Tadbirni uyushma raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid olib bordi. Unda Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olim, adabiyotshunoslar Gʻafur Hamroyev, Jumali Shabanov, shoiralar Dildora Mardiyeva, Muhayyo Mirsaidova, Erkin Vohidovning oʻgʻli Hurshid Vohidov va boshqalar soʻzga chiqdi.

– Shoirning kinoyasi sheʼrlarida yaxshi ohang topdi, dardlarga posangi boʻldi, - dedi Ibrohim Gʻafurov. – Uning ajib kinoyasi goʻyo zulmat dunyosiga oʻtkir, koʻzni qamashtiradigan eshik ochadi. Keyingi vaqtda yozgan sheʼrlari juda katta izlanishlarning samarasidir.

Ushbu toʻplamni oʻqirkansiz, toʻgʻrisoʻz shoir sifatida koʻz oldingizda gavdalanadi. Sheʼrlarining mavzu koʻlami ham juda keng.

– Rustam Mirvohid sheʼrlarida joziba, oʻziga xos ohangrabo bor, - dedi Dildora Mardiyeva. – Uning turli mavzularda yozgan gʻazal va sheʼrlari oʻquvchini mushohadaga chorlaydi. Shoir ijodida mumtoz adabiyot anʼanalariga muhabbat yaqqol seziladi.

Kitobdan “Ona va Vatan mehri”, “Onaning koʻzi uchsa”, “Gʻoyibona”, “Dilim sozi”, “Muhabbat” kabi sheʼrlari hamda A.Pushkin, Yakub Kolas, Sergey Yesenin ijodidan qator tarjimalari oʻrin olgan.

Taqdimotda Oʻzbekiston xalq hofizi Erkin Roʻzimatov, xonandalar Shuhrat Daryo, Shahriyorbek Ostonbekov ijrosida shoir sheʼrlariga bastalangan kuy-qoʻshiqlar tinglandi. Ijodkor Nikolay Ilin Rustam Mirvohidning “Ruhiyat fasllari” sheʼrini (Sostoyaniya dushi) rus tilidagi tarjimasini oʻqib berdi.

Tadbir soʻnggida muallif toʻplamning yaratilish jarayoni haqida soʻzladi, ijodiga boʻlgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi va barchaga “Seningdirman” kitobini tuhfa etdi.