimyo yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining mavjud ilmiy yoʻnalishlari tarmoq korxonalari ehtiyojlari va bozor talablaridan kelib chiqib, rivojlantirilmoqda. Bunda kalloid kimyosi, rangli va noyob metallar kimyosi, silikat materiallar kimyosi kabi ilmiy yoʻnalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

    Hozirgi kunda biotexnologiya ilm-fanning eng istiqbolli va iqtisodiy samaradorligi yuqori sohasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Ekspertlar fikricha, 2025-yilga kelib, jahonda biotexnologiya mahsulotlari bozori qiymati 2 trln. AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Biotexnologiya sanoatida investitsiyalarning joriy oʻsishi esa 32 foizni tashkil etadi. Shulardan kelib chiqqan holda Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda agrobiotexnologiyalar, oziq-ovqat, shu jumladan, fudomiks, biotibbiy va farmbiotexnologiyalari yoʻnalishlarini kompleks rivojlantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, geologiya sohasidagi loyihalarni moyaiyalashtirish hajmini oshirish, amaliy loyihalar qatorida fundamental loyihalarga ham eʼtibor qaratishni rejalashtirganmiz.

    – Kelgusi oyda InnoWeek haftaligi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu galgi haftalik dasturida avvalgilariga nisbatan qanday oʻzgarishlar mavjud?

    Bu tadbirimiz uch yildan beri oʻtkazib kelinmoqda. Ammo bu yil InnoWeek ilk bor onlayn tarzda tashkil etiladi. Buning sababi global pandemiya. Odatda, global pandemiyaning salbiy jihatlari haqida gapiramiz, lekin uning ijobiy jihatlari ham bor. Bulardan eng koʻzga tashlanganlari – raqamlashtirish jarayonlarining tezlashishi, onlayn platformalarning rivojlanishidir. InnoWeek-2020 aynan mana shu rivojlanishni namoyon etadi.

    InnoWeek onlayn tarzda oʻtishining yana bir ijobiy tomoni – unga dunyoning istalgan burchagida yashovchi odam, xohlagan vaqtda platformaga kirib, ishlanmalar bilan tanishishi mumkin, haftalik sessiyalarida bevosita ishtirok etish yoki istagan paytlarida yutub kanalidan tomosha qilish imkoniga ega boʻladi.

    Har yili oʻtkaziladigan InnoWeek innovatsion gʻoyalar haftaligini bu yil pandemiya sharoitida onlayn tarzda oʻtkazilishi 3D texnologiyalarni yurtimizda rivojlanishiga hissa qoʻshmoqda, deb umid qilyapman.

    – Sizni dastavval olim sifatida taniganmiz. Davlat tashkilotida rahbarlik qilish xarakteringiz va ilmiy faoliyatingizga qay darajada taʼsir oʻtkazdi?

    Olim kunlik erishgan natijasidan qoniqish hissini tuya olish imkoniyatiga ega boʻlsa, vazirlikdagi rahbarligim koʻp tarmoqli faoliyat olib borishimni taqozo etadi. Tuzilgan rejaning natijasi bir oʻzimga emas, jamoaning salohiyatiga bogʻliq. Fanda tajriba qilib koʻrish va tajribaning boshida oʻzingiz turish imkoniyati bor, boshqaruv tizimda esa aksariyat hollarda xodimlarning istak-xohishi, irodasi va koʻnikmalariga koʻp narsa bogʻliq boʻlib qoladi. Agar ilmda biror natijaga erishmasam, oʻzimdan norozi boʻlaman, boshqaruvda esa birovlardan ham norozilik hissi paydo boʻlarkan. Shu bois ham rahbar boʻlganimdan keyin oʻzimdan qoniqmaslik hissi kuchaydi, desam toʻgʻri boʻladi.

    Ilmdagi menejment gorizontal boʻlib, ilmiy jamoaning rahbari laborant bilan ham, akademik olim bilan ham toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot orqali faoliyat yuritadi, shunda ilmiy faoliyat samara beradi. Davlat boshqaruvida esa gorizontal tizim ishlamaydi. Masalan, vazir oʻrinbosaridan, u boshqarayotgan sektordagi jamoaga toʻgʻridan-toʻgʻri ish buyurishingizni har doim ham toʻgʻri tushunavermaydi. Vazirlik va idoralarda vertikal tizim rivojlangan va jamiyatimiz shunga oʻrgangan. Davlat idorasida vertikal tizimning buzilishi murakkabliklarga olib keladi, vertikal tizimning hamma bosqichlarida noroziliklar paydo boʻladi. Aynan mana shu vertikal tizimga moslashishim qiyin boʻldi...

    Ammo shunga qaramay, vazirlikda ham xuddi laborantlarim bilan oldin ishlagandek, ishchilarim bilan tajriba oʻtkazayotgandek oʻzimni chegaralamasdan hamma bilan ishlashga harakat qilaman. Yana bir jihat, olim ish kunining aksariyat qismini oʻz tadqiqotiga bagʻishlash imkoniyatiga ega. Rahbar boʻlganingizdan keyin turli masalalarni bir paytning oʻzida yechishga toʻgʻri keladi, rejadan tashqari chalgʻituvchi, lekin muhim, tezkor yechim talab qiladigan masalalar juda koʻp boʻladi, bunga darrov moslashish olim uchun juda qiyin.

    Vazir boʻlganimdan beri laboratoriyada ishlashga deyarli nuqta qoʻydim, desam ham boʻladi. Ilmiy maqolalar yozishga ham vaqtim juda kam. Shunday boʻlsa-da, ilmiy faoliyatimni toʻxtatib qoʻyganim yoʻq.

    Haligacha ilmiy monografiyalar yozaman, ular xalqaro ilmiy nashrlarda muntazam chop etilib turadi. Ilmiy faoliyatimdagi katta jarayonni mahkam ushlab turibman, bu – retsenzentlik. Qator ilmiy jurnallarda muharrirlik qilaman. Bu vazirlikning rahbari sifatida dunyo ilm-fanida yuz berayotgan yangiliklardan boxabar boʻlib turish imkonini ham beradi.

    Genomika va bioinformatika markazidagi olimlari bilan uchrashuvlar, ilmiy munozaralarga ham imkon qadar vaqt ajratishga harakat qilaman. Jamoa bilan vaqti-vaqti bilan seminarlar oʻtkazib turamiz. Unda yoʻnalishimizga dunyodagi soʻnggi yangiliklar bilan oʻrtoqlashamiz, sohaga doir dolzarb maqolalarni hech boʻlmasa, telegram orqali muhokamasini qilishni yoʻlga qoʻyganman. Avvallari markazimiz olimlari, doktorantlar, aspirantlarga leksiya oʻqishim tabiiy jarayon edi. Bunga, afsuski, hozir vaqt topishning aslo imkoniyati boʻlmayapti. Negaki maʼruzalarga tayyorgarlik koʻrish kerak, bunga endi sira imkon boʻlmayapti. Ilmiy maqolalar ustida esa hozirda koʻproq shogirdlarim ishlashadi, men maqolaga yoʻnalish berishim, uni tahrir qilish va zamonaviy fan tendensiyalariga moslashtirishim mumkin.

    Yoʻqotishlarim haqida gapirdim, lekin aynan ilm-fan uchun topganlarim ham bisyor. Vazir sifatida hozirda ilmga kengroq qarashga oʻrgandim.

    Ilm-fanni iqtisodiyotimizga, yurtimiz ijtimoiy hayotiga foydasi tegadigan ishlanmalarni yaratishga yoʻnaltirish lozimligini angladim. Olimlarga toʻgʻri vazifa qoʻyish kerakligini tushundim. Misol tariqasida keltirmoqchiman, saraton hujayrasini sogʻlomlashtirish lozimmi yoki aksincha sogʻlom hujayrani saraton hujayrasiga aylantirish kerakmi? Ikkovi ham shu kasallikning qanday kechishishi, nima sababdan yuzaga kelishini ochib beradi. Biroq hozirgi tajribamdan kelib chiqib saraton hujayrasini sogʻlom hujayraga aylantirish vazifasini oldimga qoʻygan boʻlardim, negaki natijaga erishgandan soʻng uni toʻgʻridan-toʻgʻri joriy etish imkoniyati bor, teskari holatda, amaliyotga chiqish uchun yana mehnat qilish lozim boʻlardi. Hozirda har bir eksperiment, har bir ilmiy ish, har bir tadqiqot yurtimizga, xalqimizga foyda keltirish kerak, deb hisoblayman. Va bugungi kunda aynan shu masalaning targʻiboti bilan shugʻullanyapmiz, yaʼni ilmiy faoliyat boshlashdan oldin vazifani aniq belgilash va bunda koʻzlangan natijani amaliyotga joriy qilish imkoniyati yuqori qilib belgilash tizimini joriy qilayapmiz.

    – Internet va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borasizmi va tanqidlarga munosabatingiz qanday?

    Men oʻzi azaldan tanqidga oʻchman. Olimning obyektga, voqealar va jarayonlarga tanqidiy qarash tabiiy holat. Bu ilmiy faoliyatimga ham, ilmiy ishlarni tashkil etish jarayonlariga ham birdek taalluqli. 2011-yili AQSHdan Oʻzbekistonga qaytib, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida ilmiy xodim boʻlib ish boshlaganman. U paytlari bu institutda ilmiy ish qilish uchun sharoit men xohlagandek emasdi. Shunda sharoit yoʻq, ishlamayman, ketaman, deyishdan yiroq boʻlganman. Negaki, bundan osoni yoʻq-da! Men bu holatni qanday yaxshilasa boʻladi, degan savolni oʻzimga qoʻydim. Xonalarni taʼmirlash kerak, ammo bunga pul yoʻq. Maoshmiz hisobidan ham buning uddasidan chiqib boʻlmaydi, chunki oyliklar juda kam. Shunda xalqaro grantlarni jalb qilish masalaning yechimi boʻladi, degan qarorga keldim, shunga harakat qildim. Va xorijiy grant mablagʻlarini jalb qilib, institutda zamonaviy laboratoriya tashkil etildi. Laboratoriya keyinchalik oʻsib, rivojlanib, hukumatimiz eʼtibori tufayli yangi Genomika va bioinformatika markaziga aylangan.

    Rahbar sifatida tanqidlarga ham ijobiy qarayman. Ammo aksariyat hollarda tanqidlar umumiy xarakterga egaligi, tanqid uchun tanqid qilinayotganini kuzatish mumkin. Tanqid qilgan odamda mana shu muammoning yechimi uchun taklif ham boʻlishi kerak.

    Olimlar jamoalariga ham, vazirligimiz jamoasiga ham biror kamchilik, xatoni koʻrsatish bilan birga mana shu muammmoni barataraf etish choralarini ham topish va uni taklif sifatida berish kerakligini bot-bot takrorlayman. Innovatsion sohada “yoʻq” degan soʻzning oʻzi ishlatilishi nooʻrin. Deylik, bir fuqaro qandaydir gʻoyasi, taklifi yoki loyihasi bilan kelgan fuqaroga “yoʻq, boʻlmaydi” deb javob berishimiz kerakmas, balki unga shu gʻoyasini amalga oshirishi uchun qanday ish tutishi kerakligini, nimalarni toʻgʻrilashi lozimligini, qaysi mutaxassislar bilan maslahatlashishi maqsadga muvofiqligini koʻrsatishimiz lozim. Shuning uchun hozirda loyihalarni qayta ishlash imkonini beruvchi yangi tizimni yoʻlga qoʻydik, kamchilik bormi – agar tuzatish va toʻldirish mumkin boʻlsa, bunday imkoniyatni loyiha tashabbuskorlariga beryapmiz. Bu muntazam jarayonga aylanib boryapti.

    Oʻz navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan barcha savollarga javob berishga harakat qilaman. Umumiy tanqidlarga ham ahamiyat berib, ularning yechimini qidira boshlayman.

    – Faol hayot tarzi uchun nimalardan kuch olasiz?

    Yangiliklardan hamisha xabardor boʻlib turish menga kuch bagʻishlaydi. Ilm-fan, boshqaruv sohasida yangi bilimlarga ega boʻlish kundalik charchoqlarni yengishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, oʻzimning xorijlik hamkasblarim, olimlar bilan muntazam ravishda elektron pochta orqali muloqotda boʻlib turaman. Ular bilan muloqot sohadagi yangiliklardan birinchilar qatori xabardor boʻlishimga yordam beradi. Retsenziyalash faoliyatim ham meni ruhlantiradi, kimningdir ilmiy ishining maqola shaklidagi natijasini koʻrish, unga fikr bildirish menga zavq bagʻishlaydi.

    Yana yangiliklarga munosabat bildirishni ham yoqtiraman. Jamiyatimizda, dunyoda boʻlayotgan oʻzgarishlarga, islohotlarga oʻz fikrimni bildirishim menga kuch bagʻishlaydi.

    Shuningdek, bir tomondan, ota-onam bilan doimiy suhbatlar menga dalda beradi, ulardagi shukronalik, ertangi kunga ishonch meni yana-da qatʼiyatli boʻlishga undaydi. Ikkinchi tomondan farzandlarimning oʻsib kamol topayotgani koʻnglimni yoritadi. Farzandlarim hozirda oʻsmir yoshda. Buning ham oʻz tarovati bor ekan. Ular bilan suhbatlar kayfiyatimni koʻtaradi. Bolalarimning men kutmagan intilishlari, rejalari, qilayotgan harakatlaridan quvonaman, ularning shijoati menga ham oʻtadi goʻyo. Ota-onam va oilam meni tushkunlikdan qutqaradi, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

    Nurillo Toʻxtasinov suhbatlashdi