Yuksaklikda qanot qoqar xayol qushi magʻrur, xush,
U biladi – burgut yetar shavqli parvoz qadriga.
Kimdir aytar: “Magʻrur boʻlma! Hovliqmagin, pastga tush!”
Oʻshal kimsa yoʻliqqaydir qadrsizlik dardiga.

Oʻz qadrini bilsa oʻzbek oʻzgaga qul boʻlmagay,
Huquqini anglasa kim, boshqaga bergay imkon.
Yurakda erk oʻti yonsa, ul kuyub kul boʻlmagay,
Ozod Vatan yashar abad, obod boʻlar bu makon!

Inson qadri pista poʻchoq edi qay bir zamonda,
U davronlar endi tarix, aslo ortga qaytmagay.
Buyuklikning oʻqin otar “oʻzbek” otligʻ kamonda,
Shavkatli yurt farzandlari “Oh, qadrim!” deb aytmagay.

“Zoʻr kitobxon minar moshin!” – yangrar xurram xitoblar,
Bilimdonlar bellashgaydir dunyolarni unutib.
Mutolaa ulugʻlanar, xor boʻlmagay kitoblar,
Mahallada, oilada oʻqishar koʻzga surtib.

Choʻng musibat ketmogʻi shart, u kezindi uzoq vaqt,
Dunyo goʻyo sukunatda – biyron tillar bandi – gung.
Qadrin soʻrab qaror kutgay xaloskor ruh, qatʼiy ahd,
Jasoratga toʻlsa koʻngil arigaydir armon, mung.

Bir kun kelib, boʻron yelib, koʻkrak kerib boʻlgum boy,
Soʻzlagayman olam uzra erkin, hur tilim bilan.
Tugatilar kambagʻallik, muammo boʻlmas uy-joy,
Inson qadri pul bilanmas, oʻlchanar bilim bilan.

Nohaqlikka norozilik, tugʻilmasa eʼtiroz,
Inson zoti qadrlanmas, sepilmas baxt urugʻi.
Ziyolisi zabardast el topgusi izzat-eʼzoz,
Yurt qaddini tik qilgaydir butun xalqning ulugʻi.

Mamnun botar, kulib chiqar har oqshom, ham har sahar,
Quyosh sochib baxt shuʼlasin azim bogʻu boʻstonda.
Joʻr ovozda kuylagaydir har qishloq, ham har shahar,
Inson qadri ashulasin Yangi Oʻzbekistonda!

Muhammad VALI.