Inson Vatani, tili, madaniyati, jangovarligi bilan tirik

    Hozirda ozod mamlakatning har bir ongli fuqarosi oʻz hayotida dunyo axborot oqimlarining shiddatli zabtini sezib turadi, Istaydimi, istamaydimi, oʻzi ham shu axborot oqimlarining ishtirokchisiga aylanadi.

    Shu oʻta ziddiyatli oqimlarda SHAXS shakllanadi, mamlakatning yangi qiyofasi shakllanadi. Axborot ularning ichki hamda tashqi qiyofalariga dam-badam sifat oʻzgarishlarini olib kiradi.

    Keyingi vaqtlarda atrofimizda paydo boʻlayotgan axborotlar ichida bizni gʻoyatda quvontirayotganlari, ilhomlantirayotganlari, gʻayrat kamarini belga mahkam bogʻlab islohot duldulini dadil olgʻa boshlashga chaqirayotganlari bilan birgalikda XX1 asr dunyosida tamomila eskirib anaxronizmga aylanib ulgurgan imperiyachilik asoratlarini qoʻmsab ularni turli shakllarda tiklashga chaqirayotgan ovozlar ham quloqlarimizga bot-bot chalinib turadi.

    Ularni tinglab, shu oxir zamonda ham neokolonializm vasvasalari hali batamom tugab bitmagan ekan-da degan xulosaga kelasiz. Har holda ularga qaraganda, Oʻzbekiston mamlakati, oʻzbek xalqini yana tobe, zabun holga tushirishni orzu qilib, erta—kech shuni moʻljal olib, tayyorgarlik koʻrib yotgan tuban, ashaddiy bosqinchi kuchlar tarix sahnasidan badar yoʻqolmagan ekan-da deb chuqur oʻy-mulohazalarga botasiz.

    Boyqushu quzgʻunlarning inson qoni, zardobiga toʻymagan manhus ovozlari Yer yuzidan, goʻzal Markaziy Osiyodan oʻchmagan ekan-da, darvoqe, darhol bularning oldini birvarakay olmoq kerak degan ziyoli fikrga kelasiz.

    Oʻzbekiston ikki asr davom etgan, bizni xalq, inson sifatida yoʻq qilib yuborishga muttasil intilib kelgan tajovuzkor bosqinchi kuchlarning zulm-zoʻravonliklarini aslo unutgan emas. Ona yurt, ozodlik yoʻlida janglarda toʻkilgan qonlar muqaddas!
    Ikki asr sanoqsiz qurbonlar tabarruk yodi unutilgan emas.

    Xalqning ne-ne aql, salohiyat, isteʼdod yulduzlari nohaq qirildi, ne-ne asarlar mahv etildi, ne-ne obidalar xarobaga aylandi. Vatani, shaʼni, ozodligi, erki, dunyodagi oʻz haqqoniy oʻrni uchun fido boʻlgan ajdodlarning soʻzlari, xayollari, dasturlari biz uchun muqaddas, kurashlarga, janglarga chorlab ilhomlantirib turadi har damda! Ularning qutlugʻ qoni muqaddas qilgan yerimiz, suvimiz, musaffo havomizni saqlash, himoya qilish har birimiz uchun sharaf, farzandlik burchimiz, oʼmolimizdir.

    Biz yangi zamon quruvchilari, XX1 maʼruf asr ziyolilari, neokolonializm, imperiyachilik talvasalarini keskin va butunlay rad etamiz. XX1 asr olamida endi ularga aslo oʻrin yoʻq deb bilamiz. Ey, begunoh insonlar qonlarini toʻkishdan, bani basharga faqat zavol ketirishdan toʻymagan kimsalar, chekilingiz endi! Yetar Yer yuzini vayronalarga aylantirganingiz. Alhazar! Ilon-chayonlar soʻng dam kelganda oʻz zaharli nishlarini oʻzlariga urajaklar va yana oʻzlarini dumlaridan boshlab batamom yeb bitirajaklar, inshoalloh!

    Oʻzgalar moli, joniga toʻymaydiganlar borligini bilamiz.

    Biz zulm nish berganda qarab tomosha qilib oʻtiradigan xalq emasmiz. Tadbir aqldan deydilar, Tadbirimizni koʻramiz. Tahdid-tajovuzlarni maha etguvchi yaxlit yagona kuchga aylanamiz. Bunga irodamiz, matonatimiz yetarli. Jasoratimiz, strategiyamiz tarix sinovlaridan oʻtgan!

    Oʻzbekiston, oʻzbek xalqi tinchlikparvar, islohotparvar, ilmparvar xalq. Davlat rahbari, hukumati boshchiligida iqtisod, madaniyat, ilm-maʼrifat, xalqaro munosabatlarning rang-barang sohalarida samarali muloqotlar, aloqalar, hamkorliklarni keng yoʻlga qoʻymoqda. Taraqqiyparvarlik siyosatini asl siyosat darajasiga koʻtarmoqda. Mudhish ayirmachiliklarni qatʼiyan rad etmoqda.

    Ayirmachiliklar ne-ne kulfatlarni yogʻdirmadi Markaziy Osiyo, Turon-Turkiston xalqlarini boshiga, hayotiga! Oʻzbekiston rahbarining chin insonparvarlik va taraqqiyparvarlik siyosati jahon afkor ommasining tahsiniga, qoʻllab-quvvatlashiga erishmoqda. Millionlagan yosh avlod, millionlagan xotin-qizlar, oʻrta va keksa yoshdagi kishilar istiqlol hayotidan oʻz munosib oʻrnini topmoqda, bolalar bilim choʻqillarini ishgʻol qilmoqda, eng yangi tadqiqotlar umuminsoniyat, Yer yuzida hayotni saqlab qolish, ekologik madaniyat tamoyillarini kuchaytirishga xolis xizmat qilmoqda.

    Demokratik gʻoyalar xalq hayoti qarashlariga evolyutsion tarzda chuqur singib turmush farovonligini yuksaltirmoqda.Biz nima qilamiz? Chetdan kelayotgan doʻq—poʻpisalar, saltanatchilar ovozlaridagi tovlanishlarini indamay jon qulogʻi bilan tinglab oʻtiraveramizmi? Yoʻq, bu bizning yoʻlimiz emas! Odatimiz emas!

    Aslo qarab oʻtirmaymiz! Rang-barang diplomatik choralar koʻramiz, jahon afkor ommasining diqqat-eʼtiborini bu jabhalarga tinimsiz, hech qanday charchoq bilmasdan jalb etamiz. Hammadan ham muhim, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini qadam-baqadam izchil tarzda mustahkamlab boramiz. Yosh yigit-qizlarimiz jangovar boʻlishlari, eng yangi jahon harbiy bilimlari bilan qurollanishlari, eng yangi qurol-aslahalarni mukammal egallashlariga erishamiz.

    Neokolonializm tarafdorlarining irkit siyosatlari, magʻzavaga qorishgan kirdikorlariga befarq qaramaslik, it hurar, karvon oʻtar deb begʻam boʻlmaslik, tarixning shafqatsiz saboqlaridan hayot va kelajak uchun eng zarur xulosalarni chiqarish har birimiz uchun gʻoyatda muhim va bir zum ham kechiktirilmaydigan ishdir.

    1865-yil yoz oyi Toshkand ostonasidagi fojialar, 1918-yil bahor faslidagi qonga botgan muxtoriyatimiz bizdan javob soʻrashini hech kim hech qachon unutmasin. 1937-yil asl isteʼdodlarimiz shafqatsiz nobud qilingani oʻzbekman deganning, hech bir oʻzini vatanparvar sanaganning esidan chiqmasin.

    Tamomila puch va oʻta ketgan soxta narsalar, shoir aytmoqchi “shirin yolgʻonlar” aqlimizni band etmasin.XX1 asrda yashayotganimizni bir zum ham unutmaylik! XX asrda ikkita ogʻir jahon urushini boshidan kechirgan Yevropa va Amerika, Yaponiya toʻla tiklanib zoʻr taraqqiyot yoʻlidan ketmoqda. Biz esa shu asrda vayron va xarob boʻlib qoldik.Chunki tarixdan saboq chiqarmadik. Saboq chiqarmaganlar yoʻllarini yoʻqotadilar, gumroh nomini, tamgʻasini qozonadilar. Biz shuni istaymizmi? Juda toʻgʻri, it hurar, karvon oʻtar. Biroq biz qarab turmaylik!

    Ibrohim GʻAFUROV,
    Oʻzbekiston Qahramoni