Mazkur hujjat ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro sayyohlar oqimini oshirish, aviareyslarni koʻpaytirish, hamda turistik biznes vakillari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, oʻzaro efir vaqtlarini almashish, ikki mamlakatning mashhur musavvirlari koʻrgazmalarini tashkil etish, Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti va Isroildagi hamkor oʻquv muassasalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishni koʻzda tutadi.
Imzolash marosimidan soʻng Oʻzbekiston va Isroil turizm vazirlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob beridi. Jumladan, Yoyel Razvozov Oʻzbekistonning boy tarix va madaniy merosga ega mamlakat ekanini qayd etib, isroilliklarning yurtimizga sayohat qilish istagi tobora oshib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, yuqori martabali mehmon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarini alohida eʼtirof etdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Yoyel Razvozovning soʻzlariga koʻra, Kelishuvning imzolanishi Oʻzbekiston va Isroil oʻrtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish hamda oʻzaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish yoʻlida xizmat qiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi va Isroil davlati oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 30 yil toʻladi. Shu munosabat bilan Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi hamda Oʻzbekistonning Isroildagi turizm elchisi Xay Davidovning saʼy-harakatlari bilan 14-iyundan 21-iyunga qadar Isroilning 5ta shahri (Xolon, Ashdod, Petax Tikva, Ramle, Or Yuda)da oʻzbekistonlik xonanda Bahrom Nazarovning konsert dasturlari oʻtkaziladi. Madaniy dastur doirasida yurtimizning turistik salohiyati ham namoyish etiladi.
Bundan tashqari, Isroildan tashrif buyuruvchi turistlarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatimizda kosher standarti joriy qilinganini alohida taʼkidlash lozim.