Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi uni hal etishning, atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim oʻzgarishlariga moslashish yoʻnalishlarini belgiladi. Oʻz vaqtida choralar qabul qilmaslik va atmosferada issiqxona gazlari miqdorini bundan keyin ham koʻpayishi holatida mamlakatlar iqlim oʻzgarishi borasidagi harakatlar uchun katta mablagʻlarni mobilizatsiya qilishlariga toʻgʻri keladi.

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻsib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida Oʻzbekiston 2017-yilda Parij Bitimini qabul qildi. Yangi kelishuvning asosiy qirralaridan biri rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda rivojlanayotgan davlatlar ham tashlanmalar miqdorini kamaytirish majburiyatini olishi belgilab qoʻyilgan. Kelishuvning asosiy maqsadi issiqxona gazlari tashlanmalarini sezilarli darajada kamaytirib, sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi oʻrtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi boʻyicha 1,5-2 gradus chegarasida ushlab turishga erishishdan iborat. 2020-yildan boshlab ijroga kirgan Parij tarixiy shartnomasi dunyo sathida iqlim masalasi boʻyicha kelishilgan birinchi shartnomadir.

Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi yangi Qonuni, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi taxrirdagi Qonunining qabul qilinishi, “Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va bir qator xukumat qarorlari ushbu xalqaro xujjat doirasida qabul qilingan majburiyatlar ijrosini taʼminlovchi xuquqiy asoslar boʻlib hisoblanadi.

Shuningdek, soʻngi 3-4 yil ichida Orol dengizining qurigan tubidagi 2 mln yer maydonida oʻrmonlashtirish ishlarining xamda “yashil xududlar” va “yashil belbogʻ”larning barpo etilishi Konvensiya ijrosining amaliy tadbirlaridir.

Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha iqlim oʻzgarishi boʻyicha strategiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur Strategiya asosida ishlab chiqiladigan “Yoʻl xaritasi” mamlakatimizda iqlim oʻzgarishlariga moslashish borasida manzilli chora-tadbirlarni maqsadli amalga oshirish imkonini beradi.

Parij kelishuvining ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekiston uchun qator manfaatli imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash boʻyicha Davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlar (Orol fojiasi, choʻllanish, qurgʻoqchilik)ga qarshi kurashish kabilarda imkoniyat yaratadi.

Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Mazkur bitimga muvofiq, Iqlim sohasidagi harakatlar kelajakdagi savdo kelishuvlari uchun shart boʻlishi mumkin. Fransiya hukumati Parij bitimiga aʼzolikni Yevropa Ittifoqi savdo kelishuvlaridagi muhim element sifatida qabul qilish taklifini bildirdi. Bu Yevropa Ittifoqi Parij bitimini ratifikatsiya qilmagan yoki uni amalga oshirmayotgan mamlakatlar bilan boshqa savdo-sotiq qilinmasligini anglatadi.

Shu jihatlarni, eng muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish gʻoyalariga sodiqligini koʻrsatadi. Ayni paytda bu Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyaga aʼzo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Islom XUSHVAQTOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati