Istanbulning minoralari haqida qiziqarli ma’lumotlar

    Turizm 24 Dekabr 2024 312

    Istanbul – ikki qit’ada joylashgan yagona shaharligi, madaniy yodgorliklari, xushmanzara sohillari, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan qal’alari, muhtasham saroylari bilan nom qozongan shahar.

    Galata minorasi: Istanbul siluetining abadiy ramzi

    Shaharning ramziy obidalaridan sanalgan bu minora Istanbulning Yevropa qismida Bosforga qaragan holatda qad rostlagan baland binodir. Qolaversa, Galata dunyodagi eng qadimiy qal’alaridan biri bo‘lib, uning g‘ishtli fasadi, ravoqli derazalari va ajoyib konussimon tomini mujassam etgan noyob arxitekturasi Istanbul ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.

    Dastlab Sharqiy Rim imperatori Yustinian tomonidan 528 yilda qurilgan va 1384 yilda asosan Genuyadan kelgan italiyalik muhojirlar jamoasi tomonidan qayta qurilgan minora imperiyalarning yuksalishi va qulashiga guvoh bo‘lgan va turli vazifalarni bajargan. Rivoyatlarga ko‘ra, Usmoniylar davrida yashagan turk olimi Hezarfen Ahmad Chalabiy bir marta minora tepasidan qush qanotiga o‘xshash qanotlarni qo‘llariga bog‘langan holda Uskudarga uchib ketgan ekan.

    Minoraga ko‘tarilganda inson o‘zini go‘yo Istanbulning eng panoramali manzaralari orasida uchayotgandek his qiladi. Qizig‘i shundaki, minoraga kim bilan chiqsa, o‘sha bilan turmush quradi, degan gaplar ham yo‘q emas.

    Qiz minorasi: Bosforning sokin kuzatuvchisi

    Istanbulning eng mashhur va eng ko‘p ziyorat qilinadigan ramzlaridan biri bo‘lgan Qiz minorasi (Kız Kulesi) Bosfor bo‘g‘ozidagi kichik bir orolda joylashgan.

    Miloddan avvalgi V asrda bojxona nazorati punkti sifatida qurilgan minoradan tarix davomida kuzatuv maydonchasi, mayoq va karantin hududi sifatida foydalanilgan. Puxta restavratsiyadan so‘ng 2023 yilda yodgorlik va muzey sifatida qayta ochildi. Qiz minorasidan butun shahar kaftdek namoyon bo‘ladi, balanddan turib Istanbulning haqiqiy manzarasidan bahra olish mumkin.

    Bir rivoyatga ko‘ra, bashoratchi podshohga qizi ilon chaqishi tufayli o‘lishini aytadi. Shundan so‘ng, podshoh malikani o‘limdan asrash uchun qirg‘oqqa ushbu minorani qurdiradi. Biroq, u o‘z taqdiridan qochib qutula olmaydi: qasrga mevali savat bilan kirgan ilon malikani chaqib o‘ldiradi.

    Beyazit minorasi: Yong‘inni aniqlovchi minora

    Beyazit minorasi Beyazit maydonidagi Istanbul universitetining asosiy kampusida joylashgan yana bir tarixiy yodgorlikdir. Minora shaharning 360 graduslik ko‘rinishini kuzatish vazifasidan tashqari, turli xil ranglarni aks ettiruvchi yorug‘lik tizimlari orqali ob-havo ma’lumotlari haqida ham xabar beradi. Qizil rang qor yog‘ishini, moviy rang ochiq ob-havoni, yashil rang yomg‘ir yog‘ishini, sariq rang tumanni anglatadi. Albatta, Beyazit minorasi ham chuqur tarixga ega. Tarixiy yarim orolda ko‘plab ramziy inshootlarga yaqin joyda joylashgan minora Usmoniylar sultoni Mahmud II ning buyrug‘i bilan yong‘inni kuzatish va xabar berish maqsadida yog‘ochdan qurilgan. Yuqoridan shaharning uzoq masofali ko‘rinishini ta’minlaydigan ilk minora bo‘lib, u yong‘in o‘choqlarini aniqlashga xizmat qilgan.

    Biroq Istanbuldagi katta yong‘in paytida minora yonib ketgan. Nihoyat, 1828 yilda uning o‘rniga Usmonli barokko uslubida tosh minora qurilgan. Bugun ushbu tosh minoraga borib, Katta bozordan tortib Ayasofiyagacha bo‘lgan ko‘plab tarixiy diqqatga sazovor joylarni ko‘rish mumkin.

    Chamlija minorasi: Minoralarning eng balandi va eng yangisi

    Shaharning tabiiy cho‘qqilaridan biri bo‘lgan Kichik Chamlija tepaligida joylashgan Chamlija minorasi eng yangi minora bo‘lib, Istanbuldagi eng baland inshoot va Yevropadagi eng baland minoralardan biri hisoblanadi.

    49 qavatdan iborat va 369 metr balandlikdagi minora tele va radioeshittirishlar uchun amaliy foydalanishdan tashqari, 360 darajalik kuzatuv maydonchasi, restoran, katta kinoteatr va Mission Moon simulyasiya maydoniga ham ega.