Dilmurodjon shifokor sifatida koronavirus xavfini hammamizdan teranroq anglagan. Bu borada jahon tajribalarini oʻrganish bilan birga, bemorlarda kechayotgan holatlarni ham chuqur tahlil qilib borgan. Shu bois, u har qanday vaziyatga tayyor edi. Shunday boʻlsa-da, joriy yilning 29-mart kuni uni aynan koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoniga jalb qilganlarida, ochigʻi, biroz sarosimaga tushib qoldi. Chunki u sizu biz kabi oddiy inson. Bir lahzada 80 yoshni qoralagan ota-­onasi, endigina voyaga yetgan farzandlari koʻz oldiga keldi. Oilada yolgʻiz boquvchi boʻlgani bois, mabodo oʻzi virus yuqtirib olsa, oqibati nima boʻlishidan choʻchidi. Biroq hozir buni oʻylab oʻtiradigan payt emas. Shu kasbni tanladimi, demak, ishonchni oqlaydigan vaqt keldi.

— Inson salomatligini himoya qilishdek muhim vazifa oldida mening hayotim nima boʻlibdi, — deydi qahramonimiz qatʼiyatlilik bilan. — Qaysi vijdon bilan bosh tortaman bu ishdan?..

Xullas, Dilmurodjon qisqa muddat ichida 96 nafar bemorni davolash jarayonida ishtirok etdi. Ularning 30 nafarida Covid-19 alomati aniqlangan. Ayniqsa, 6 nafar bemorning holati ogʻir boʻlib, har soniyada salbiy yoki ijobiy natijani kutish mumkin edi. Shifokorlar, hamshiralar kunni-tunga, tunni-tongga uladilar. Har bir bemor hayotini asrab qolish uchun bor kuchini ayamadilar. Natijada 11-12 kun deganda bemorlar sogʻligʻi tiklana boshladi.

— Bu jarayon biz uchun ham taj­riba maktabi boʻldi, — dey­di Dilmurodjon. — Axir muolaja boshlashdan avval qaysi tajriba asosida ish olib borishimizni ham bilmasdik. Bemorlarning holatiga qarab ish koʻrishimizga toʻgʻri keldi. Ayniqsa, respublika boʻylab oʻtkazilgan onlayn konferensiyalar orqali oʻzaro tajriba almashdik. Shu tariqa bu borada tajriba maktabini yaratdik.

Insonni dard emas, vahima oʻldiradi. Bu kasallik respublikamizda ilk bor kuzatilgani uchun bemorlar nihoyatda kuchli ruhiy holatda edi. Ularning aksariyati “endi oʻlamanmi?”, deya bitta savolni berar edi. Bu savolni eshitgan tibbiyot xodimlarining ichidan zil ketishini tasavvur qilavering. Umidsizlik iskanjasidagi bemorni tirik qolishga ishontirish uchun ham shifokoru hamshiralar nechogʻliq ruhshunos boʻlishi kerakligini his qilgandirsiz!

Faoliyatim davomida eng yoshi 4 oylik, eng yoshi ulugʻi 96 yoshli bemorni davoladim. Yaxshiyamki, ular bizga ishondi, mana shu ishonch kuchimizga kuch qoʻshdi. Eng muhimi, butun bir xalqimiz biz tomonda boʻlib, odamlarimizning tibbiyotga boʻlgan munosabati tubdan oʻzgardi. Elimiz tomonidan yuksak ehtirom koʻrsatilayotgani yangi-yangi qirralarimizni-da kashf etishimizga katta turtki boʻldi. Bularning barchasi uchun minnatdorlik bildiramiz. Ayni damda bemorlarimizning najotkorlariga aylanib, ularning dardu quvonchiga sheriklikdan gʻoyat baxtiyor ekanimni alohida taʼkid­lashni istar edim.

Ha, bugun koronavirus bilan xastalangan bemorlarni davolagan Dilmurodjon Qalandarov singari tibbiyot xodimlari oʻzining jamiyatdagi oʻrni qay darajada ekanini yaxshi biladi. Eng muhimi, sohaning har bir vakili ana shuni his qilgan holda, koʻrinmas dushman bilan ayovsiz olishyapti. Buni esa barchamiz koʻrib, teran his qilib turibmiz. Eng katta hurmat-eʼtibor, eʼzoz va eʼtirof ham shu aslida!