Ikkita muhofaza etiladigan tabiiy hududning qoʻriqlanma zonalari belgilandi

    Yashil sayyora 9 Mart 2025 873

    Ekologiya vazirligi tasarrufidagi “Chotqol” davlat biosfera qoʻriqxonasiga tutash 32 859,89 gektar hamda “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasiga tutash 28 500 gektar hududda ularning qoʻriqlanma zonalari belgilandi.

    Bu Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-martdagi 142-sonli Qarorida belgilab qoʻyilgan.

    Unga koʻra, Namangan viloyatidagi Pop ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi (766,53 gektar), Toshkent viloyatidagi Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaligi (8101,85 gektar), Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligi (23 991,51 gektar) hududlari “Chotqol” davlat biosfera qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasiga kiritildi.

    “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasi esa Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi Tomdi davlat oʻrmon xoʻjaligi (6200 gektar) va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (22 300 gektar) hududidan iborat boʻldi.

    Bu qaror davlat qoʻriqxonalari hududidagi tabiiy majmualarga xoʻjalik faoliyati salbiy taʼsirining oldini olish, noyob hamda yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimlik va hayvonlar turlarini saqlab qolish hamda koʻpaytirish, bioxilma-xillikni asrashga xizmat qiladi.