Shunday tarixiy davrda yashayapmizki, har bir kunimiz bunyodkorliklar, yangilanishlar sahifasini ochmoqda. Bu sahifada yangilangan Oʻzbekistonning tobora yuksalayotgan ozod va obod qadri, har bir oilaning tinch va farovon hayoti, baxtli kelajagi jamoli zarhal harflar bilan yozilmoqda.

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasida kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasi har bir insonning bugungi kundan roziligida namoyon boʻlmoqda.

Qoraqalpoq xalqining atoqli adiblari Ibroyim Yusupov va Toʻlepbergen Qaipbergenov shunday kunlarni orzu qilgan edi.

Bugun ushbu xotiralarni qogʻozga tushirar ekanman, adabiyotimiz, maʼnaviyatimiz xazinalarini boyitgan bu buyuk insonlar bilan zamondosh boʻlganim, ularni ustoz tutganimdan faxrlanman.

Xotiralar daftarini varaqlayman:

- Assalom, Ibroyim ogʻa! Mana, bahor keldi. Tugʻilgan kuningiz yaqin. Oldimda kitoblaringiz. Har bir asaringizda qalbingiz urishini his qilaman. Har bir sheʼringiz, har bir satringizda oʻychan va nurli koʻzlaringiz, qoraqalpoq elining kengliklariday ochiq koʻnglingiz, teran va purmaʼno soʻzlaringiz ufurib turibdi...

“Umr, senga oshiqman” nomli kitobingizni ochaman.

“Oʻ, shoirlik, syensiz sahro choʻldayman,

Bulogʻingdan ichgan sayin choʻllayman,

Har gal ichga tushib ketsa uchquning,

Samandarday yonib boʻlmay oʻchmayman...

Juda toʻgʻri aytgansiz, Ibroyim ogʻa! Sizning hayotingiz, katta qalbingiz ichida yongan uchqun hech qachon oʻchmaydi. Men ham sizni shunday oʻtli qalbingiz bilan hech qachon bu dunyoni tashlab ketadi, deb oʻylamaganman.

Har bir suhbatingiz umrimizni toʻldirardi, umringizga umr qoʻshardi. Sheʼrlaringizni oʻqiganim sayin har bir satrida quyosh chiqadi, tong otadi, kun botadi, osmonni bulutlar qoplaydi, goh yomgʻirlar yogʻadi, goh boʻronlar turib tabiatga ozor yetkazadi. Gohi yaxshi odamlarning yaxshiligidan olam kengayib ketadi, gohida yomonlarning biri ortiq xislatlaridan dunyo qorongʻulashadi. Bir-biriga intilgan insonlar firoq dogʻidan azob chekadi, sevishgan qalblar visolidan bu keksa olam yasharib ketadi. Opaning oʻz inisiga, onaning oʻz oʻgʻliga, umr yarmida yoridan ayrilgan yigitning farzandlariga ilingan koʻngli ochiladi... Xullas, sheʼrlaringiz umrning oʻzi.

Ukasini qoldirib, yori bilan qochib ketgan qiz haqidagi:

Jiydalik ortidan yana

Ot kishnadi, sen shoshilding,

“Meni unutma”deding-da

Choʻntagimga olma tiqding.

Qolib ketdi siniq oynang,

Men “Ketma”, deb yigʻlab turdim,

“Kerak emas bergan olmang”,

Deb ortingdan uloqtirdim.

Ot kishnagan shu daladan

Bir toʻp toʻrgʻay uchib ketdi...

Qochib ketgan shu oqshoming

Bugun yodga tushib ketdi,

degan satrlaringiz, hech bir mubolagʻasiz, umrning oʻzi.

...Mana, men sizni sogʻinyapman, koʻzlaringizni, soʻzlaringizni emas, qalbingizni sogʻinyapman. Qalbingiz esa “Mana, men shu yerdaman”, deb oldimdagi kitoblaringizning ichida turibdi.

Ungacha siz 80 yil bu dunyoni oʻsha qaynoq, hassos va ochiq qalbingiz bilan toʻldirib turdingiz. Nafaqat dunyoni, oʻzingiz tugʻilib oʻsgan ota makonni, siz bilgan, siz yaxshi koʻrgan, sizni yaxshi koʻrgan odamlar hayotini, har bir lahzani toʻldirib turdingiz. Juda koʻp ellarda boʻldingiz, u yerlarda sizni koʻrgan, tanishib, aziz boʻlib qolgan har bir inson sizni sevib qolganiga ishonaman.

Siz juda ulugʻ va buyuk inson edingiz. Koʻnglingizning ochiqligi, yaxshiliklarga toʻlaligi, oddiyligingiz bilan ham ulugʻ edingiz. Necha yoshga kirsangiz ham ona tuproq uchun bola edingiz. Buni oʻzingiz ham aytib ketgansiz:

Nasibang yuz yoʻrtsa hamki,

Ming yerda tuz tortsa hamki,

Shon-martabang ortsa hamki,

Tugʻilgan yeringda bolasan,

Unga bosh egib borasan...

Aziz shoirim! Bolaligimizda 90 yoshdan oʻtgan inson toʻgʻrisida eshitsak, bu umrda yoshini yashab, oshini oshab boʻldi, degan fikrga borardik. Siz uchun 94 yosh nazarimizda yalt etib yonib oʻchgan yulduzday goʻyo. Biz u yulduz nurlari aslo soʻnmasligini bilamiz. Sizning oramizdan ketganingizga ham ishonmaymiz. XX asr sheʼriyatida qoraqalpoq adabiyotini Ibroyim shoir davriga aylantirgan, oʻz xalqiga:

Sogʻ boʻl, xalqim, syen deganda

Bir kuch paydo boʻlar menda,

Senga xiyonat qilganga

Shimarilgan bilagim bor.

Ibroyim der: jonim qurbon,

Doʻstlik desa hallos urgan,

Sening uchun tepib turgan,

Koʻksimda bir yuragim bor,

deb dil izhor qilgan aziz shoir durdona soʻzlari bilan yonimizda, jonimizda emasmi? Mustaqillikni “Ruhiyatim kishanlarini uzib yuborgan ozodligim, hech kimga qaram yoki mute boʻlmagan obod elim”, deb qarshilagan edingiz. “Rahmat senga, zamonim” sheʼringiz esa xuddi bugun yozilganday yangrab turadi.

Siz Qoraqalpogʻistonning Chimboy tumani, Ozod ovulida dunyoga kelgan edingiz. Shu kichkina qishloqqa tushgan oyoq izlaringiz sizni butun dunyoga, shu qishloqda shakllangan aqlingiz, tafakkuringiz sizni dunyoviy ilmlarga yaqin qildi. Avvali oxiri tugʻilgan qishlogʻingizdek ruhiyatingiz toza, oʻylaringiz ozod, orzularingiz, umid va maqsadlaringiz ulugʻ bir insonga aylandingiz. Qardosh oʻlkalarning har birida Rasul Hamzatovday, Qaysin Quliyev, Fazu Aliyeva, Rimma Kazakova, Sobit Muqonov, Berdi Kerboboyev, Sulaymon Rustam, Konstantin Simonov, Mixail Lukonin, Maksim Tank, Mustay Karimday ijodkorlarning koʻngil chirogʻi boʻldingiz, Zulfiyaning qoraqalpoq elidagi aziz shoir inisi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovning ustoz ogʻasi edingiz.

Ibroyim ogʻa! Bu hozir ham shunday. Hozir ham hammamizga ogʻasiz, adabiyot bogʻidagi aslo soʻlmas gulsiz. Adabiyot, sheʼriyat osmonidagi eng katta, eng yorugʻ yulduz sizsiz! Bu soʻzlarim sizni yoʻqlov edi, bu soʻzlarim sizga katta sogʻinch edi. Sizni juda sogʻindik, ogʻa!

Bugun Sharigul singlim bilan suhbatlashayotib, uning koʻngli tubidan sizni topib, avval sizga xat yozayotganimning boisi ham sizni sogʻinganim edi. Yaʼni bir men emas, sizni hammamiz sogʻinyapmiz.

Iliq va samimiy soʻzlaringiz, maslahatlaringiz bilan shoira qizlarimiz koʻnglini olar edingiz. Ularning hammasi bugun sizni sogʻindi.

Ruhiy makon birligi

Hayotda bir zamon, bir makonda tugʻilib, birodarlarcha yashayotgan odamlar ham, bir-birini tanimaydiganlar ham qancha. Lekin baʼzan shunday boʻladiki, (balki adabiyotga yaqin boʻlganimiz uchundir) bu hayotdan ming yillar oldin koʻz yumib ketgan siymolar siz bilan bir zamon va bir makonda yashayotganday tuyuladi. Tibbiyot haqida oʻylasak, Abu Ali ibn Sino, falsafa va boshqa dunyoviy ilmlar haqida fikr yuritsak, Abu Rayhon Beruniy va boshqa faylasuf olimlar xuddi yonimizdadek. Boshqalarni bilmadim-u, menda hamisha shunday taassurot uygʻotadigan siymolar koʻp.

Toʻlepbergen ogʻa bilan Ibroyim ogʻa ham qalbi va ruhlari bilan moddiy olamda boʻlmasa-da, maʼnaviy olamimizda bizga quvvat boʻlib, qoʻllab-quvvatlab yashab yuribdi.

Men baxtlimanki, Toʻlepbergen, Ibroyim ogʻalarga zamondosh boʻldim.

Ular menga avvalo ogʻa, doʻst, ustoz, sirdosh ham boʻldilar.

...1980-yil oxirlarida birinchi marta ijodimni yigʻib, kitob chiqarish uchun Toʻrtkoʻldan Nukusga keldim. U paytlari yosh mualliflar asarlari kitob boʻlishdan oldin Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi seksiyalarida muhokama qilinardi. Proza seksiyasini T.Qaipbergenov boshqarar, (mening birinchi kitobim sheʼrlar emas, hikoyalar toʻplami boʻlgan) oʻsha yillarda u Qoraqalpogʻiston Davlat matbaa qoʻmitasi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlardi.

Birinchi kitobim hikoyalar toʻplami boʻlishiga “Amudaryo” jurnali tahririyati proza boʻlimida ishlayotgan isteʼdodli prozaik Oʻrozboy Abdurahmonov sabab boʻlgan edi. Chunki bir yil oldin men “Amudaryo” jurnalida qoraqalpoq tilida chop qilingan hikoyalarim, “Baxt keltirgan bahor” nomli qissam uchun jurnal tahririyati tomonidan eʼlon qilingan eng yaxshi prozaik asar uchun tanlovi gʻolibi boʻlgandim. Oʻrozboy esa ularni toʻplab kitob qilishni maslahat berdi.

Jurnalda sheʼrlarim ham chiqqan, uni isteʼdodli shoirlar Sh.Seitov, K.Rahmonov qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan edi.

Shunday qilib, olti oy oldin proza seksiyasiga taqdim qilingan qoʻlyozma muhokamasiga keldim. Muhokama qoʻmita idorasida, T.Qaipbergenovning xizmat xonasida oʻtadigan boʻldi. Muhokamada Oʻ.Abdurahmonov, Sh.Seitov, A.Aliyev, S.Bahodirova va men tanimaydigan boshqa adiblar, adabiyotshunos olimlar ham qatnashdi.

— Yozuvchining erkak, ayoli yoʻq.... Bu degani, hali sen yozuvchi yoki toʻlaqonli ijodkor boʻldim, degani emas. Bungacha hali koʻp yoʻlni bosib oʻtish kerak, - dedi Toʻlepbergen ogʻa.

Ibroyim Yusupovning ijodi bilan tanishgach, sheʼrlarini sevib oʻqidim va oʻzbek tiliga tarjima qila boshladim. Qoraqalpoq tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilish yuzaki qaraganda oson tuyulsa-da, bu tilning oʻziga xos qochirimlari, ayrim atamalari tilni chuqurroq oʻrganishni talab qilardi. Inson maqsadi yoʻlida qilgan mehnat-mashaqqatlari, albatta, oʻz natijasini beradi. Qoraqalpoq tilini yozma adabiyotda ham, ogʻzaki nutqda ham erkin mushohada qilishga, shu tilda oʻqib, oʻrganishga, tahlil qilishga, yozishga erishdim. Men buning uchun Toʻlepbergen Qaipbergenovdan talabchanligi va qattiqqoʻlligi uchun hamisha minnatdorman.

Qoraqalpoq xalqining bu ikki ulugʻ siymosi bir davrda, bir makonda yashab, bir zamonning avlodlari boʻlgani, oʻz xalqi, millatiga nafaqat butun umr qilgan ijodi, balki hayoti va yuragini baxsh etgani qoraqalpoq millatining iftixori, faxri va baxti, deb hisoblayman.

Ibroyim ogʻa bilan Toʻlepbergen ogʻa qalin doʻst edilar. Toʻlepbergan Qaipbergenov Ibroyim ogʻa toʻgʻrisida bunday deb yozgan:

“Ibroyim Yusupovning yangidan yaxshi qofiyalar topishiga, sheʼrlarini juda mohirlik bilan oʻqishiga men ham qoyil qolaman...”.

Toʻlepbergen Qayipbergenovning “Qoraqalpoqman, tavakkalchiman” asarini “Qoraqalpogʻiston tongi” gazetasida oʻzbek tilida toʻla chop qilganmiz. Shu munosabat bilan ushbu asarning ayrim boblarini oʻzbek tiliga oʻgirganman.

Toʻlepbergan ogʻa ijodi tom maʼnoda millat ruhi bilan sugʻorilganini alohida taʼkidlab oʻtgim keladi. Yaʼni haqiqatda ham Toʻlepbergen Qayipbergov qoraqalpoq xalqiga ilohiy bir tuhfa, Alloh tomonidan berilgan inoyat hamdir, desam xaq gapni aytgan boʻlaman. Bir eslab koʻring, adibning dastlabki asarlari boʻlgan “Uyqusiz tunlar”, “Bir sovuq tomchi”, “Muallimga rahmat” singari povestlari, “Mamanbiy afsonasi”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar” romanlarini oʻz ichiga olgan “Qoraqalpoq dostoni”, “Qoraqalpoqnoma” singari yirik asarlarida qoraqalpoq halqining afsona va xaqiqatlari, dardi va mashaqqatlari, orzu va maqsadlari mohirona tasvirlanganki, ular bilan tanishgan kitobxon bir umr bu xalqqa hamdard va birodar boʻlib qoladi.

... Xalqimiz ijodkorlarning, sanʼatkorlarning, olim va adiblarning shaxsiy hayotiga koʻproq qiziqadi. Sirtdan qaraganda, mashhur kishilar hayotda eng baxtli, omadli, muvaffaqiyatli boʻlib koʻrinadi. Aslida esa ularning hayoti juda murakkab, ayrim hollarda mashaqqat va fojialarga toʻla boʻladi.

Yoshlik vokzalidan chiqdik boshida,

Talay manzil bosdik, yoʻllari ravon.

Sen qolding Ayriliq stansiyasida,

Men oynani urib ketib boraman.

Sabr qil, yoʻlovchi! deyishar bizga,

Armon stansiyasi borar yer sizga.

Bu poyezd hech qachon qaytmaydi izga,

Kelmas bir ketganlar bizning oradan”.

Men Ibroyim ogʻa ijodi bilan naqadar tanish boʻlsam, naqadar bilsam, oʻzini va oilasini ham shu qadar yaqindan bilar edim, deb ayta olaman.

...Surgan umri alvon, alvon davrondir,

Na-da davron ayriliq va armondir.

El dardidan topganlari imondir,

Aqlu ruhdan koʻzlar toʻldi sir bilan.

Mehr izlaganga mehr boʻldi u,

Yaxshi-yomon, yolgʻon-rostni bildi u.

Bu dunyoning ishlariga koʻndi u,

Tulki ketib, arslon qoldi sher bilan...

Bu mavzuda uzoq yozish mumkin. Nima boʻlganda ham, Ibroyim ogʻaning hayoti uning oʻziniki emas edi. Uning taqdir yoʻli xalqning umri bilan tutash, uning qismati sheʼriyatning qismati bilan chambarchas bogʻliq. Bularni Ibroyim ogʻaning koʻplab sheʼriy asarlarida koʻrish mumkin. U “Rahmat senga zamonim”, “Roza vetrov”, “Bekligingni buzma sen”, “Umr, senga oshiqman” va boshqa koʻplab asarlari bilan maʼnaviy dunyomizni boyitib, dardimizga darddosh, sirimizga sirdosh boʻlib abadiy yashayveradi.

Men fikrlarimni shoirning oʻz sheʼri bilan yakunlashni lozim topdim:

Oʻzgi oqshomlarda yotib chalqancha,

Yulduzlarga qarab oʻyga tolaman,

Oʻz umrini oʻylaganda hamisha,

Men oʻz taqdirimga qoyil qolaman.

Bor uning bir yozayotgan dostoni,

Umr parchalarin bezatib, qurab.

Men tugʻilar paytda uni boshladi,

Qachon tugatishin bilmayman biroq.

Taqdirim! Men senga suyayman orqa,

Qadrlayman baland inobatingni,

Tiling kalovlanmay Tangrim oldida,

Mazmunli qilgaysan bayonotingni.

Savob ishlar qildi, muruvvat topdi,

Bilib-bilmay qilgan gunohi ham koʻp.

Lekin inson degan buyuk unvonni

Begligini buzmay olib oʻtdi”, deb...

Bugun Qoraqalpogʻistonda hayot yuksalayotgan, Orol dengizi inqirozlari oqibatlarini tugatish boʻyicha olamshumul ishlar qilinayotgan ushbu kunlarda qoraqalpoq xalqining bu ikki zabardast adibi ruhi shod boʻlayotgani haqiqatdir.

Xalqni sevgan, xalqi sevgan adiblar hamisha yodimizda, yonimizdadir.

Guliston MATYOQUBOVA,

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, senator