Hamkorlik memorandumi asosida Xorazm Maʼmun akademiyasining bir guruh olimlari muzey-qoʻriqxona fondidagi noyob qoʻlyozma manbalarni raqamlashtirish ishlarini boshladi.
Muzey-qoʻriqxona fondi Arab Muhammadxon madrasasida joylashgan. Fondda 400 dan ortiq noyob manbalar mavjud boʻlib, olimlar zahmati va saʼy-harakati tufayli ular xalqimiz foydalanishi uchun qulay tarzda elektron platformaga joylashtiriladi.
Ilmiy tadqiqotlar davomida aniqlangan eng noyob qoʻlyozmalarni Xorazm Maʼmun akademiyasi tarkibidagi doimiy muzey-ekspozitsiyasiga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Pirovardida, millatimizning koʻp asrlik tarixi, adabiyoti, madaniyat va maʼrifatiga oid noyob qoʻlyozmalar kelajak avlodga zarar yetmagan holda yetkazilishi taʼminlanadi.