Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan talabalarning ijtimoiy faolligini rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy va kommunikativ faoliyatini samarali tashkil etish, malakasini oshirishga doir keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan hamda o‘qish istagidagi nogironligi bor yoshlarga muayyan imtiyozlar berish tartibi belgilandi.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida nogironligi bor shaxslar uchun zarur qulayliklarni yaratmaslik ham shaxsni kamsitishning bir shakli ekani qayd etilgan. Shu ma’noda, ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarga qulaylik yaratish alohida ahamiyatga molik. Chunki bu toifadagi fuqarolar ham sifatli ta’lim xizmatidan foydalanish huquqiga ega. Nogironligi bor yurtdoshlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay yashashi, ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar o‘rganib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi davlatimizning inklyuziv jamiyat barpo etish borasidagi intilishlariga mos keladi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaatida bu haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday dedi: “... Biz barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir xil imkoniyatlar amal qiladigan inklyuziv jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shu asosda nogironlikni belgilashning allaqachon eskirgan tibbiy modelidan umume’tirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tishni o‘z oldimizga muhim vazifa qilib qo‘yganmiz”.
Inklyuziv ta’lim ham mazkur sa’y-harakatlarning ajralmas qismidir. Shu bois, ko‘plab davlatlarda inklyuziv ta’lim tizimini joriy qilish borasida amaliy tajribalar olib borilayotir. Misol uchun, Buyuk Britaniyada maxsus maktab o‘quvchilarining muayyan qismi umumiy o‘rta maktabda ta’lim oladi. Integrasiyani amalga oshirish uchun o‘yin, jismoniy tarbiya, amaliy faoliyat turlari alohida tanlangan. Shveysariyada ham rivojlanishida nuqsoni mavjud bolalar ta’limning asosiy qismini umumiy o‘rta maktabda oladi. Buning uchun o‘quv muassasasining uch o‘qituvchisi va imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega bir pedagogdan iborat guruh faoliyat ko‘rsatadi.
Qirg‘izistonda inklyuziv ta’lim tanlab olingan davlat maktablari va xususiy o‘quv muassasalarida olib boriladi. Mutaxassislar guruhi ommaviy maktablarda ta’lim olish uchun imkoniyati cheklangan bolalarni saralab oladi. Xitoyda integrasiyalashuv jarayoni barcha umummilliy ma’lumotlarni yig‘ish, tajriba va fikr almashish, muloqot, kadrlarni tayyorlash, maktabdagi o‘quv jarayonini isloh qilish, ta’lim xodimlari bilan uchrashuv va savol-javoblar o‘tkazish hamda barcha axborotlarni yig‘ib, tahlil qilishdan boshlanadi.
Mamlakatimiz ta’lim muassasalarida ham bu borada muayyan tajribalar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Andijon davlat pedagogika institutida nogironligi bor yigit-qizlarning sifatli bilim olish bilan birga, jamiyat hayotiga qo‘shilish ko‘nikmasini egallashiga alohida e’tibor qaratilyapti. Shu maqsadda maxsus tibbiy ko‘rik, korreksion pedagogik ko‘maklashuv xizmatlari joriy etilgan. Kelgusida shunday talabalar uchun institutning maktabgacha ta’lim kafedrasi negizida reabilitasiya markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Unda jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun logoped, surdopedagog hamda tiflopedagog xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Lo‘nda qilib aytganda, inklyuziv yondashuvli oliy ta’lim shakllanadi.
Institutda hozir qariyb 50 nafar nogironligi bor talaba tahsil olmoqda. Darslar ularning individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim tamoyillariga asosan o‘tilishiga qat’iy e’tibor qaratilayotir. Nogiron talabalar hamda sog‘lom yoshlar o‘rtasidagi ijobiy psixologik muhitni mustahkamlash maqsadida turli sport mashg‘ulotlari, ko‘ngilochar tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani e’tiborga molik. Natijada talabalar o‘rtasida o‘zaro insoniy tuyg‘ular, mehr-shafqat hislari kamol topmoqda, bir-biriga xayrixohlik kuchaymoqda.
Brayl alifbosida taktil sezish uchun moslashtirilgan darsliklar ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalarga nihoyatda muhim. Chunki ko‘rish qobiliyatidan mahrum yoshlar matematikaga oid formulalar, doskada chizilgan grafiklar, chizmalarni faqat eshitish orqali to‘liq qabul qila olmaydi. Ularni so‘z orqali tushuntirish ham qiyin. Shuni inobatga olib, institut axborot-resurs markazi ko‘rishda nuqsoni mavjud talabalar uchun brayl alifbosidagi ellikdan ortiq badiiy adabiyot bilan boyitildi. Kelgusida maxsus darsliklarni ham shu alifboda chop ettirish maqsad qilindi.
Inklyuziv ta’lim bir yoqlama bo‘lmasligi lozim. Imkoniyati cheklangan talabada o‘ziga ishonchni oshirish, ko‘nikma va qobiliyatini rivojlantirish, yoshligidan bilim olishga ruhlantirishda oilaning ishtiroki muhim. Shu bois, alohida ehtiyojli farzandlari jamiyatning bir bo‘lagiga aylanish huquqiga ega ekanini tushuntirish, bu ishonchni ularning ongiga singdirish maqsadida talabalarning ota-onalari hamda institut o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan. Xususan, imkoniyati cheklangan talabalarning ota-onalari bilan birgalikda bajargan amaliy ishlar ko‘rgazmalari tashkil etilgan.
Ta’lim jarayonida talabalarning individual xususiyatlari sababli paydo bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda barcha professor-o‘qituvchilar, tyutorlar birdek yordam beradi. Misol uchun, o‘qituvchilarning ko‘magi tufayli zaif ko‘ruvchi bir talabamiz brayl alifbosida yozishdan boshqa kursdoshlari qatori odatiy yozishga o‘tdi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga har tomonlama sharoit yaratilmoqda. Inklyuziv ta’limni butun mamlakat bo‘ylab rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bunga amaliy misol bo‘ladi. Andijon davlat pedagogika instituti ham mazkur tashabbusga hissa qo‘shishga intilmoqda. Ota-onalar (yoki qonuniy vakillar) bilan hamkorlikda talabalarni intellektual rivojlantirish, kasbiy yo‘naltirish, oliy o‘quv yurtini tugatgach, ishga joylashtirish, keyinchalik kasbiy faoliyatga moslashtirishda amaliy yordam va maslahat berish pedagogik jamoa a’zolarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Shuningdek, imkoniyati cheklangan talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashish va tadbirlardagi ishtirokini ta’minlash institutda to‘siqsiz muhitni rivojlantirishdagi muhim maqsadlardan.
Turg‘unoy QOZIYЕVA,
Andijon davlat pedagogika instituti
maktabgacha ta’lim kafedrasi mudiri