Odatda muvaffaqiyatli rivojlanish uchun davlat qarzi YAIMning 60 foizidan oshmasligi kerak, deb hisoblanadi. Bundan tashqari, byudjetni boshqarish muvaffaqiyatini baholash uchun rasmiy ravishda qabul qilingan mezon mavjud. Mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli istiqbolda oʻsish surʼatlarini saqlab qolish uchun byudjet kamomadi YAIMning 3% idan, davlat qarzi esa 60% idan oshmasligiga doir mezonlar Yevropa Ittifoqi tomonidan Maastrixt kelishuviga kiritilgan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, jahon iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida tashqi qarzi boʻlmagan mamlakatlar deyarli qolmagan. Tashqi qarzlarning moliyaviy taʼsir kuchi iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmoqlarini moliyalashtirishga, yirik iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga va dunyodagi mavjud vaziyat oʻzgarganda iqtisodiyotni tezda tiklashga yordam beradi. Demak, qarz qancha koʻp boʻlsa, mamlakatga boʻlgan ishonch shuncha yuqori boʻladi. Aksincha, mamlakatga boʻlgan ishonch qancha yuqori boʻlsa, u shuncha koʻp pul jalb qilishi mumkin.
Dastavval umumiy tashqi qarz tarkibi haqida biroz aniqlik kiritib olish zarur. Xususiy sektor qancha qarz oladi, uni qanday qaytaradi – bu alohida masala. Ushbu qarzlarni qaytarish xususiy sektorning zimmasida boʻlar ekan, uning zamirida bozor konyunkturasi va turli xatarlarni hisobga olib qoʻshilgan qiymat yaratadigan, saralangan loyihalar yotibdi. Demak, xususiy sektor tashqi qarzini qaytarishi uchun yetarli asoslar mavjud. Xususiy tashqi qarz qaytmagan taqdirda ham biz, soliq toʻlovchilar uchun katta fojea emas.
Biroq davlat tashqi qarzi va uning aynan davlat byudjeti kamomadini qoplash maqsadida jalb qilinadigan qismi haqiqatda ancha jiddiy masala. Chunki davlat tashqi qarzi, xoh qisqa, xoh uzoq muddatli boʻlsin, joriy soliq toʻlovchilarni ham, kelajak soliq toʻlovchilarini ham birdek oʻylantiradi. Zero, bu yerda moliyani kreditdan farqlaydigan jihatlardan biri - qaytarish tamoyili amal qilmaydi. Yaʼni byudjetdan sarflangan mablagʻlarni oluvchi tomon qaytarmaydi. U kelgusi byudjet daromadlaridan, yaʼni asosan soliq toʻlovchilar mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.
Davlat investitsiya dasturi asosida loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilinayotgan tashqi qarz uni moliyalashtirish tarmogʻi yoki obyekti xususiyatlaridan kelib chiqib imtiyozli shartlarda ajratiladi. Bunday loyihalarni tanlab olishda ham aniq mezonlar, bosqichlar, bir soʻz bilan aytganda, sinalgan mexanizm amal qiladi.
Tashqi qarzning hajmi hattoki rivojlangan mamlakatlar aholisini katta tashvishga soladi hamda soliqlar koʻpayishi bilan xavotirlar paydo boʻladi. Bunga oʻxshash hadiklar mamlakat tashqi qarzini byudjet defitsitini qoplashga yoʻnaltirgan vaqtlarda keskinlashadi. Toʻgʻri, jahondagi umumiy vaziyat koronavirus pandemiyasi oqibatida ogʻirlashdi. Tabiiyki, pandemiya nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda davlat qarzi koʻpayishiga olib keldi.
Masalan, 2019-yil yakunlari boʻyicha Yaponiyaning davlat qarzi YAIMga nisbatan 236,6 foizni tashkil etgan. Yevropa Ittifoqi boʻyicha davlat qarzining YAIMga oʻrtacha nisbati 2020-yilning 1-choragida 79,5 foizni, yevrohududda esa 86,3 foizni tashkil etgan. 2020-yil 1-choragi holatiga davlat qarzining YAIMga nisbati eng yuqori boʻlgan YEI davlatlari qatoriga Gretsiya (176,7%), Italiya (137,6%), Portugaliya (120,0%), Belgiya (104,4%) va Fransiyani (101,2%) kiritish mumkin.
Bundan koʻrinadiki, hozirgi kunda YEIning aksariyat mamlakatlari uchun Maastrixt kelishuvida keltirilgan mezon amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotib boʻlgan.
Shuningdek, iqtisodiy jihatdan nochor davlatlardagi tashqi qarz bilan bogʻliq holatlar yana-da ayanchli ekanini kuzatish mumkin. Masalan, Mozambikda davlat qarzining YAIMga nisbati 2018-yilda 100 foiz boʻlgan boʻlsa, 2020-yilga kelib 130 foizga yetgan. Mazkur mamlakat shundoq ham juda kichik fiskal makonga ega edi. Bu esa mamlakatning xarajatlar tanlovi borasidagi imkoniyatini cheklab qoʻyadi.
Shuningdek, Afrikaning chuqur qarzga botgan mamlakatlari qatoriga Angola, Kongo, Jibuti va Misrni qoʻshish mumkin. Mazkur davlatlarda tashqi qarzning YAIMga nisbati 100 foizdan ortadi va pandemiya sharoitida moliyaviy qiyinchiliklarni hal etish jiddiy muammoga aylangan. Bu yerda gap qoʻshimcha tashqi qarz jalb qilmagan holda aynan pandemiya inqirozi oqibatida qarzga xizmat koʻrsatishning ogʻirlashgani haqida ketmoqda. Mazkur mamlakatlarga koʻmaklashishning birdan-bir yoʻli tashqi qarzni restrukturizatsiya qilgan holda qoʻshimcha begʻaraz moliyaviy yordam yoki imtiyozli shartlarda yangi qarz berish hisoblanadi.
Biroq restrukturizatsiya ham bunday mamlakatlarga uzoq muddatli istiqbolda doimo foyda keltiravermaydi. Pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan xarajatlarni oshirish va shu maqsadda tashqi qarzga xizmat koʻrsatish shartlarini yengillashtirish pirovardida pandemiyadan soʻng kechiktirilgan toʻlovlar hisobiga koʻproq qarz toʻlashga ham olib kelishi mumkin.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 2020-yilning iyun oyidagi murojaatida pandemiya tufayli 2020-yilda yana 50 million kishi oʻta qashshoqlik domiga tushib qolishi borasidagi xavotir ham bejiz emas. Shu bois, barcha yetakchi davlatlar hukumatlari koronavirus pandemiyasining iqtisodiy taʼsirini cheklash uchun favqulodda yordam choralariga yirik miqdorda mablagʻlar sarfladilar.
Qiyin umumiy vaziyatda ham mamlakatimiz tashqi manbalardan qarzlarning aksariyat qismini, asosan, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega strategik loyihalarni moliyalashtirish, jumladan, infratuzilmani rivojlantirishga yoʻnaltirgan.
Hozirgi davr murakkabliklari insoniyatni shoshirib qoʻymoqda. Pandemiya oqibatlarini yumshatish, insonlar hayotini saqlab qolish barcha mamlakatlarda eng ustuvor yoʻnalishga aylandi. Shubhasiz, yuqori davlat qarzi, xususan, xorijiy valyutada olingan tashqi qarzga xizmat koʻrsatish pandemiya bois yana-da murakkablashdi. YAIMning pasayishi, milliy valyuta qadri tushishi oqibatida davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshib bormoqda.
Fiskal makoni keng mamlakatlar davlat byudjeti xarajatlarni optimallashtirish, pandemiya sababli sharoitlari ogʻirlashgan sohalarni ustuvor ravishda qoʻllab-quvvatlashga harakat qilayotgan boʻlsa, bunday imkoniyatga ega boʻlmagan davlatlarda tashqi qarz miqdori ortishi yoki unga xizmat koʻrsatish shartlari yomonlashishi tendensiyalari kuzatilmoqda.
Oʻzbekistonda esa pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramay, xalqaro likvidlikka putur yetkazmagan, yaʼni xalqaro zaxiralarni sarflamagan holda tashqi qarz islohotlarni davom ettirish, ustuvor ravishda ijtimoiy soha loyihalarini moliyalashtirishga jalb etilmoqda. Bu esa ayni sharoitda mavjud tahdidlarga tezkor javob berish yoʻlidir.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, odatda tashqi qarz jalb qilinishidan avval yetarlicha asoslantirilgan loyiha va dasturlar ishlab chiqilishi, ular mamlakat uchun ayni paytda ortga surib boʻlmaydigan, strategik ahamiyatga ega, dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan boʻlishi, davlat tomonidan belgilab qoʻyilgan ustuvor yoʻnalishlarga mos kelishi shart. Masalan, 2020-2021-yillar uchun inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tiklash boʻyicha qabul qilingan keng koʻlamli dasturda tashqi qarzlardan samarali foydalanish, ularni ustuvor ravishda infratuzilma loyihalarini, iqtisodiy oʻsishga bevosita va ikkinchi darajali taʼsir koʻrsatadigan ijtimoiy obyektlarni moliyalashtirishga qaratish, aholi bandligini taʼminlash, shuningdek, kambagʻallikni qisqa va oʻrta muddatda qisqartirishga yoʻnaltirish belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi davlat kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi maʼqullangan. Mazkur dastur tarkibidan oʻrin olgan loyihalar mazmunidan koʻrinib turibdiki, davlat tashqi qarzining asosiy qismi neft-gaz, kimyo sanoati sohalarida yangi ishlab chiqarishni tashkil etish, issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish, ichimlik suv taʼminotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimini rivojlantirish va boshqa sanoat tarmoqlaridagi yangi loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan. Bu esa, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlari ham demakdir.
Shunday ekan, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish sohasiga investitsiyalar, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga jalb qilingan mablagʻlar pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi muqarrardir.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
iqtisod fanlari doktori, professor