Shu yilning 5-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida maktab taʼlimini isloh etishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida fikri teran, dunyoqarashi keng, mustaqil tafakkurli avlodni tarbiyalash, bu jarayonda umumtaʼlim muassasalarining ahamiyatini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda maktab taʼlimini rivojlantirish borasida koʻtarilgan masalalar bugunning dolzarb muammolarini qamrab olgan. Sababi, mamlakatimizdagi islohotlarning samarasi aynan dunyoqarashi keng, mustaqil nuqtayi nazariga ega, bilimdon va axloqli shaxslarni tarbiyalashga bogʻliq.
Eng muhimi, Prezidentimizning maktab taʼlimini taraqqiy ettirish bilan bogʻliq gʻoya va fikrlari dunyo ilmiy jamoatchiligining bugungi gʻoyalari bilan bevosita uygʻun. Zero, har qanday davlat va jamiyatni yuksaltirishda sifatli taʼlimni kafolatlash va amalda taʼminlash, inson kapitaliga alohida eʼtibor qaratish har tomonlama oʻzini oqlaydi.
Buni Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya kabi mamlakatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Ular aynan sifatli taʼlim va inson kapitaliga yetarli eʼtibor qaratgani bois, nafaqat tang vaziyatdan chiqishni uddaladi, balki dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan mustahkam oʻrin egalladi.
Har qanday davlat va jamiyat rivojlanishi, uchun kuchquvvatni tarbiyali, yuksak axloqli, masʼuliyatli, rostgoʻy, irodali, mehnatkash, vatanparvar hamda erkin fikrli, bilimli, intellektual salohiyatli fuqarolar, aniqrogʻi, yoshlardan oladi. Yangi Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas.
Prezidentimiz maktab taʼlimini rivojlantirish faqat Xalq taʼlimi vazirligining emas, butun jamiyatning ishi ekani va unga hamma birdek masʼulligini kuyunchaklik bilan taʼkidlagani bejiz emas. Ushbu masala boʻyicha alohida komissiya tuzilib, unga davlat rahbarining oʻzi rais boʻlishi yoxud joylarda hokimlar masʼul etib belgilanishi taklif etilganida ham katta mantiq bor.
Maktab taʼlimini rivojlantirish nafaqat moddiy xususiyatga, balki istiqbolli maʼnaviy-maʼrifiy xarakterga ega yirik va salmoqli loyihadir. Chunki har qanday taraqqiyotning natijasi baribir aylanib kelib, insonning davlat va jamiyat oldidagi xulqi, odobi, sabri, shukri, niyati, sadoqati, fidoyiligi, aql-farosati, ongu tafakkuri, bilimi, ijodiy salohiyatiga taqalaveradi. Bu pedagogika fanida ijtimoiy kompetentlik, deb ataladi.
Biroq maktab taʼlimini rivojlantirish jarayonida oʻquvchilarning ijtimoiy kompetentligi oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. U jamiyat rivojining barcha bosqichidagi sifatli taʼlim, samarali tarbiya va toʻgʻri yoʻnaltirilgan ijtimoiylashuv mahsulidir. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining gʻoyalari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Chunki maktablar moddiy-texnik bazasini talab darajasiga keltirish, ularga oliy oʻquv yurtlarining biriktirilgani, taʼlim jarayoniga professor-oʻqituvchilar jalb etilishi, umumtaʼlim muassasalari muallimlariga ilmiy-uslubiy yordam berilishi sifatli taʼlimning ham amaliy, ham nazariy jihatdan samarali yoʻlga qoʻyilishiga zamin boʻladi.
Hozir bu gʻoya intensiv amaliy harakatga aylanmoqda. Agar oʻquvchilarning taʼlimtarbiya olishga kirishgan dastlabki pallasi sifatli tashkil etilib, uzluksizlik kasb etmasa yoki bolalar nazariy hamda hayotiy bilim va koʻnikmalarni egallay olmasa, shaxs sifatida yetarlicha erkin fikr yuritolmaydi. Tabiiyki, ijtimoiy kompetentlik darajasi ham past boʻladi.
Rivojlangan mamlakatlarda davlat ijtimoiy kompetentlik darajasining yaxlit jamiyat, ijtimoiy guruh miqyosida va individual tarzda yuksalishidan manfaatdorligi eʼtirof etiladi. Chunki ijtimoiy kompetentligi yuksak shaxs yolgʻon gapirmaydi, oʻrnatilgan tartib va qoidalarni buzmaydi, madaniyatsizlik yoki axloqsizlikdan oʻzini tiyadi, Vatanga xiyonat qilmaydi, befarq boʻlmaydi, birovning yetovida yurmaydi.
Tabiiyki, bunday fazilatlar shaxslarda yoshligidan, maktab davridan boshlab shakllantirib boriladi. Shuning uchun oʻquvchilarda ijtimoiy kompetentlikni yuksaltirish har tomonlama oʻzini oqlaydi. Yangi Oʻzbekistonda ham ana shu ehtiyojlardan kelib chiqib maktab taʼlimida islohotlarning keyingi bosqichi boshlandi.
Sababi, inson qadri ulugʻlanayotgan mamlakat xalqi amalga oshirilayotgan tub islohotlarning keyingi davomchilari timsolida oʻz farzandlarini koʻradi. Bunga yoshlarni har tomonlama tayyorlashdan manfaatdorligini eʼtirof etadi. Aslida maktab taʼlimini rivojlantirish islohotlarini bugundan boshlandi, deyish unchalik ham oʻrinli emas.
Bu yoʻnalishdagi ishlarga Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, hayotga tatbiq etilishi bilan kirishilgan edi, desak mantiqan toʻgʻri boʻladi. Demak, maktab taʼlimini rivojlantirishning bugungi bosqichini islohotlarning mantiqiy davomi hamda sifat bosqichi deb eʼtirof etish maqsadga muvofiq. Prezidentimiz oʻquvchilarning ijtimoiy kompetentligini oshirishga qaratilgan ushbu salmoqli umummilliy saʼyharakatlar nafaqat pedagogika sohasi, balki oʻz ahamiyatiga koʻra, davlat va jamiyat boshqaruvi bilan chambarchas bogʻliqligini alohida taʼkidladi.
Demak, shaxsning taʼlim-tarbiyasiga qaratilgan bu zalvorli islohotning natijasi quyidagilarda namoyon boʻlishi bilan ahamiyatlidir. Birinchidan, yurtimiz maktablarining moddiytexnik bazasi talab darajasiga keltirilib, ularda mavjud kamchiliklar bartaraf etilishiga erishiladi. Sifatli taʼlim va taʼsirchan tarbiyani amalga oshirishga keng imkoniyat yaratiladi.
Ikkinchidan, maktablardagi oʻquv-uslubiy ishlar sohaning yetuk mutaxassislari va olimlar tomonidan monitoring qilinib, zamon talablari darajasida bugungi innovatsion vositalar asosida oʻtiladi. Darslarda oʻquvchilarning ishtirokiga koʻproq eʼtibor qaratib, turli qiziqarli pedagogik usullardan foydalanish uchun oʻqituvchilarda tegishli koʻnikma va tajriba shakllantiriladi hamda doimiy nazorat mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.
Uchinchidan, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim va tarbiyaning uygʻunligiga eʼtibor qaratilib, bu jarayonda oʻquvchilarning mustaqil fikrlash va oʻz fikrini mantiqan asoslash koʻnikmasini nazarda tutuvchi zamonaviy, taʼsirchan vositalar asosida amalga oshirish tizimi yaratiladi.
Toʻrtinchidan, barcha maktablarda oʻqituvchilar, mutaxassislarning sohaga tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunish va ulardan oʻz faoliyatida toʻlaqonli foydalana olish koʻnikmasi shakllantiriladi.
Beshinchidan, maktablardagi barcha rahbar, oʻqituvchi va mutaxassislarning oʻz faoliyatiga yuzaki qarashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Aksincha, “men — taʼlim-tarbiya sohasi vakiliman va yosh avlod kelajagiga masʼulman”, degan gʻoyani qalbiga singdirib, fidoyilik bilan faoliyat yuritadigan pedagoglar qoʻllab-quvvatlanadi.
Xulosa qilib aytganda, inson tom maʼnoda qadr topib, manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etayotgan va bu yangilanishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilayotgan yangi Oʻzbekistonda bilimli, axloqli, madaniyatli, yuksak ijtimoiy kompetensiyali insonlarni tarbiyalash hayotmamot masalasidir.
Maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga safarbar etilgan har bir oʻzbekistonlik davlat, xalq va masʼul shaxslar bildirgan ishonchni oqlashi lozim. Bugun dunyoga hayrat koʻzi bilan boqayotgan bolalarimiz ertaga bizning oʻrnimizga keladigan mutaxassislar boʻlishini unutmaylik. Zero, farzandlarimizga xiyonat Vatanga, millatga xiyonat bilan barobar.