Jinoyat kodeksining 133-moddasi birinchi qismiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga asosan inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari va tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanyapti.

Biroq ushbu kodeks 133-moddasi birinichi qismining amaldagi tahririda shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki oʻlganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz ilmiy ishlar yoxud taʼlim ishlari uchun transplantatsiya qilish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Kodeksga kiritilayotgan oʻzgartishlarga asosan endilikda inson oʻz aʼzolarini ilmiy ishlar yoxud taʼlim ishlari uchun transplantatsiya qilishga rozilik bergan taqdirda yoki bunday rozilikni uning vafotidan soʻng yaqin qarindoshi berganda ham bunday ishlar uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin.

Shu sababli, Jinoyat kodeksi 133-moddasining birinchi qismini qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasida ham inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisi taqiqlanishi, 3-moddasida esa inson aʼzosini va (yoki) toʻqimalarini olishga ixtiyoriy rozilikning mavjudligi, bepul asosda hamda notarial tartibda tasdiqlangan yozma shaklda boʻlishi kerakligi belgilanmoqda.

Ushbu qoida Fuqarolik kodeksining 105-moddasi birinchi qismida qayd etilgan yozma shakldagi bitim tuzilishi kerakligini koʻrsatadi.

Biroq fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan kelishuvlarning boshqacha shakllari ham mavjud ekanligini qayd etish lozim.

Shu bois, inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalarining qonunga xilof tarzda transplantatsiya qilinishini oldini olish maqsadida mazkur turdagi bitimlar (shartnomalar) tuzilishi uchun ham jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasida inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyishi qayd etilgan.

Bu holatda “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Qonunning

5-moddasini “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq.

Qonunda tartibga solinadigan javobgarlik munosabatlarining ahamiyatini eʼtiborga olib, senatorlar ushbu Qonunni qayta koʻrib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Maʼlumot oʻrnida, qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ekspertlar ishtirokida har tomonlama oʻrganib chiqilgandan soʻng qayta koʻrib chiqish zarur degan xulosaga kelingan.

Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.