Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, joyiga chiqib oʻrganish uchun Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi hududiy vakiliga yuborildi.

Aniqlanishicha, murojaatchi Q.D. 2003-yilning may oyida ishlab chiqarishga bogʻliq ravishda tan jarohati olgan. Shundan soʻng “SANOATTEXMONTAJ” MCHJ tomonidan mehnat qobiliyatini yoʻqotgani uchun 90 foiz pul mablagʻi toʻlab berilishi belgilangan.

Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi hududiy vakili tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat bandlik bosh boshqarmasiga soʻrov xati yuborilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga jamiyat tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan summa grafigi olindi.

Taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, haqiqatan ham “SANOATTEXMONTAJ” MCHJ tomonidan fuqaro Q.D.ga 2021-2022-yillarda mehnat qobiliyatini yoʻqotgani uchun regress toʻlovlaridan salkam 17 million soʻm kam mablagʻ toʻlangani aniqlandi.

Shundan soʻng Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari boʻyicha Chirchiq tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

2023-yil 13-yanvardagi sud majlisida Ombudsmanning daʼvo arizasi toʻliq qanoatlantirilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga kam toʻlangan summa toʻlab berilishi belgilandi.