баннер
16 Apr 2025
22:41

    Imom Termiziy saxovat haqida

    Ramazon fazilatlari

    O'zbekistondagi Buxoro, Samarqand, Nasaf (Qarshi), Xiva, Shosh (Toshkent), Termiz va boshqa shaharlar butun musulmon Sharqidagi ilmiy-madaniy markazlar qatorida mashhur bo'lgani o'rta asr tarixiy manbalarida bayon etilgan. Ayniqsa, ko'hna Surxon diyori ham tabarruk go'sha bo'lib, bu erdan Abu Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Varroq Termiziy kabi buyuk allomalar, avliyolar, olimlar etishib chiqqan.

    Shuningdek, Surxon zaminida Sulton Saodat maqbarasi, Kokildor ota, Xoja Samandar Termiziy, So'fi Olloyor, Xoja Alouddin Attor kabi ulug' zotlarning ziyoratgohlari joylashgan.

    Termiz mamlakatimizdagi eng ko'hna shaharlardan biri bo'lib, bu erda ilk o'rta asrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat rivojlangan. O'rta asr manbalarida bu erdan etishib chiqqan yuzdan ortiq olimlar haqida ma'lumotlar mavjud. Ular ilm-fanning turli sohalarida, jumladan, islom ilmlari, tabiiy va aniq fanlar, tarix, adabiyot sohalarida faoliyat olib borishgan. Olimlar va valiylar ko'pligi bois Termiz shahriga “Madinat ur-rijol” ─ “Avliyolar shahri” deb nom berishgan.

    Termiz shahridan etishib chiqqan allomalar at-Termiziy nisbasi bilan butun dunyoda mashhur bo'lganlar. Ana shunday zotlardan biri – hadis ilmining “oltin asri”da faoliyat yuritgan “Sihohi sitta” (“Oltita ishonchli muhaddis”) vakillaridan biri, buyuk muhaddis – Imom Termiziydir.

    Imom Termiziyning to'liq nomlari – Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug'iy at-Termiziy bo'lib, kunyalarn Abu Isodir. Hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug' qishlog'ida o'rta hol bir oilada tavallud topganlar.

    O'rta asr muarrixi Abu Sa'd Abdulkarim as-Sam'oniy Imom at-Termiziyning Bug' qishlog'ida tug'ilib, faoliyat ko'rsatgani uchun Bug'iy nisbasi bilan ham atalgani hamda ustozlari Imom al-Buxoriyning vafoti tufayli ko'p yig'laganlaridan umrlarining oxirida ko'zlari ojiz bo'lib qolgani tufayli “Zariyr” laqabini olganlarini qayd etgan.

    “Sunani Termiziy” (“Jomi' at-Termiziy”), “Ash-Shamoil an-nabaviyya” (“Ash-Shamoil al-Muhammadiyya”) – Imom at-Termiziyning shoh asarlaridan sanaladi. Ushbu asarlarda saxiylik go'zal xulqlardan hisoblanib, saxiylik – payg'ambarlar sifati ekani alohida ta'kidlangan.

    Jumladan, Imom Termiziy “Sunani Termiziy” asarida “Saxiylik” deb nomlangan alohida bob ajratgan va mazkur bobda saxovatga oid quyidagi hadisni keltirgan: “Saxiy Allohga yaqin, jannatga yaqin, insonlarga yaqin va jahannam olovidan uzoqdir. Baxil esa, Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va jahannam oloviga yaqindir. Albatta, johil saxiy Alloh taologa baxil obiddan ko'ra suyukliroqdir”.

    Sharh: Abululo Muborakfuriy “Tuhfa al-ahvoziy bi sharh “Jomi' at-Termiziy” asarida mazkur hadisni quyidagicha sharhlagan: “Darhaqiqat, saxiy mo'min mol-davlatini kerakli o'ringa sarflasa, Allohning rahmatiga yaqinlashadi, jannatga olib boradigan yo'lni qisqartiradi va odamlarning muhabbatini qozonadi. Chunki insonlar saxiy odamlarni yaxshi ko'radilar. Baxil esa, zakot kabi zimmasidagi farz vazifalarni bajarmagani uchun Allohning rahmatidan, jannatdan uzoqlashadi, odamlar qalbida unga nisbatan hurmatsizlik uyg'onadi”.

    “Saxiy” molni sarflashda Allohning roziligini o'z boyligidan ustun qo'ya oladigan kimsadir. Odamlar saxiy insonlarni yaxshi ko'radilar, undan foyda ko'rmasalar ham, uning saxiyligini hurmat qiladilar. “Baxil” o'z zimmasidagi farz va vojib sadaqalarni berishdan bosh tortadigan insondir.

    “Sunani Termiziy” asarida sadaqa, ehson, xayr-saxovat, zakot va ko'mak berishga doir hadislar keltirilgan.

    657-hadis: “Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilindi: “Nabiy sallollohu alayhi va sallamdan: “Ramazon ro'zasidan keyin qaysi ro'za afzalroq?” deb so'raldi. Aytdilar: “Ramazon ta'zimi (hurmati) uchun SHa'bon ro'zasi afzalroq!”. Keyin: “Qaysi sadaqa (ehson) afzalroq?” deyildi. “Ramazonda berilgan sadaqa (ehson)!” dedilar.

    658-hadis: “Sadaqa Rahmonning g'azabini so'ndirgay va yomon(xunuk) o'limni daf etgay”.

    664-hadis: “Odamlardan biri aytdiki: “Yo, Rasululloh! Mening onam vafot qildi. Uning (ruhi) uchun sadaqa (ehson) qilsam, unga foydasi tegadimi?”. Rasuli Akram sallollohu alayhi va sallam: “Ha” dedilar. Kishi aytdi: “Mening bir mevazor bog'im bor. Sizni shohid qilgaymanki, uni onam (ruhi) uchun sadaqa qilib berdim!”.

    Imom Termiziy “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” asarida payg'ambarimiz alayhissalomni shunday ta'riflaganlar: “ ...hammadan ziyoda saxiy zot edilar, hammadan ziyoda rost so'zlaguvchi va muloyim tabiatli, sharafli xonadonlik zot edilar...”.

    277-hadis: Ibn Abbos (roziyallohu anhu) dedilar: “Janobi Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ehsonda va karamda bani bashar jinsi qila olmagan saxovatni qilar edilar. O'zlari darveshona hayot kechirar edilar. Lekin ehsonda podshohlarni ham sharmisor etardilar. Butun yil ahvollari shu bo'lar edi. Lekin Ramazoni muborakda karamlari haddan tashqari bo'lar edi... Karamlaridan hamma barobor naf olar edi”.

    Imom Termiziy saxovat, ehson, sadaqa, saxovat va karamga doir eng ishonchli hadislarni to'plagan. Hozirgi kunda insonlar o'rtasida mehr-oqibat, xayr-saxovat, ehson va karam ko'rsatish kabi fazilatlarni targ'ib qilish va tarqatishda hadisi shariflarning o'rni beqiyosdir.

    Ne'matullo MUHAMEDOV,

    O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi kafedra mudiri,

    tarix fanlari doktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech