Qishloq xo'jaligidagi islohotlarda klasterlar tayanch va lokomotiv vazifasini o'tayotir. Bu tizim qisqa muddatda katta yangilanishlarga zamin hozirlaydi. Xususan, yurtimizda etishtirilgan paxta xomashyosini qayta ishlash 100 foizga etkazildi. Kalava-ip ishlab chiqarish 2 barobar, tayyor mahsulot 3 barobar ortdi. eksport yil yakuniga qadar
3 milliard dollarga etishi kutilyapti.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida qish­loq xo'jaligida klasterlar tizimini rivoj­lantirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda shu kabi yutuqlar e'tirof etilishi barobarida tizimda kechiktirmay hal qilinishi lozim bo'lgan masalalarga ham ijobiy echim topildi.

— Aytish joizki, mazkur yig'ilish biz, soha vakillari uchun juda katta yangilik bo'ldi, — deydi O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov. — SHunday holat bor ediki, qishloq xo'jaligida ishlab chiqarish tsikli bilan uni moliyalashtirish jarayoni bir-biriga mutanosib emasdi. Masalan, erni ekishga tayyorlash ­oktyabr` oyidan, moliyalashtirish yanvar` yoki fevraldan boshlanardi. Yig'ilishda ana shu eski tizim endi to'liq o'zgarishi ta'kidlandi. Bundan keyin qishloq xo'jaligida moliyalashtirish-kreditlash shudgor davridan, ya'ni oktyabrdan boshlanadigan bo'ldi. Buning ahamiyati shuki, endi sohadagi klasterlar, fermerlarda oldindan hamma narsani olishga mablag' paydo bo'ladi.

Avvallari klasterlar tomonidan paxtani ekish, terib olish, birlamchi va chuqur qayta ishlab, undan qo'shimcha qiymatga ega bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarib, jahon bozoriga sotish 3-3,5 yil muddat olardi. Hozir shunday tizim yaratildiki, moliyalashtirish 11 oyga emas, 24 oyga belgilandi. YA'ni klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.

YAna bir yangilik. endi chetdan olib kelinadigan o'g'it, yoqilg'i moylash va butlash materiallari, texnikaga qo'yilgan cheklovlarning bari olib tashlandi. Bu kabi imtiyozlar qishloq xo'jaligi, klas­terlar rivojlanishi uchun juda katta imkoniyat.

Buxoroda ilk bor tashkil etilgan paxta-to'qimachilik klasteri ham O'zbekistonda ilk turdagi qaldirg'och tuzilma bo'lib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan  g'oyaning dastlabki amaliy natijasidir.

— Agrar tarmoqqa innovatsiyalarni keng tatbiq qilish, zaminimizda etishtirilayotgan xomashyoni o'zimizda chuqur qayta ishlash bugungi zamon talabi, — deydi “BCT Cluster” ta'sischisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan iqtisodchi M.Rahmatov. — Zero, qishloq xo'jaligi qanchalik sanoatlashsa, davlatning iqtisodiy va eksport salohiyati shunchalik ortadi. Xalqning turmush farovonligi yuksaladi. SHu bois, O'zbekistonda ke­yingi yillarda ilg'or texnologiyalarga asoslangan infratuzilmani yaratish, qishloq xo'jaligida klaster usulini joriy etishga jiddiy e'tibor qaratil­yapti. Ana shunday innovatsion loyihalardan birini Buxoro viloyatida amalga oshiryapmiz. Jumladan, “BCT Cluster”  davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-to'qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan bo'lib, paxta etishtirishdan tortib uni chuqur qayta ishlashgacha bo'lgan barcha texnologik zanjirni to'liq birlashtirgan majmuadir. Romitan tumanidagi 8 000 gektar maydonda paxta etishtirilsa, tola Buxoro shahrida bunyod etilgan zamonaviy to'qimachilik majmuasida qayta ishlanadi. Ushbu yirik loyihamizni amalga oshirish uchun jami 106,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o'zlashtirildi. Zanjirli ishlab chiqarishning oxirgi halqasi hisoblanadigan “Bukhara Cotton Textile” korxonasi uchun esa 65,2 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya yo'naltirildi. Natijada Buxoro shahridagi sobiq to'qimachilik kombinati hududida zamonaviy ishlab chiqarish ob'ekti paydo bo'ldi.

Beshta fabrikani birlashtirgan majmua

Ushbu yirik to'qimachilik fabrikasi xorijiy davlatlarda ham mijozlarga ega. Tarkibida 5 ta  — yigiruv, bo'yash, to'qimachilik, jinsi matosiga ishlov berish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasini birlashtirgan majmuaning umumiy maydoni 10 gektardan iborat. Korxona Germaniya, AQSH, Bel`giya, Frantsiyaning etakchi kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan.

Klaster tomonidan yiliga o'rtacha 26 ming tonna paxta xomashyosi tayyorlanadi va uni  birlamchi qayta ishlash orqali 9 100 tonna tola olinadi. Tola esa “Bukhara Cotton Textile” korxonasida qayta ishlanib, undan dastlabki bosqichda 8 450 tonna kalava-ip yigiriladi. Ke­yingi boqichlarda esa 15 million pogon metr “Denim” jinsi matolari to'qiladi va qo'shimcha qiymatga ega bo'lgan tayyor mahsulotga aylantiriladi. YA'ni tashqi va ichki bozorda raqobatdosh bo'lgan jinsi liboslar tikiladi.

Xorijda 100 ta savdo tarmog'i ochiladi

— Korxonamiz ayni paytda yiliga o'rtacha 12,5 million dona “Denim klassik” va “Denim streych” shimi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyor mahsulotimizning 80 foizini eksportga yo'naltirish ko'zda tutilgan. Klaster tomonidan O'zbekis­tonda birinchi milliy jinsi brendi — “B Jeans” yaratilgani esa navbatdagi yutug'imiz bo'ldi. Xaridorlarga ushbu yorliq ostidagi jinsi liboslar etkazib berish maqsadida Toshkent shahri,
Buxoro, Samarqand, Namangan, Andijon va Farg'ona viloyatlarida klaster savdo tarmoqlari ishga tushirildi. Bu esa zanjirli ishlab chiqarishning eng muhim bo'lgan yakuniy halqasi bog'langanidan dalolatdir, — deydi iqtisodiyot fanlari doktori  Murtazo Rahmatov.

Klaster yaqin kelajakda mamlakatimiz bo'yicha 50 ta ana shunday savdo do'koni ochishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, O'zbekistonning chet eldagi elchixonalari ko'magida xorijda 100 ta savdo nuqtasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan. Ayni vaqtda Tojikis­ton, Qozog'istonda savdo majmualari faoliyat ko'rsatayotgan bo'lsa, yaqin kunlarda CHexiya, Rossiya davlatlarida ham ochiladi. Bunday savdo tarmoqlari Evropa va Boltiqbo'yi davlatlari, YAponiya va hatto jinsi vatani bo'lgan AQSHda ham ish boshlashi rejalashtirilayotgani yurtimiz ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu milliy brendlarimiz tez orada dunyo bozorlarini egallashidan bir nishonadir.

“B Jeans”ning ilk namoyishdagi muvaffaqiyati

2020-yilda poytaxtimizda bo'lib o'tgan O'zbekiston madaniy meros haftaligi doirasidagi “Milliy liboslar — yangi renessans durdonalari” modalar namo­yishida birinchi o'zbek jinsi brendi hisoblangan “B Jeans” liboslar kollektsiyasi ilk namoyishidayoq katta  muvaffaqiyat qozondi. “VST Cluster” jinsi matolari asosida yaratilgan liboslar 40 dan ortiq mamlakatdan kelgan soha mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi. O'zida tabiiylik, qulaylik va hashamni mujassam etgan “B Jeans” kollektsiyasi “O'zbek milliy liboslari an'analarini saqlash va rivoj­lantirishga qo'shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplomga loyiq ko'rildi.

Ta'kidlash joizki, “Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolar rangining tabiiyligi bilan ham ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Ishlab chiqarishda zarur bo'ladigan tabiiy bo'yoq olish uchun esa xorijdan indigofera o'simligi urug'lari olib kelinib, o'zimizda etishtirish yo'lga qo'yilgani va pirovardida shu erning o'zida tabiiy bo'yoq olishga muvaffaq bo'lingani yana bir yuksak natijadir.

Davlatimiz rahbari joriy yil yanvarda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida “BCT Cluster” paxta-to'qimachilik klasterining “Bukhara Cotton Textile” to'qimachilik korxonasi faoliyati bilan ham tanishgan edi. Prezidentimiz tolani chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan ushbu korxonadagi ish jarayoni, mahsulotlar sifatini ko'zdan kechirib, jamoa mehnatini yuksak baholadi. Mahsulotlar turini ko'paytirish, dunyoga mashhur brend­lar bilan hamkorlikda kiyim-kechaklar ishlab chiqarish bo'yicha taklif va qimmatli maslahatlar berdi. Bu esa klasterda mehnat qilayotgan 6 ming kishilik jamoa­ning ishchanlik kayfiyatini ko'tardi, o'z ishiga bo'lgan mehrini yanada oshirdi.

Dunyoga mashhur brendlar bilan hamkorlik

Davlatimiz rahbari topshirig'idan kelib chiqib, klasterning galdagi rejalari ishlab chiqilib, ustuvor vazifalar belgilab olingan. Agar hozirgi kunda ­
35 turdagi va yuzlab modeldagi jinsi liboslar ishlab chiqarilayotgan bo'lsa, bozor talabi, xaridorlar istagidan kelib chiqqan holda, ularning turi kamida ikki barobar oshiriladi. Bundan tashqari, xalqaro brendlar bilan hamkorlikda kiyim-kechaklar ishlab chiqarish maqsadida chet el kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilyapti. Bu esa hozirdanoq o'zining samarasini bera boshladi. 

Prezident tashrifidan so'ng korxona “Collins” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Unga ko'ra, hamkorlikda jahon bozorida talab yuqori bo'lgan jinsi ki­yim-kechaklar ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, “DeFacto”, “Carrera Jeans”, “LCWaikiki”, “Inditex Group”, “Zara” singari xalqaro brendlar bilan kechayotgan muzokaralar ham yakuniy bosqichga keldi va ular bilan amaliy kelishuvga erishilishi kutilmoqda.

Klaster jamoasi o'z oldiga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko'paytirish va sifatini yanada yaxshilash evaziga O'zbekistonning jinsi buyumlari jahon bozoridan mustahamkam joy egallashiga hissa qo'shishni bosh maqsad qilib qo'ygan.  Buning uchun dunyodagi mashhur kompaniyalar bilan hamkorlikda eng kuchli dizayner-model`erlarni olib kelish bo'yicha sa'y-harakatlar davom ettirilyapti. Bularning barchasi klaster integratsiya, innovatsiya va iqtisodiy o'sish mezoni ekanini amalda to'liq isbotlashi muqarrar.

Gulichehra Durdiyeva,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri