Viloyatlarda bu xususda qilinayotgan ishlar ko‘lamini o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi tomonidan ishchi guruhlar tuzilgan.
Uyushma raisi bosh maslahatchisi Olimjon Jumayev boshchiligida ishchi guruh Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan "Zilol silk" MCHJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan chuqur qayta ishlash loyihasi bilan tanishdi. MChJning yillik ishlab chiqarish quvvati 24 tonna ipak, 9.2 tonna ipak momig‘i va 50 dona ipak gilamni tashkil etadi.
Bu yerda doimiy 631 nafar, mavsumiy 7 ming 410 nafar aholi ish bilan taʼminlangan.
"Zilol silk" MCHJ tomonidan 2021 yilda 875,5 ming dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilingan, 2022 yilda jami 987,8 ming dollarlik (shundan 2022 yil 1 chorakda 310,4 ming dollar) ipak maxsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, jarayonda tut ekish seminari ham o‘tkazildi.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Zulayho Mahkamova va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, 40 ming dona tut ko‘chati ekish kabi xayrli ishga bosh bo‘lishdi. Seminarda 2022 yilda pilla yetishtirishning muhim jihatlari, davlatimiz tomonidan pillakorlar uchun ajratiladigan subsidiya berish tartibi va pillakorlar uchun yaratilgan imtiyozlar hamda pilla yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha keng ko‘lamli tushuntirishlar berildi. Tutchilik sohasidagi yetuk olimlar, jumladan, Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti o‘qituvchilari tomonidan soha vakillariga pilla yetishtirishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida tavsiyalar berildi.
Maʼlumot o‘rnida: "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi 2022 yilning bahorgi mavsumida 78.2 million tup tut ko‘chati va nihollari yetishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.
Shuningdek, yil yakuniga qadar eskirgan 4.1 ming gektar tutzorlar yangilanishi rejalashtirilgan.