Yurtdoshlarimiz hali unutgani yoʻq: murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida saxovatli tadbirkorlar xalqimizga madadkor boʻldi, yangi ish oʻrinlari yaratishda jonbozlik koʻrsatdi, muhtojlarga koʻmak berdi, ishlab chiqarish va eksport koʻlamini oshirdi.
20-avgustda boʻlgan oʻsha tarixiy uchrashuvda Prezidentimiz bu kabi fidoyi tadbirkorlarga rahmat aytgan, ularning 100 nafariga oʻz nomidan minnatdorlik xatini yoʻllagan edi.
Oradan qariyb bir yil oʻtdi. Bu qisqa vaqtda koʻp marralarni zabt etdik, katta yutuqlarni qoʻlga kiritdik, xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi maqsadlarimiz sari katta qadam tashladik. Jumladan, oʻtgan bir yil mobaynida yuzlab ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushdi, ming-minglab ish oʻrinlari paydo boʻldi, yangi turar joy, bogʻcha, taʼlim va tibbiyot muassasalari qurildi. Qanchadan-qancha yurtdoshimiz uy-joy bilan taʼminlandi, roʻzgʻoriga baraka kirdi.
Bularning bari shunchaki, oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq yoki kimdir chetdan kelib yordam bermadi. Bu aniq maqsad bilan yoʻlga qoʻyilgan, puxta oʻylangan katta islohotlar yutugʻi boʻldi. Ana shu yoʻlda Prezidentimiz tadbirkorlarni, u xoh mahalliy, xoh xorijlik boʻlsin, ishonchli qoʻllab-quvvatlagani, imtiyoz va imkoniyatlar bergani yaxshi samara koʻrsatdi.
Bu yil mustaqilligimizning 31 yilligini yorugʻ yuz, katta maqsad va rejalar bilan kutib olish taraddudidamiz. Shu kunlarda axborot manbalarida “Prezident bu yil ham tadbirkorlar bilan uchrashar ekan”, degan rasmiy xabarlar keng tarqalmoqda. Iqtisodchi-ekspertlar boʻlajak ochiq muloqot nafaqat tadbirkorlar, balki iqtisodiyotimiz rivoji va odamlar turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim tadbirlardan biri boʻlishiga ishonch bildirmoqda.
Binobarin, bugun Oʻzbekiston taraqqiyotida, yurtimizning jahon bozorida mustahkam oʻrin egallashida tadbirkorlikning oʻrni gʻoyat yuqori. Jumladan, har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod odam mehnat qilayotgani esa tadbirkorlikning iqtisodiy va ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni ham ortib borayotganini koʻrsatadi.
OCHIQ MULOQOTGA ASOS VA OCHIQ RAQAMLAR SHARHI
Deyarli har kuni tadbirkorlar bilan gaplashamiz, oʻy-fikrlarini soʻraymiz. Faoliyatidagi yangiliklardan xabardor boʻlgimiz keladi. Ular aytadiki: “Prezidentimiz bizga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Avval biror ishni boshlay desak, boshimiz gʻalvadan chiqmasdi. Bugun kredit yoki subsidiya olish, litsenziya, koʻchmas mulk va resurslarga ega boʻlish, eksport kabi masalalarda koʻplab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha mavjud cheklovlar, toʻsiq va gʻovlarga barham berildi. Bizga yana nima kerak? Faqat ishlash, yangi gʻoyalarni amalga oshirish qoldi. Elimizga foydamiz tegsa, shundan xursandmiz”.
Bundan xulosa shuki, bugun xalqimizda ham, davlat idoralarida ham tadbirkorlarga munosabat oʻzgardi, jamiyatda ularning obroʻsi ortdi. Natijada biznes bilan shugʻullanish istagida boʻlganlar safi tobora kengayib bormoqda.
Prezidentimiz tadbirkorlar bilan oʻtgan yilgi uchrashuvida “Agar biz iqtisodiyotimizni, ijtimoiy sohani yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur”, deya taʼkidlagan edi. Bu amalda oʻz aksini topayotganini yon-atrofimizdagi oʻzgarishlar, tadbirkorlar fikrlari misolida koʻrib turibmiz.
— Davlatimiz rahbari faol va ishonchli ishbilarmonlik muhiti uchun sharoit yaratib beryaptimi, shaxsan oʻzi qoʻllab-quvvatlab, himoyasiga olyaptimi, nima uchun tadbirkorlik qilmaslik kerak ekan?! — deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. — Oʻylaymanki, aksincha, eʼtibordan ruhlanib, kuch olib, yanada gʻayrat-shijoat bilan mehnat qilish zarur. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yilgi ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi tadbirkorlarimizni yangi-yangi marralar sari undadi. Chunki unda soha rivojiga oid koʻplab masalalar muhokama etildi. Biznes vakillarining taklif va mulohazalari, taʼbir joiz boʻlsa, dardlari eshitildi. Ayrimlariga shu yerning oʻzida yechim topib berildi.
Ochiq muloqotning nechogʻliq muhim ekanini quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Oʻtgan yilgi muloqot chogʻida Prezidentimiz sohani yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan 7 yoʻnalishdagi 57 ta yangi tashabbus va taklifni ilgari surdi va ularning ijrosi toʻliq taʼminlanmoqda.
Keling, shu oʻrinda davlatimiz rahbarining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga toʻxtalsak.
Qarorda oilalar daromadiga daromad qoʻshuvchi qator vazifalar belgilangan. Jumladan, Markaziy bank saytida chop etilgan maqolada keltirilishicha, bugungi kunda tegishli dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va uning turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga umumiy tartibda asosiy qarz boʻyicha 3 oydan 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ajratiladi. Dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yoʻnalishi) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha, bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha, “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlari va xomashyo materiallar xarid qilish, hunarmandlikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino hamda inshootlar sotib olish uchun 3 yilgacha hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 18 oygacha muddatga beriladi.
Kredit miqdori jismoniy shaxslarga 33 million soʻmgacha, davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi va boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha miqdorda hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida taqdim etiladi. Shuningdek, 225 million soʻmdan ortiq miqdordagi kreditlar kredit olish istagini bildiruvchi tadbirkorlik subyektlariga hokim yordamchisi tavsiyasiga muvofiq, tuman (shahar) hamda hududiy Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlarining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi qarori asosida beriladi.
Bu — yurtimizda oxirgi yillarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida qabul qilingan bir hujjatning ayrim vazifalari, xolos. Vaholanki, shu davr ichida 2 ta qonun, Prezidentning 7 ta farmoni va 10 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori hamda 18 turdagi boshqa hujjatlar qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalar esa yanada zalvorli. Masalan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar, sement ishlab chiqaruvchilar uchun foyda soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga kamaytirildi. Turistik yigʻimni hisoblash va toʻlash 2023-yilning sentyabr oyiga qadar toʻxtatildi.
Davlat ehtiyoji uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi oqibatida 347 ta tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan 105,2 milliard soʻm miqdoridagi zarar qoplab berilgan. Hududlarda maydoni 374 gektar boʻlgan 10,5 mingta yer uchastkasi auksionga chiqarilgan. Tijorat banklari tomonidan 561 ta ishbilarmonning 123 million dollarlik krediti milliy valyutaga oʻtkazildi.
— Mana shularning oʻziyoq shaxsan davlatimiz rahbari sohaning har bir jihatiga oʻzgacha eʼtibor va ragʻbat berayotganidan dalolat, — deya fikrini davom ettirdi D.Vahobov. — Qolaversa, bugun Oʻzbekiston dunyoga ochilmoqda. Jahon bozoriga intilmoqda. Aytaylik, avvallari biz ehtiyoj uchun zarur sementning 60-70 foizgacha qismini import qilgan boʻlsak, hozir uni eksport qilishgayam imkonimiz bor. Yaʼni qisqa muddat ichida hududlarda 10 dan ziyod korxona tashkil etildi. Muhimi, jarayon toʻxtab qolgani yoʻq. Ushbu yoʻnalishda yana bir necha loyiha amalga oshiriladi. Bu ayni shu qurilishbop mahsulot ishlab chiqarish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga sharoit yaratilgani samarasidir.
Bundan tashqari, biz terini ham faqat xomashyo sifatida chetga sotardik, xolos. Endi ularni qayta ishlab, yiliga oʻrtacha 400 million AQSH dollaridan ortiq eksport qilyapmiz. Toʻqimachilik sohasida alohida qarorlar qabul qilinishi natijasida oʻtgan yil yakuni boʻyicha mazkur sohada 3 milliard dollardan ortiq mahsulot xorij bozorlariga yetkazib berildi. Joriy yilning olti oyida bu koʻrsatkich 1 milliard 700 million dollarga yetdi. Qolaversa, joriy yilning yanvar-iyun oylarida yurtimiz boʻyicha 49 ming 702 ta kichik biznes subyekti tashkil etildi. Shundan 36 ming 200 dan ziyodi masʼuliyati cheklangan jamiyat, 6 ming 100 dan ortigʻi xususiy, 7 ming 200 dan koʻprogʻi oilaviy korxonadir.
IMKONIYAT YANGI BOZORLARGA YOʻL OCHADI
Darhaqiqat, qachonki tadbirkorlarga qoʻshimcha bozorga yoʻl ochilsa, u faoliyatini kengaytirishga qiziqadi. Shunda mahsulotiga talab oshadi. Bu uning daromadi ham koʻpayadi, deganidir. Shu jihatdan olganda, oʻtgan yili Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” dasturiga aʼzo boʻlishi yurtimiz ishbilarmonlariga ham, investorlarga ham katta imkoniyat yaratdi. Masalan, “GSP” (Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi) Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan 6 mingdan ortiq turdagi mahsulot Yevropa bozorlariga erkin kirib borishiga yoʻl ochadi.
Joriy yilda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga boykotning olib tashlanishi yurtimiz toʻqimachilik sanoatida eng jozibador mamlakatlardan biriga aylanishiga olib keladi. Bu esa toʻqimachilik sanoatida dunyodagi yetakchi korxonalarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishiga imkon yaratadi. Mamlakatda yangi-yangi ishlab chiqarish subyektlari paydo boʻlishi va yuzlab odamlarni ish bilan taʼminlashga, eksport hajmi oshishiga xizmat qiladi. Vaholanki, oʻzbek paxtasiga ilk bor 2009-yilda boykot eʼlon qilingan boʻlsa, oradan bir yil oʻtib “Cotton Campaign” koalitsiyasining ushbu chaqirigʻiga 60 dan ortiq kompaniya qoʻshilgandi. 2022-yilga kelib esa oʻzbek paxtasini boykot qilgan xalqaro brend hamda riteylerlar (savdo bilan shugʻullanuvchi kompaniya) soni 331 taga yetgandi. Ular orasida dunyoga mashhur brendlar bor. Tasavvur qiling, endi ularga oʻzbek paxtasi bilan ishlashda hech qanday muammo yoʻq. Oʻzbek tolasidan tayyorlangan mahsulot jahon bozorida erkin aylanadi. Oʻz oʻrnida, tadbirkorlarimiz ham oson va mustaqil ravishda xorijlik sheriklar bilan hamkorlik qila oladi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 90 foiz korxona kichik va oʻrta biznesga tegishli boʻlib, ular jahonning 63 foiz aholisini ish bilan taʼminlamoqda. Dunyoda kichik biznesning aksariyat qismi oilaviy korxona shaklida faoliyat yuritayotir. Yevropa Ittifoqida kichik va oʻrta biznesning umumiy salmogʻi 99,8 foizni tashkil etgani holda, aholining uchdan ikki qismi shu sohada band. Yevropa davlatlarida yalpi milliy mahsulotning 40-50 foizini, Osiyo mamlakatlarida 65 foizdan 82 foizgachasini, Lotin Amerikasida 70 foizga yaqinini oilaviy biznes ishlab chiqaradi. AQSH iqtisodiyotida uning ulushi 95 foizdan ziyod. Bulardan ayon boʻladiki, mamlakat rivoji va aholi bandligini taʼminlashda kichik biznesning ulushi juda muhim.
UCHRASHUVGA QANDAY TAYYORGARLIK KOʻRILMOQDA?
Tadbirkorlarning Prezidentimiz bilan galdagi muloqotiga ham koʻp vaqt qolmadi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlar muammosini tegishli vazirlik yoki idoralarga olib chiqadigan tashkilot, yaʼni oʻrtada oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtovchi vositachi sifatida jarayonga puxta hozirlik koʻrmoqda.
Palataning 30 dan ortiq mutaxassisi ikki oydan buyon tadbirkorlar murojaatlarini “1094” qisqa raqami yoki boshqa onlayn vositalar orqali qabul qilmoqda. Xususan, 18-iyul holatiga koʻra, 6500 ga yaqin murojaat olinib, sohalar boʻyicha tahlil qilinmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlikning muayyan tarmoqlari vakillari bilan alohida biznes uchrashuvlar tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari yigʻilmoqda. Mavjud kamchiliklar omillari oʻrganilmoqda. Qolaversa, palata ichida maxsus qoʻmitalar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilganki, bu tuzilma ham soha vakillari bilan ishlashni yengillashtirmoqda.
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan oʻtgan yil 20-avgustdagi ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi haqida gapirdik. Oʻshanda koʻplab tadbirkorlarimiz davlatimiz rahbari bilan bevosita muloqotga kirishgan va qator takliflar, tashabbuslarni aytgan edi. Bugun ularning ayrimlaridan oʻsha uchrashuvdan keyin qanday oʻzgarishlar roʻy berganini yozib oldik.
Sharofat NORIYEVA, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri rahbari:
– Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq va samimiy muloqoti chogʻida bizga soha oldidagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari, biznes muhitini yanada yaxshilash boʻyicha taklif hamda tashabbuslar berish imkoniyati yaratildi. Men ham bankdan olinayotgan kreditlar stavkasini pasaytirish va muddatini uzaytirish, shuningdek, xorijiy valyutada kredit olib, dollar yoki yevro kursi oshishi natijasida qiyin ahvolda qolgan koʻplab tadbirkorlarimizni koʻrib, chet el valyutasida olingan kreditlarni soʻmga oʻtkazishni soʻragandim. Ushbu taklifim qoʻllab-quvvatlandi.
Qolaversa, ushbu muloqotgacha xayolimdan nimaga deyarli barcha soha vakillarining kasb bayramlari bor-u, tadbirkorlarniki yoʻq, degan oʻy bir necha marotaba oʻtgandi. Buni qarangki, davlatimiz rahbari birinchi muloqot oʻtkazilgan sana — 20-avgustni Tadbirkorlar kuni sifatida keng nishonlashni taklif qildi. Toʻgʻrisi, bu barcha tadbirkorlarimizning dilidagi gap boʻldi.
Prezidentimiz bilan ushbu muloqotdan soʻng faoliyatimni kengaytirdim. Avvallari faqat gulchilik bilan shugʻullangan boʻlsam, hozir koʻp tarmoqli tadbirkorman. Yosh tadbirkorlarni oʻqitish uchun 100 oʻrinli markaz, klaster tashkil etdim. Shu bilan birga, tumanimizning Olmachi mahallasida Prezident vakili — hokim yordamchisi sifatida faoliyat koʻrsataman. Shu jamiyatning bir vakili, shu elning farzandi sifatida tajribamga tayanib, berilgan imkoniyatlardan foydalanib, oʻzim yashayotgan mahallani yanada obod qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, el duosini olishga bel bogʻlaganman.
Bu yil men uchun ham juda quvonchli keldi. Xotin-qizlar bayrami arafasida davlatimiz rahbari farmoniga koʻra, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. Mukofotni shaxsan Prezidentimizning oʻzidan olishga muyassar boʻldim. Bitta oddiy tadbirkorga shunchalik eʼtibordan qalbim quvonch, faxr va iftixorga toʻldi. Bu, oʻz navbatida, menga katta masʼuliyat yukladi.
Yaqinda davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ikkinchi ochiq muloqoti oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu ularning faoliyatiga bogʻliq masala, biznesini kengaytirish va rivojlantirishga turtki beradigan gʻoya hamda takliflar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri Prezidentimizga murojaat qilishi uchun navbatdagi imkoniyat boʻladi. Tadbirkorlarimiz ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, oʻz muammo va masalalariga yechim topishi shubhasiz. Eʼtibor va gʻamxoʻrliklarga javoban ular iqtisodiyotimizning turli sohalarida oʻzlarining bunyodkorlik va yaratuvchanlik, faollik va ishbilarmonlik jihatlarini koʻrsatib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshadi.
Odilbek MIRZAYEV, Toshkent shahridagi “PDP IT Academy” markazi rahbari:
– Prezidentimiz bilan bir yil oldin boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda chin maʼnoda biz, tadbirkorlar uchun katta imkoniyat yaratib berildi. Muloqotda davlatimiz rahbariga keyingi besh yillikda oʻrtacha oylik maoshi ikki ming dollar boʻlgan 100 ming dasturchini tayyorlash boʻyicha oʻz fikrlarimni aytgan edim. Prezidentimiz oʻsha joyning oʻzida Vazirlar Mahkamasi qarorini tayyorlash boʻyicha topshiriq berdi va bu qaror oʻn kun ichida qabul qilindi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, shaxsan davlatimiz rahbari qoʻllovi, eʼtibori tufayli Oʻzbekistondagi ilk “PDP University” xususiy oliy oʻquv yurtini tashkil etdik. Bu menga, umuman, tadbirkorlarga bildirilayotgan katta ishonch. Bu ishonchni oʻz mehnatimiz bilan oqlashga harakat qilamiz, albatta.
Hozir universitetimizga qabul davom etmoqda. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlar toʻrt yoʻnalishda oʻqitiladi va yetuk kadr sifatida tayyorlanadi.
Murod FARMONOV, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Murod farm tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi:
– Davlatimiz rahbari oʻtgan yili ilk bor biz, tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqot ishimizni yanada rivojlantirishga ilhomlantirdi. Xususan, ushbu uchrashuv oldidan tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar haqida soʻralgan edi. Murojaatlardan kelib chiqib, Prezidentimiz biznesni moliyalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, yer ajratish, infratuzilma kabi bir qator tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga toʻxtalib oʻtgan edi. Natijada aytib oʻtilgan masalalar yechimini faoliyatimizda his qilyapmiz.
Biz bundan unumli foydalangan holda, faoliyatimizni kengaytirishga bel bogʻladik. Bunga asta-sekin erishyapmiz. Korxonada tikuvchilik yoʻnalishi mavjud boʻlib, unda yuzga yaqin xotin-qiz ish bilan taʼminlangan. Berilgan imtiyozlardan foydalanib, yaqinda Xitoydan 250 ming AQSH dollarilik yangi uskunalar olib keldik. Tez orada yangi jihozlar oʻrnatilishi bilan yana oʻttiz kishi ishli boʻladi.
Shuningdek, Germaniyadan 30 bosh naslli qoramol keltirdik. Bugun ularni 100 boshga yetkazdik. Yaqinda Qamashi tumanidagi faoliyati toʻxtab qolgan dam olish sihatgohini qayta taʼmirlashga kirishdik. Tez orada bu yerda ham oʻnlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga yelka tutib, doim qoʻllab-quvvatlayotgan bir vaqtda jim turib boʻlmaydi. Har bir imkoniyatdan toʻgʻri foydalanib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga hissa qoʻshishimiz darkor. Bugun shu soha ortidan katta daromad topyapmiz, farovon turmush kechirib, farzandlarimizga qulayliklar yaratyapmiz. Bularning barchasi mamlakatimizdagi islohotlar keng quloch yozayotgani, tarixiy evrilishlar oʻzining dastlabki mevasini bera boshlaganidan dalolat.
***
Oʻsha uchrashuvda aytilgan gaplar, fikrlar tez orada amaliyotga koʻchayotgani bilan ahamiyatlidir. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻplab hujjatlar qabul qilinishi barobarida, ishbilarmonlar birin-ketin oʻz loyihalarini roʻyobga chiqaryaptiki, bu mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqi yoʻlida yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri











