Ikkinchi jahon urushi yillarida O'zbekistonda 300 ta sanoat korxonasi faqat harbiy mahsulot ishlab chiqargan

    Harbiy 8 May 2020 24228

    Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixida misli ko'rilmagan darajada katta va dahshatli, butun insoniyat boshiga og'ir kulfatlarni solgan urush bo'ldi.

    Ko'pmillatli O'zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941-1945 yillarda Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk G'alabani ta'minlashga munosib hissa qo'shdi. el-yurtimizni urush yillarida ko'rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g'urur-iftixor manbai bo'lib, vaqt o'tgani sayin bu o'lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. SHuning uchun har yili 9-may mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko'rsatgan faxriylarimizga alohida e`tibor va ehtirom ko'rsatish yurtimizda olijanob an'anaga aylanib qoldi.

    Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixida misli ko'rilmagan darajada katta va dahshatli, butun insoniyat boshiga og'ir kulfatlarni solgan urush bo'ldi.

    O'zbekistonning iqtisodiy va mehnat resurslari frontga safarbar etildi. Bu davrda O'zbekistonda yangi mehnat rejimi joriy qilindi, ya'ni ish kuni uzaytirildi, dam olish kunlari va mehnat ta'tillari bekor qilindi. O'zbekiston sanoatchilari 1941 yil oxirigacha 300 ga yaqin korxonani jangovar texnika, qurollar, o'q-dori ishlab chiqarishga moslashtirib qayta qurdilar. Bu korxonalarda frontga safarbar etilgan erkaklar o'rnini keksalar, xotin-qizlar egalladi.

    Urushning dastlabki paytlaridayoq 20 mingga yaqin toshkentlik xotin-qizlar sanoat korxonalari va qurilishlarda, 1700 ga yaqin respublika xotin-qizlari ko'mir koni shaxtalarida ishlashga yo'l oldi. Ishlab chiqarishni ishchi va mutaxassislar bilan ta'minlash choralari ko'rildi. Respublika oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, fabrika-zavod ta'limi maktablarining faoliyati urush davri talablariga mos kadrlar tayyorlashga yo'naltirildi. YAkka tartibda va brigada tariqasida hunar o'rgatish ishlari yo'lga qo'yildi. Respublikamiz qishloqlarining aholisi frontni va front orqasini oziq-ovqat, sanoatni xom ashyo bilan ta'minlash uchun oyoqqa turdi.

    Har bir ishchi ikki-uch ish normasini bajarish uchun fidokorona mehnat qildi. Urush bo'layotgan va dushman yaqinlashib kelayotgan hududlardan muhim sanoat korxonalarini O'zbekistonga zudlik bilan ko'chirib keltirish, joylashtirish ishlari boshlanib ketdi. 100 ga yaqin sanoat korxonasi, jumladan, 48 ta mashinasozlik, metall ishlash, kimyo va boshqa harbiy texnika va mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik zavodlarning asbob-uskunalari ko'chirib keltirildi. O'zbekiston shaharlarida shoshilinch bo'shatib berilgan yoki yangidan qurilgan binolarga ko'chirib keltirilgan asbob-uskunalar zudlik bilan joylashtirildi va montaj qilindi. Ular ishchi kuchi, xom ashyo, instrumentlar bilan ta'minlandi va front uchun mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Sanoat korxonalari qisqa vaqt ichida harbiy izga solinib, minomyot va avtomatlar, samolyot va tanklar uchun ehtiyot qismlari va boshqa harbiy qurollar ishlab chiqara boshladi. Toshkent qishloq xo'jalik mashinasozligi zavodida harbiy qurollar ishlab chiqarila boshlandi.

    O'zbekiston sanoatchilari korxonalarni harbiy izga tushirishdek ishlarni ko'chirib keltirilgan korxonalarni joylashtirish va ishga tushirishdek yanada og'irroq ishlar bilan qo'shib olib bordi. Toshkentda zudlik bilan joylashtirilgan “Rostselmash” zavodi “Katyusha” va minomyot snaryadlari, aviatsiya zavodi jangovar samolyotlar, Kolchuginskdan keltirilgan kabel zavodi harbiy aloqa mahsulotlari etkazib bera boshladi.
    Respublika bo'yicha 1941-yil oxirlariga kelib 300 ta sanoat korxonasi faqat harbiy mahsulot ishlab chiqara boshladi.

    O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo'mitasining plenumida respublika sanoatini harbiy izga solish, ko'chirib keltirilgan asbob-uskunalarni joylashtirish sohasidagi ishlarga yakun yasalib, korxonalarda qurol-yarog'lar ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish vazifasi ilgari surildi. Buning uchun etarli darajada metall qirquvchi stanoklar va aniq o'lchovchi instrumentlar ishlab chiqarishni tashkil etish, nodir metallar qazib olishni kuchaytirish hamda qora va rangli metallurgiya sanoatini yaratish, elektr energetika bazasini kengaytirish, neft qazib olishni 2-3 baravar oshirish, ko'mir qazib olishni kuchaytirish, yirik qurilish materiallarini ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, qisqa muddatda 30 ming malakali ishchilar tayyorlash tadbirlari belgilab berildi. Ko'chirib keltirilgan korxonalar tarixda misli ko'rilmagan qisqa muddatlarda 4-5 oyda, ayrimlari hatto 1-2 oy davomida qurib bitkazilib, front uchun harbiy mahsulotlar bera boshladi.

    Urush yillarida respublikada neft ishlab chiqarish 4 marta ko'paydi va 1945-yilda 478 ming tonnadan ortdi. energetika va yoqilg'i sanoatining o'sishi mashinasozlik sanoatining rivojlanishiga qulay baza yaratdi. G'arbdan ko'chirib keltirilgan zavodlar bazasida 16 ta stanoksozlik, to'qimachilik va mashinasozlik korxonalari tashkil etildi. Urushdan oldingi respublikamizdagi ko'pgina zavodlar ham turli asbob-uskunalar, mashinalar, jangovar texnika ishlab chiqarishga moslab qayta qurilgan edi. Bu korxonalarning asosiy xom ashyosi metall bo'lganligi bois unga bo'lgan talab tobora oshib bora boshladi.

    Urush yillarida qurilish materiallari sanoati, to'qimachilik va poyabzal sanoati, oziq-ovqat sanoati, mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish tadbirlari amalga oshirildi. Faqat 1943-yilda 12 ta yog' zavodi, 3 ta paxta tozalash zavodi, 4 ta qand va 4 ta konserva zavodlari qurilib ishga tushirildi. Urush yillarida O'zbekistonda 280 ta yangi sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Sanoatning yangi tarmoqlari – aviatsiya, stanoksozlik, og'ir mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya hamda boshqa tarmoqlari vujudga keldi. Toshkent SSSRning eng katta sanoat markazlaridan biri bo'lib qoldi.

    Urushda g'alabaga erishish transport ishi bilan bog'liq edi. 1943-yil 25-yanvarda “Toshkent temir yo'li ishi to'g'risida” maxsus qaror qabul qilindi. Temir yo'l harbiy holatga o'tkazildi, unda ishlovchilar safarbar etilgan deb hisoblandi, harbiy xizmatchilar kabi qattiq intizomga rioya etish majbur qilib qo'yildi. Poezdlar harakatining qo'shinlar va harbiy yuklarni birinchi navbatda o'tkazib yuborishini ko'zda tutuvchi harbiy grafik joriy etildi. Toshkent temir yo'l transportchilari ko'chirib keltirilayotgan korxonalarning asbob-uskunalarini va millionlab kishilarni G'arbdan SHarqqa, jangovar texnika va qurol-yarog'larni SHarqdan G'arbga o'z vaqtida to'xtovsiz o'tkazib turish topshirig'ini bajardi.

    Muxtasar aytganda, urush yillarida o'zbek xalqi mehnatkashligi, fidoiyligi bilan g'alabaga mislsiz hissa qo'shdi.

    SHahnoza YUldasheva,

    Tarix instituti kichik ilmiy xodimi