Investitsiyalar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishda IHTT bilan hamkorlik faollashadi

    Investitsiyalar 5 Mart 2024 491

    Joriy yil 5-martda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Investitsiya departamenti rahbari Stiven Tomsen boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv davomida investitsiyalar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish sohasida hamkorlikni yanada faollashtirish istiqbollari muhokama etildi.

    Xususan, tomonlar Oʻzbekiston uchun “Barqaror investitsiya siyosatini isloh qilish boʻyicha yoʻl xaritasi” (RSIPR) yangi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Loyiha barcha qitʼalardagi 30 dan ortiq mamlakatlarda investitsiya muhitini baholash, shuningdek, uni yaxshilash boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish vositasi sifatida qoʻllanilgan IHTT Investitsiya siyosati sharhlariga asoslanadi.