Institutda sinxron tarjima xonasi ochildi

    Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar institutida xalqaro aloqalarning yangi bosqichida taʼlim sifatini oshirish va sinxron tarjimonlarni tayyorlash maqsadida zamonaviy, maxsus texnik jihozlar bilan taʼminlangan sinxron tarjima xonasi ochilgan.

    Globallashib borayotgan dunyoda mamlakatlar orasida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy aloqalar mustahkamlanib, davlatlar orasidagi integratsiya jarayoni jadal rivojlanmoqda. Turli darajadagi uchrashuvlar, xalqaro forumlar, anjumanlar oʻtkazilmoqda. Mana shunday pallada xalqaro anjuman ishtirokchilari orasidagi muloqotni taʼminlash uchun sinxron tarjimonlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.

    Tarjimon har ikkala tilni puxta yaxshi bilishi, ikki davlatning uzoq va yaqin tarixi, urf-odatlari, madaniyati, insonlarning hayot tarzi va boshqa jihatlarni soha mutaxassisi darajasida oʻzlashtirishi kerak.

    Sinxron tarjima jarayonida tarjimonning notiq fikrini oʻz vaqtida ilgʻay olmasligi va toʻliq ifodalab berolmasligi notiq va auditoriya orasidagi faol muloqotning sustlashishi, hatto tushunmovchiliklar, turli koʻrinishdagi noqulay vaziyatlar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
    Ushbu xona institut tadbirlarini yuqori darajada tashkil qilish va samarali muloqotni taʼminlash uchun ideal yechimdir. Ushbu loyiha sababli mehnat bozorida sinxron tarjimonlarga boʻlgan talabni qondirish, yetuk mutaxassislarni tayyorlash mumkin, deyiladi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti axborot xizmati xabarida.