Mazkur savdo missiyasining dastlabki kunida tashkil etilgan biznes-forumda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Isroillik ishbilarmonlarga, yirik kompaniyalar vakillariga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻining imkoniyatlari va ishlab chiqarish salohiyati yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.

Forum ishtirokchilariga bugungi kunda mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatining ishlab chiqarish imkoniyatlari, investitsion salohiyati, eksport koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, respublikamizda ayni sohaga oʻz sarmoyasini kiritish niyatida boʻlgan xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, davlat tomonidan berilayotgan soliq, bojxona imtiyozlari haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

Shu bilan birga bugungi kunda Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan charm-poyabzal va moʻynachilik korxonalari faoliyati, mahsulot turlari, mahalliylashtirish dasturi, xalqaro hamkorlik boʻyicha soʻz yuritildi.

Biznes-forum ishtirokchilari ayni yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralarga kirishdi. Shuningdek, B2B uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muloqotlar tashkil etildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Savdo missiyasi doirasida “Oʻzbekistonda tayyorlangan” yorligʻi ostidagi charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini Isroilga eksport qilish boʻyicha uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazildi. Ushbu savdo missiyasi yakuni bilan qator eksport shartnomalari va kelishuvlari imzolanishi kutiladi.