Ildamlik hodisasi

    Prezidentimiz joriy yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvida bejiz to'rt muhim yo'nalish asosida o'z taklif va mulohazalarini bildirmadi. Chuqurroq va kengroq fikrlab, do'ppini yonga tashlab o'ylab qarasak, bu yo'nalishlarning barchasi ham kelgusi hayotimiz, kelajak avlodlarimiz farovon taqdiri bilan chambarchas bog'liq ekanini ko'ramiz.

    Insoniyat yaralibdiki, taraqqiy etishdan bir zum bo'lsa-da, to'xtagan emas. Ibtidoiy davrdan to bugunga qadar yashash maqomi ko'p bor o'zgardi. Sanog'iga etib bo'lmas ixtirolar, kashfiyotlar qilindi. Ular ba'zan xayrli, ba'zan zahmatli ham bo'ldi. Dunyoni tahlikaga soluvchi elementlar iqtidorga kirdi. Lekin bir ilohiy mo''jiza shundaki, uning ta'sirida bu dunyo hamon omon kelmoqda. Bu — so'z. To'g'ri va maqbul so'z.

    Daf'atan, foniy dunyoni so'z boshqaradi, desak taajjubga tushmassiz. Boisi, so'z Alloh taoloning insonga ato etgan eng ulug' ne'matlaridan biri. U muomalaga chiqibdiki, tafakkur quroli, bandalik vazifasini ado etish omiliga aylangan.

    Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir” asarida juda hikmatli bir rivoyat bor: “Hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo'lishi bilan minbarga chiqdi va xalq: “Ajabo, nima der ekan?” deb kutdi. Biroq Hazrati Usmon indamadi. Aqalli bir so'z aytmadi. Faqat boqdi va xalqda shunday bir hol paydo bo'ldiki, hech kimda tashqariga chiqishga mador qolmadi. Shu vaqtgacha qilingan yuzlab xutbalar chog'i bunday hol hosil bo'lmagan, mo'minlar bunday hol soyasida o'zlari uchun foyda va sirlarni hech qachon bunchalik ko'p kashf etmagan edi. Usmon roziyallohu anhu yig'in tugagunicha gapirmadi. Faqat minbardan tushayotganida: “Siz uchun faol iymon mahmadona iymondan xayrlidir”, dedi. U haq gapni aytdi. Chunki so'z aytmoqdan maqsad bir foyda bermoq, qalbga ta'sir etmoq, axloqni o'zgartirmoq va hokazo yaxshiliklar qilmoqdir. Holbuki, Hazrati Usmon lom-mim demasdan, gapirgan vaqtidagidan ko'proq foyda keltirdi”.

    So'zning yana bir qudrati bor, bu — ildamlik hodisasi. Yaxshi va foydali tadbirlarning boshi, albatta, fikr qilishdan, uni ifoda etishdan nurlanadi. Yuqorida dunyoni so'z boshqaradi, deganimiz asl ma'nosi ham shunda, aslida. Zero, hamma zamonda fikrni etkazish bilan majhullik chekingan va maqsadga erishilgan. Bugun ham shunday, faqat fikrlash uhdasiyu hayot tamoyillari boshqacha. Tahlikali davr shiddati beshafqat. Tiriklikning o'zi bir og'ir qismat bo'lib turgan bu zamonda adolat tamoyillariga amal qilish, mehr-oqibatli bo'lish, davlatlararo munosabatlarni mezonlashtirib yoki tiyib turish g'oyat uddaburonlikni, nuktadonlikni talab qiladi.

    Ha, shu tariqa bugun g'oyalar kurashi avj olgan. Siyosat tusi ancha jiddiylashgan. Buning ham qator sabablari borga o'xshaydi, nazarimizda.

    Avvalo, globallashuv jarayoni, texnika taraqqiyoti ehtiyoji. Bu o'z-o'zidan katta iqtisodiy raqobatni keltirib chiqaradi. Bu shunday raqobatki, uni tasavvur qilish uchun butun mamlakatning buguni va yaqin kelajakdagi taqdiri hamda biror davlat xalqining farovonlik yoki kambag'allik darajasi bilan o'lchashga to'g'ri keladi. Demak, mana shu ehtiyoj va zamon talabi fonida har bir davlat o'z boshqaruv tizimlarini, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tamoyillarini tubdan qayta ko'rib chiqishga majbur. Yo'qsa, davr to'fonida “changga belanib” qolishi hech shubhasiz.

    Navbatdagi sabab ekologik o'zgarishlarga borib taqaladi. Bugungi ekologik manzara dunyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tubdan o'zgartirib yubordi. Birgina agrar tarmoqda katta o'zgarishlarga sabab bo'lmoqda. Pirovardida dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi va aholiga sifatli oziq-ovqat etkazib berish masalasi kun tartibidan tushmay qoldi.

    Bundan tashqari, iqlim o'zgarishlari yangi innovatsion g'oyalarni hayotga tezroq tatbiq etishni, ochilmagan imkoniyatlarni topishni, oziq-ovqat etishtirishning tabiatga mos usullarini o'zlashtirishni oldimizga juda muhim, hech kechiktirib bo'lmaydigan vazifa sifatida qo'ymoqda.

    Shunday murakkab sharoitda zamonu siyosat bir tomon, tabiat hukmi bir tomon bo'lib turgan ekan, har bir davlat, avvalo, o'z xalqining xavfsizligi, hayoti farovonligini ta'minlashga mas'ul bo'lishi kundek ravshan.

    Ilm-fan, ta'lim mezonlari o'zgarishi ham davlatlararo munosabatlarga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu nimalarda namoyon bo'ladi? Shak-shubhasiz, avvalo, g'oyalar kurashida. O'zi ilm-fan, mohiyatan olganda, g'oya degani. Shu bois, millatning ma'rifiy yuksalishi memorial tus kasb etadi.

    Qolaversa, bugungi taraqqiyotni, hech bir sohani ilmsiz tasavvur qilish mumkin emas. Mana shu mezonlar har bir davlat va uning rahbari oldiga yosh avlod ta'lim-tarbiyasidek hal qiluvchi masalaga jiddiy yondashmoq zaruratini qo'ymoqda. Bunda, albatta, inson kapitaliga yo'naltirilayotgan sarmoya muhim.

    Nihoyat, inson, jamiyat, olamning o'zgarish tendentsiyalari. Hozir biz sanagan uch sabab jamiyat va olam o'zgarishi, dunyoqarashlar shunga mos shakllanishiga turtki beradi. Bu erda gap zamonga moslashuv, ixtisoslashuv masalasida ketmoqda. Ya'ni “zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” qabilida ish ko'rishdan boshqa chora yo'q.

    Albatta, yashash tendentsiyalari o'zgarishi, o'z navbatida, yangicha yondashuvlarni talab qiladi. Bu esa davlat boshqaruvi tizimida islohot so'raydigan jarayondir. G'oyat mas'uliyatli va bir qarorda ham adashish mumkin bo'lmagan jarayon.

    Mana shu sabablarning o'ziyoq bugun yashash tamoyillarini o'zgartirishni talab qiladi. Demak, O'zbekiston Konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritish shunchaki islohot uchun qilinayotgan tadbir emas, balki biz yuqorida sanagan tahlikali sabablarga qarshi ko'rilayotgan katta ehtiyoj talabidir. Yanada soddaroq aytganda, xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, turli xalqaro munosabatlarga bardosh berish va zamonga moslashish mezonlari bilan sug'orilgan harakat, deyish mumkin. Shu ma'noda, Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish bugun xalqimizning yaxshi va munosib yashashga bo'lgan intilishi, xohish-istagi mahsuli, desak to'g'ri bo'lar.

    Nihoyat g'oyalar kurashi avj olishi, siyosat tusi jiddiylashgani bilan bog'liq sabablarga qarshi ko'rilayotgan chora-tadbirlarning bosh asosini O'zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o'zgartirishlarda ko'rishimiz mumkin.

    Prezidentimiz joriy yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvida bejiz to'rt muhim yo'nalish asosida o'z taklif va mulohazalarini bildirmadi. Chuqurroq va kengroq fikrlab, do'ppini yonga tashlab o'ylab qarasak, bu yo'nalishlarning barchasi ham kelgusi hayotimiz, kelajak avlodlarimiz farovon taqdiri bilan chambarchas bog'liq ekanini ko'ramiz.

    Albatta, bu to'rt yo'nalish va ularda ilgari surilgan takliflarning barchasini bir nafasda sharhlash yoki bir maqolaga sig'dirish imkonsiz. Shu bois, bugun ularning ayrimlari, xususan, o'zimizga yaqin olib, mohiyatini his qilgan jihatlar haqida munosabat bildirishga jazm etdik.

    Bundan oldin esa aytish joizki, ayrim yurtdoshlarimizni, hatto olimlarimizni ham Konstitutsiyaga nima uchun o'zgartirish kiritish zarurati o'ylantirib kelayotgani bor gap edi. Buning ahamiyati qanchalik muhim ekanini Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvdagi nutqini o'qigach, barchamiz yaxshi anglab oldik.

    Xullas, davlatimiz rahbari ikkinchi yo'nalish sifatida Asosiy qonunimizda “O'zbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlash taklifini ilgari surdi va bu eng ko'p fikrlar jamlanmasidan iborat bo'limni tashkil etdi.

    Taraqqiyotning ko'p asrlik tajribasi ko'rsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo'lmaydi.

    “Inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog'liqdir. Ushbu g'oyaning tub negizida ham, avvalo, inson qadrini ulug'lash, insonga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassamdir. Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat printsiplari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. U — ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo'yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”, dedi davlatimiz rahbari.

    Bundan anglash kerakki, yangi O'zbekistonda boshlangan xalqparvar siyosat hech qachon ortga qaytmaydi yoki to'xtab qolmaydi. Aksincha, yanada qizg'in, yanada jozibali bo'lib davom etadi. Chunki endi biz ijtimoiy davlat asoslari va maqsadlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo'ymoqdamiz.

    Agar biz Asosiy qonunimizda mustahkamlayotgan ijtimoiy davlat modeliga e'tibor qaratadigan bo'lsak, “uy-joyga muhtojlar hech xavotirlanmasin, chunki aholini arzon va sifatli uy bilan ta'minlash siyosati bundan keyin ham davom etaveradi”, deyish mumkin. Boisi, endi Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo'lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha davlatning majburiyatlari mustahkamlanadi.

    Bosh qonunimizda xususiy mulk himoyasini ta'minlash uchun zarur bo'lgan konstitutsiyaviy kafolatlarning kuchaytirilishi har bir fuqaro, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar himoyasida bo'lishini amalda ta'minlaydi. Insonlarga, mulkdorlarga sud qarorisiz, adolatli tovon pulisiz mulkidan mahrum etilmaslik kafolatini beradi. Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo'lgan tadbirkorlarga, ularning qonuniy manfaatlariga ishonchni mustahkamlaydi.

    Umuman olganda, mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag'ning erkin harakatlanishi, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratishni Konstitutsiya bilan mustahkamlash fursati etgan edi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish va o'z faoliyati yo'nalishlarini mustaqil ravishda tanlash orqali cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini va bu huquq Konstitutsiya bilan kafolatlanganini o'z faoliyatida amalda ko'rishi mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyotiga, pirovardida aholi farovonligiga olib keladi. Shu bois, konstitutsiyaviy normalarda davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta'minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo'l qo'yilmasligini kafolatlash mexanizmlari mavjud bo'lishi ayni muddaodir. Asosiy qonunimizda er xususiy mulk bo'lishi aniq belgilanishi lozim.

    Shu bilan birga, xalqimiz farovon va munosib yashashi uchun ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta'lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, sog'lom turmush tarzini keng ommalashtirish, qulay va xavfsiz atrof-muhit yaratish, tadbirkorlikni himoya qilish, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash kabi muhim omillar konstitutsiyaviy asosga ega bo'ladi.

    “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida islohotlar uzviyligi va davomiyligiga erishish bugun 35 milliondan ziyod ko'p millatli xalqimizning rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulug' maqsadlari bilan chambarchas bog'liq. Buni yangilanayotgan Konstitutsiyaga yurtdoshlarimiz tomonidan yuborilgan 48 ming 492 ta taklifda ham ko'rishimiz mumkin. “Inson qadri uchun”, “Davlat — inson uchun” degan g'oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadlari aholi tomonidan bildirilayotgan fikr va takliflar orqali keng qo'llab-quvvatlanayotgani alohida e'tirofga sazovor. Ular mamlakatimizning rivojlanish tendentsiyalari bugun va ertaga qanday bo'lishiga aslo befarq emas.

    Albatta, yaxshi anglaymizki, Taraqqiyot strategiyasida o'z aksini topgan adolatli va xalqparvar davlat barpo etish maqsadlariga erishish uchun yangi konstitutsiyaviy makon kerak edi. Shu bois, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig'iga moslashtirish, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish yo'lida xalqimiz hamjihatlik va birdamlik namoyon qildi. Bu o'zining ijobiy samaralarini berishi shubhasiz.

    Yana bir qutlug' maqsad shuki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Konstitutsiyamizga davlat maktabgacha ta'lim, maktab va oliy ta'lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta'lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish bilan bog'liq normalarni ham kiritish taklif qilindi.

    “Biz ta'lim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirishga ustuvor e'tibor berib kelmoqdamiz. Chunki bugungi shiddatli raqobat zamonida faqat bilimli, ma'rifatli millat va davlat munosib taraqqiyotga erisha oladi.

    Ota-bobolarimiz “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, degan muborak hadisga amal qilib yashagan davrlarda yurtimiz zaminidan buyuk mutafakkir zotlar — buxoriylar, termiziylar, xorazmiylar, beruniylar, farg'oniylar, navoiylar etishib chiqqan. Biz ana shunday ulug' ajdodlarimizning yangi barkamol avlodini tarbiyalab voyaga etkazmoqchi ekanmiz, buning uchun bog'cha, maktab, oliy ta'lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo'yishimiz shart”, dedi davlatimiz rahbari.

    Agar bu gaplar zamiridagi buyuk kelajak marralarini anglab etsak, bugun har birimiz shunday qudratli va xalqparvar davlatda yashayotganimizdan boshimiz ko'kka etadi.

    E'tibor bering, “bugungi shiddatli raqobat zamonida faqat bilimli, ma'rifatli millat va davlat munosib taraqqiyotga erisha oladi”. Bundan boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. Chunki biz yuqorida ta'kidlagan g'oyalar kurashi aynan shu masala hayot-mamot ahamiyat kasb etishini urg'ulaydi.

    Yana unutmasligimiz kerakki, yangilangan Konstitutsiyamiz Uchinchi Renessansga eltuvchi buyuk mayoq vazifasini ham o'taydi. Boisi, ta'lim sifati milliy tariximizda hech qachon yangi O'zbekiston zamonidagi kabi kafolatlanmagan. To'g'ri, harakatlar, maqsadlar bo'lgan, lekin Konstitutsiya darajasida sa'y-harakat mana endi boshlanmoqda.

    Ustozga bo'lgan yuksak ehtirom ham Konstitutsiyamizda o'z aksini topishi ayni muddao bo'lmoqda. Qolaversa, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to'sqinlik qilishga yo'l qo'yilmasligini ham Asosiy qonun darajasida belgilab qo'yish tashabbusi, o'ylaymanki, butun xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi.

    Ishonamizki, bu yo'lni o'zini anglagan, Vatanini sevgan barcha fuqaro qizg'in olqishlaydi. Yangi yuksalish davrining ma'rifiy bosqichini muborakbod etadi.

    Konstitutsiyaviy islohotlar va Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o'zgartirishlar haqida gapirar ekanmiz, beixtiyor, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ko'z oldimizdan o'tadi.

    Oldimizda g'oyat katta maqsad va rejalar turibdi. Ularning bosh g'oyasi esa, albatta, “Inson qadri uchun”. Gap shu haqda borganida, hayotimizga, davlat boshqaruviga kirib kelgan yangicha tamoyillarni ham tilga olish o'rinli bo'ladi.

    Bu bizga nima beryapti, degan savolga javoban esa hech ikkilanmasdan aytish mumkinki — farovon hayot, kafolatlangan kelajak!

    Biz yuqorida fikrimizni bejiz so'z va uning qudrati haqida boshlamadik. Yangi O'zbekistonda so'z erkinligi berilgan bir davrda yashayapmiz. Shunday ekan, har bir so'zi katta hayotiy ma'no va maqsad kasb etadigan yangilangan Konstitutsiyamiz, eng avvalo, ildamlik hodisasini yuzaga keltiradi. Bu “xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak”, degan katta maqsadimizga bizni kun sayin yaqinlashtiraveradi.

    Prezidentimiz “Siyosatni xalqqa yaqinlashtirish davri keldi”, deb ko'p bor aytgan va uning amaliy ifodasini davlat boshqaruvi tizimidagi tub o'zgarishlarda har birimiz ko'rib turibmiz.

    Shu o'rinda yana bir mulohazaga yo'l ochiladi: Konstitutsiya, bu, eng avvalo, muayyan zaminda dunyoga kelgan insonlarning munosib yashash huquqi, degani. Shunday ekan, yangi O'zbekistonda barqaror jamiyatni va ishonchli taraqqiyotni yaratish barchamizning bosh maslagimiz, maqsadimiz bo'lishi kerak.

    Inchunin, Prezidentimiz aytganidek, “Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo'ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, yangi O'zbekistonni, albatta, birgalikda barpo etamiz”.

    Qalandar ABDURAHMONOV,

    akademik