Unda respublikada sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 95 foizni tashkil etgan. Yil davomida 5,6 million nafar bola milliy emlash kalendari asosida 13 turdagi vaktsina bilan qamrab olingan. Bu mamlakatda epidemiologik barqarorlikni saqlashda muhim omil bo'lgan.

Virusli gepatit B va C kasalliklarini erta aniqlash maqsadida hududlarga qo'shimcha 510 mingta ekspress-test etkazib berilgan. Natijada skrining tekshiruvlari uchun ajratilgan testlar umumiy soni 2 million 434 ming 900 taga yetkazilgan. 2022 – 2025-yillar davomida 47 ming 732 nafar bemor to'liq davolangan.

Oziq-ovqat xavfsizligi ustidan nazorat kuchaytirilgan. O'tkazilgan tekshiruvlar davomida 33 ming 230 tonna sifatsiz hamda yaroqlilik muddati o'tgan mahsulotlar savdodan chiqarilgan. 2025-yilda 44 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan bo'lib, mas'ul tashkilotlar tomonidan profilaktik chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Tadbirni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Otabekov ochib berdi. U o'z nutqida 2026-yilda ham sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini ta'kidladi.

Shuningdek, qo'mitaga yil davomida 3 877 ta murojaat kelib tushgani, ularning 82 foizi ijobiy hal etilgani qayd etildi. Korruptsiyaviy xavflarni kamaytirish maqsadida maxsus xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqilgani ma'lum qilindi.

Matbuot anjumani yakunida mas'ul soha mutaxassislari OAV vakillari va blogerlarning savollariga batafsil javob berishdi.

— O'zbekiston hududi yopiq bo'lsa-da, xalqaro muloqot va chegaralar orqali yuqumli kasalliklar kirib kelishi ehtimoli mavjud. Shu bois asosiy vazifa — respublika hududini himoya qilish va aholini kasalliklardan asrashdir. Bu maqsadda sanitariya-epidemiologik nazorat, karantin hamda dezinfektsiya tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda, —  dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Otabekov.

Davlat chegaralaridagi nazorat punktlarida mutaxassislar kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun doimiy tayyorgarlik ko'rib boradi. Emlash esa aholi salomatligini ta'minlashda eng muhim chora-tadbirlardan biridir. Bolalar 6 oylikdan boshlab yuqumli kasalliklarga qarshi bosqichma-bosqich emlanadi. Bu og'ir asoratlar va o'lim holatlarining oldini olishga xizmat qiladi deya ta'kidladi Nurmat Otabekov.

Mutaxassislar ehtimoliy kasalliklar kirib kelishiga qarshi zarur reaktiv va vositalar bilan ta'minlangan. Kasallik aniqlangan taqdirda tezkor tashxis qo'yilib, profilaktik choralar ko'riladi.

Aholini xabardor qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolar kasallik sabablari, xavf guruhlari va emlashning ahamiyati haqida muntazam ma'lumotga ega bo'lib borishadi.

— Bugungi kunda ayniqsa, onalar bolalarining immunitetini mustahkamlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratishi lozim, — dedi mutaxassis.

Mamlakatimizda yuqumli kasalliklarning oldini olish bo'yicha izchil yo'lga qo'yilgan tizim epidemiologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mushtariy Komilova,

   Maftuna Xikmatullayeva