1997-yil may oyi edi. General Uchqin Rahimov va Tojiddin Jalilov bilan suhbatlashib qoldik.

— Tojiddin aka, oxirgi haftada bir varakayiga yettita nomzodlik ishi himoya qilindimi?

— Ha, Uchqin Sodiqovich, shunday, yettita nomzodlik ishi himoya qilindi.

— Tandirda somsa yopgandek boʻlibsizlar-ku, hay mayli, hammasi yaxshi-ku, lekin, meningcha, oshirib yubormadinglarmi?

— Ha, endi rahbariyat shunga ruxsat bergan boʻlsa, bizning qoʻlimizdan nima keladi?

Shu javobdan keyin Uchqin Sodiqovich Rahimov xotiralarga berilib, bir voqeani aytib berdilar:

— Men yetmishinchi yillarning oxirida Buxoro viloyati DXQ boshqarmasida boshliq boʻlib ishlar edim. Oʻsha yili Buxoro pedagogika instituti geografiya fakultetida Davlat imtihoni komissiyasining raisi sifatida qatnashdim. Geografiya fanidan sirtqi fakultetning bir bitiruvchisiga savol berdim: “Argentina davlati qayerda joylashgan?”. Bunday savol berishimga sabab, oʻsha yili Argentina terma jamoasi futbol boʻyicha jahon chempioni boʻlgan edi. Hammaning ogʻzida Argentina davlati boʻlib, juda mashhur boʻlib ketgan edi. Bitiruvchi : “Argentinami? U Peshkudan keyingi rayonku dedi. Geografiya yoʻnalishi boʻyicha oʻqishni tamomlayotgan bitiruvchining javobi meni oʻylantirib qoʻydi. Qayyoqqa qarab ketyapmiz, bunday ketishda kelajagimiz nima boʻladi? Shunday xayollar meni chulgʻab oldi.”

—Keyin nima qildingiz? , - soʻradilar Tojiddin aka.

— Oʻsha zahoti Davlat imtihonini bekor qilib, sirtqi fakultet bitiruvchilarini yana boshqatdan oʻqitish kerak deb taklif berdim. Taklifimni qabul qilishdi va talabalarni yana bir yil oʻqitib, soʻngra Davlat imtihonlarini topshirtirishdi.

— Toʻgʻri qaror qabul qilgan ekansiz, - dedilar Tojiddin Azimovich.

Suhbatning oxirida rulda ketayotgan va odob doirasida suhbatga aralashmayotgan, menga ularning ikkalasi ham nasihatlar qilishdi. Har bir ishda mezoning adolat va xalollikka tayansin deyishdi. Ilmiy faoliyatim bilan qiziqishdi. Men endi ilmiy mavzu olganimni aytdim. “Oson yoʻldan bormang, qiyin boʻlsa ham ishni oʻzingiz yozing!”, - dedilar Uchqin Sodiqovich. “Bunday deyishimga sabab ilmiy faoliyat bu juda masʼuliyatli ishdir. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida boʻlmasligi kerak. Unga jiddiy yondoshib, ishlash kerak. Bu faoliyatga yengil-yelpi qaramaslik lozim. Imiy faoliyatda andozalar boʻlmaydi, hamma oʻzi individual harakat qilishi darkor. Ilmda oʻz oʻrningiz boʻllishi lozim va xalqimiz ilmiy faoliyatingizdan manfaatdor boʻlishi kerak!”, - davom etdi general. Darhaqiqat, general Uchqin Rahimovning gaplari ayni haqiqat edi. Oʻsha vaqtda men endi ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullana boshlagan edim. General Uchqin Rahimov oʻzlari ilm odami boʻlmasa ham, menga toʻgʻri maslahat berganlar.

Navoiy 30-da Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov bilan maqolamning nashri boʻyicha uchrashgan edim. U kishi ilmiy mavzuimga qiziqib, savol-javob qilgan edilar. Shunday ulugʻ inson menga vaqt ajratib, ilmiy mavzuim boʻyicha yoʻnalishlar va maslahatlar berganlar. Bir gaplari hech yodimdan chiqmaydi: “Haminqadar fan doktori boʻlguncha, yaxshi fan nomzodi boʻlgin! Noming ilmda qolsin!”, - degandilar. Keyinchalik faoliyatimda akademik Baxtiyor Nazarov, akademik Azizxon Qayumov, akademik Toʻra Mirzayev, akademik Naim Karimov, Oʻzbekiston Qahramoni, professor Suyima Gʻaniyeva, Oʻzbekiston Qahramoni professor Ibrohim Gʻofurov, professorlar Saidbek Hasanov, Ibrohim Haqqulov, Noʻmonjon Rahimjonov, Boqijon Toʻxliyev, Bohodir Karimov va dotsentlar Omonulla Madayev, Shuhrat Rizayelar bilan muloqot qilishimga toʻgʻri keldi.

Ularning barchalarini ilmda aka-ukachilik ketmaydi degan gaplari hamon qulogʻim ostida yangrab turadi. Men bu gaplarimni ilmga endigina kirib kelayotgan yoshlarga qarata aytayapman. Chunonchi, yoshlar bir pasda falsafa doktori, yoki fan doktori boʻlishga va katta-katta maoshlar olishga qiziqishadi. Toʻgʻri, inson bir maqsad sari intiladi, lekin bu maqsadga qaysi yoʻl bilan borish mumkinligini chuqur mushohada qilishimiz lozim. Soʻnggi vaqtlarda oliy taʼlim muassasalarida sonni ketidan quvish anʼanaga aylanmoqda, bu, albatta, achinarli hol. Biz har bir ishimizda sifatga eʼtibor berishimiz toʻgʻriroq boʻlardi. Chunki bizning ilmiy salohiyatimiz yetishtirayotgan kadrlarni sifatiga qarab belgilanishi kerak. Qariyb oʻttiz yildan beri harbiy taʼlim sohasida ishlayotgan mutaxassis sifatida bir qiziq paradoksal holatni kuzatdim. Harbiy taʼlim muassasida qanchalik ilmiy salohiyat yuqori boʻlsa, shunchalik yetishtirayotgan kadrlarni sifati past boʻladi.

Donimandlar aytganidek, gʻalabaning otasi koʻp, magʻlubiyat yetim. Xulosa oʻrnida shuni aytishim mumkinki, qayerda son ketidan quvilsa, oʻsha yerda sifat buziladi. Buni hayotni oʻzi koʻrsatib turibdi. Biz qandaydir oltin oʻrtalikni topishimiz lozim. Taklifim shuki, oliy harbiy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyat ketidan xaddan ziyod quvmasa, balki eʼtiborni puxta va pishiq bilimga ega, har qanday vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qiladigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratsak. Chunki biz oddiy odamlarni emas, balki Ona-Vatanga koʻksini qalqon qiladigan ofitserlar korpusini tayyorlayapmiz!

Toʻlqin SAYDALIYEV,

filologiya fanlari nomzodi dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik.