Aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Shu bois ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida aholining imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoya muhtoj qatlamini toʻlaqonli qamrab olish, ularga koʻrsatilayotgan koʻmak sifatini yangi bosqichga koʻtarish masalasi turadi.
Yaqin oʻtmishga nazar tashlasak, jamiyatimizda imkoniyati cheklangan kishilarga davlat idoralari, davlat xizmatchilarining munosabati ayanchli holatda edi. Davlatimiz rahbarining gʻamxoʻrligi, ehtiyojmand oilalardagi muhitni, kayfiyatni yaxshi bilishi natijasida yuqorida keltirilgan ijtimoiy himoya bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ham butunlay yangi tizim yaratildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ishga tushirilib, kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish boshlandi. Yaʼni, kam taʼminlangan oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qoʻyildi. Birgina mana shu tizim natijasida ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilishga erishildi.
“Imkoniyati cheklangan kishilar” degan tushuncha davlat va jamiyatning nogironlarga boʻlgan tor, bir yoqlama munosabatini ifodalab kelgan boʻlsa, yangi islohotlar davrida, avvalo, qonunchilik oʻzgarib, “nogironligi boʻlgan shaxslar” degan tushuncha yuzaga keldi. Shu asosda davlat va jamiyat nogironlarga imkoniyati cheklanganlar, deb emas, balki shaxs sifatida munosabatda boʻlishga oʻtdi. Bu munosabat uning huquqlari tan olingani va roʻyobga chiqishi uchun imkoniyat yaratilayotganini anglatadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Respublikamizning 208 ta tuman (shahar)larida “Inson” markazlari va har bir mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mahalla darajasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimi yaratildi. Bularning barchasi nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tizimi takomillashtirilganidan dalolat beradi.
Sohada amalga oshirilgan ishlarning yana bir quvonarlisi, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga, qoplab beriladigan mablagʻlar miqdori oʻrtacha 10 baravargacha oshirilgani boʻldi. Quvonarlisi, zarur vositalarni elektron tarzda tanlab olish imkoniyati yaratildi. aniqroq tushuntiradigan boʻlsak, muhtoj shaxslar vaucherdan foydalangan holda elektron tijorat orqali tegishli protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasini oʻz tanloviga koʻra bevosita oʻzi, qonuniy vakili yoki ijtimoiy xodimlar koʻmagida xarid qila oladi.
Shuningdek, 66 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha va maktab taʼlim tashkilotlarida nogironlikning ogʻir turlariga ega boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil etilib, 500 dan ortiq ogʻir turdagi nogironligi boʻlgan bolalar yoʻnaltirildi.
Maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-yildan hozirga qadar 2481 ta yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan uy-joylar bilan taʼminlandi. Birgina joriy yilning oʻzida 775 nafar bolalar uy-joy bilan taʼminlandi va yilning soʻnggiga qadar yana 15 nafar bolalarning turarjoylar bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.
Tazyiqqa uchraganlarga uch bosqichli “mahalla-tuman-viloyat” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizim joriy qilingani bu borada kuzatilayotgan qator muammolarga yechim boʻldi. Endilikda, tazyiq holati doimiy oʻrganilib, kuzatib boriladi, himoya orderi talab qilmasdan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi, ariza talab etmagan holda boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatiladi.
Ijtimoiy himoya tizimida yolgʻiz keksalarga qaratilayotgan eʼtiborning ahamiyati katta. Xususan, 2024-yil 1-maydan boshlab reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlarga toʻlash boʻyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qoʻshimcha pul toʻlovlari oʻrniga yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 648 ming soʻmlik moddiy yordam joriy etildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda oʻz oʻrnini topadi” Muhimi, bugun sohada amalga oshirilayotgan ishlar har bir shaxsning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga hissa qoʻshmoqda.