Toshkent teleminorasi: 40-yillik tarix va poytaxtning eng baland gavhari

    Turizm ishqibozlarini nafaqat zamonaviy maskanlar, balki poytaxtdagi madaniy obidalar ham qiziqtiradi. Ayniqsa, sayyohlarning aksari Yunusobod tumanidagi Toshkent teleminorasini koʻrmay qaytmaydi.

    Toshkent shahri sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan poytaxtlardan biriga aylanib bormoqda. Keyingi yillardaqurilayotgan zamonaviy binolar, dam olish va savdo markazlarijahonning rivojlangan mamlakatlaridagi manzillardan qolishmaydi. Shu bois, shahrimiz doim olis-yaqindan kelganmehmonlar bilan gavjum. Turizm ishqibozlarini nafaqat zamonaviy maskanlar, balki poytaxtdagi madaniy obidalar ham qiziqtiradi. Ayniqsa, sayyohlarning aksari Yunusobod tumanidagi Toshkent teleminorasini koʻrmay qaytmaydi.

    Dunyoning mashhur teleminoralari qatorida koʻriladigan ushbu inshoot oʻz davrida zamonaviy meʼmorlikning eng ilgʻor texnologiyalari asosida bunyod etilgan. 1985-yil 15-yanvarda foydalanishga topshirilgan Toshkent teleminorasi 2025-yilning shu sanasida 40 yoshni qarshilaydi. Oradan shuncha yil oʻtganiga qaramay, inshoot hamon poytaxtimizning sharaf va iftixor timsoli boʻlib, Markaziy Osiyodagi eng baland teleminora sifatida tilga olinadi.

    Toshkent shahri manzaralari va goʻzalligini toʻliq tomosha qilish uchun bu minoradan balandroq joyni topish mahol. Inshoot ichkarisiga tomon dunyoning mashhur teleminoralari maketlaridan iborat muzey boʻylab oʻtib boriladi. 1990-yilda Toshkent teleminorasi Jahon buyuk minoralari jamiyatiga aʼzo boʻlgan. Ayni paytda milliy obidamiz dunyo teleminoralari orasida balandligi boʻyicha 12-oʻrinni egallab turibdi.

    Galereya yoʻlagi boʻylab teleminoraning lift foyesiga oʻtiladi. Bu yoʻlak ham oʻziga xos koʻrinishga ega boʻlib, yurtimizning diqqatga sazovor manzillari suratlari bilan bezatilgan. Lift foye qismida esa turli mavzulardagi sanʼat asarlarini tomosha qilish mumkin. Qator joylashtirilgan kompozitsiyalarning har biri oʻz nomiga ega. Masalan, bayram kompozitsiyasida milliy musiqa asboblarimiz, teleminora tasvirlari tushirilgan. Minoraning asosiy kuzatuv maydonchasi 100 metr balandlikda joylashgan.

    Undan ham teparoq, 110 metr balandlikda esa “Koinot” restoranining “moviy” va “alvon” zallari mavjud. Restoranlarning aylanadigan pol platformasi uning oʻziga xosligidir. Stol atrofiga oʻtirgan mehmonlar ham taomlanib, ham shahar manzarasini 360 daraja aylangan holda tomosha qiladi.

    Pol harakatlangan nuqtasiga 45 daqiqada aylanib kelguniga qadar shaharning goʻzal manzarasidan bir olam zavq olish mumkin. Toshkent teleminorasi poytaxtning ramziy obidalaridan sanaladi. Uni shaharning istalgan nuqtasidan koʻrish mumkin. Oʻziga xos goʻzalligi va savlati har qanday odamning havasini keltiradi.

    Ammo bu minora faqatgina tomosha maydoni yoki sayyohlik obyekti emas. Uning yanada muhimroq vazifasi bor – Toshkent teleminorasi bunyod etilganidan buyon hozirga qadar yurtdoshlarimizga televi-deniye va radiodasturlarni uzluksiz hamda sifatli uzatib berishga xizmat qilib kelmoqda.


    Aslida, Toshkent teleminorasini qurishdan maqsad yurtimizda birinchilardan boʻlib asos solingan televideniyeni rivojlantirish edi. Minora qurilishi va ishga tushirilishi katta bir tarix sifatida yodga olinadi. 40-yillik yubiley oldidan ana shu tarixga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimiz televideniyesining tamal toshi ayni shu teleminorada qoʻyilganiga guvoh boʻlamiz.

    Teledasturlarni uzatuvchi asosiy nuqta

    XX asrning 50-yillarida Oʻzbekiston hukumati Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib televideniye markazi qurilishini rejalashtirdi. Shu maqsadda dastlab 1956-yili balandligi 180 metrli teleminora qad rostladi. Oʻsha yilning 5-noyabrida Oʻzbekistonda birinchi telemarkaz – Toshkent telemarkazi ishga tushirilib, televideniye dasturlari ushbu minoradan tarqatila boshlandi. Televideniye, shubhasiz, insoniyat hayotidagi buyuk kashfiyotdir. Ushbu kashfiyot XX asr odamlari turmush tarzini oʻzgartirdi, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tub burilish yasadi. Turmushning rangsiz, zerikarli manzaralari oʻrnini endi odamlarga maʼnaviy ozuqa, estetik zavq, rangin kayfiyat beradigan sanʼat asarlari, ijtimoiy hayot nafasini beruvchi yangiliklar namoyishi egalladi. Uning insonlar hayotidagi oʻrni va bajaradigan vazifasi salmogʻini chamalash qiyin. Oʻzbek xonadonlarida dunyoda birinchi boʻlib ekran ichida harakatlanayotgan olam, tiriklik aks etgan moʻjiza tugʻildi. U xonadonlarga iznsiz kirib, toʻppa-toʻgʻri xonaning toʻridan joy oldi. Oila aʼzolarini bir dasturxon atrofiga jam qildi va kamiga shu xonadonni zabt etgani belgisi sifatida oʻz “bayrogʻi” — antennani ilib qoʻydi. Shu bilan u zafarli yurishlarini boshladi.

    XX asrning 60-yillariga kelib, televideniye Oʻzbekiston xalqi madaniy hayotidan mustahkam oʻrin egalladi. Oʻz navbatida, Toshkent shahri va viloyati hududida yashovchi aholi ehtiyojini qondirish, yaʼni televizion koʻrsatuvlar sonini koʻpaytirish va togʻ ortida joylashgan qishloqlarda yashovchi aholini telekoʻrsatuvlar bilan taʼminlashda mavjud 180 metrli teleminoraning texnik imkoniyatlari kamlik qila boshladi. Shu sababli baland va zamonaviy teleminora qurish davr talabi boʻlib qoldi. Ana shu yerdan biz bilgan Toshkent teleminorasining tarixi boshlandi. Avvaliga teleminora loyihasi va maketi tasdiqlandi. Soʻng yangi teleminora qurilishi uchun Toshkent shahrining eng baland nuqtalaridan biri boʻlgan Boʻzsuv kanali boʻyidan koʻrkam, manzarali, oʻz ichiga orolchani ham qamrab olgan 6 gektar yer maydoni ajratildi. Loyihalashtirish davrida asosiy yoʻnalish hisoblangan televideniye va radioeshittirishdan tashqari yana qator masalalar hal etilishi lozim edi. Teleminoraning eng yuqori qavatlarida xalq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan, atmosferaning turli qatlamlaridagi ob-havo, osmon jismlari va quyosh radiatsiyasi (nurlanishi) toʻgʻrisidagi muhim maʼlumotlarni berib turadigan va atrof-muhitni kuzatuvchi meteostansiyaning texnik vositalari oʻrnatilishiga eʼtibor qaratildi. Qolaversa, teleminora sayyohlarni jalb etadigan obidalardan boʻlishi uchun unda shahar koʻrkini tomosha qilish maydoni hamda ikki zaldan iborat restoran qurish loyihaga kiritildi.

    Shu tariqa loyihalar tayyorlanib, rejalar tuzildi. 1978-yilning aprel oyiga kelib esa qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bunday balandlikdagi ilk minorani qurish haqiqiy sinov edi. Poydevor qurilishining oʻzi 4 oy davom etib, 11 ming kub metr beton qorishmasi va ming tonna temir armatura ishlatildi. Minora poydevoriga asosiy markaz tayanchi va detallar joylashtirilgan uchta tayanch oyoq oʻrnatilgan, uning ostida esa temir-beton qorishmasidan iborat kuchli massa joylashtirilgan. Asosiy markaziy tayanch balandligi boʻyicha besh qavatli 225 metrga teng ikkita yarusga ega. Har bitta yarus milliy tusdagi naqsh bilan bezatilgan jimjimali panjara bilan oʻralgan va bu minoraga oʻziga xos joziba berib turadi. Umuman, qurilish maydonida chinakamiga ijodiy muhit hukm surardi. Izlanishlar orqali qurilish jarayonida yirik elementli konstruksiyalarni oʻrnatishning yangi usullari topilib, ularga patentlik guvohnomalari berilgan va bu usullar ixtiro deb eʼtirof etilgan.

    Teleminoraning hajm-balandlik kompozitsiyasini shakllantirishda bu masalaning nafaqat estetik, balki iqtisodiy, tibbiy, psixologik va boshqa jihatlari hisobga olindi. Minora konstruksiyalarini temirdan tayyorlash usuli qabul qilindi, chunki bu usul seysmik faol hududda amalga oshiriladigan qurilish talablariga boshqa usullarga qaraganda toʻlaroq javob berardi. Psixologik nuqtayi nazardan minorada ishlovchi xodimlar hamda mehmonlarda balandlik va minoraning tebranishi oqibatidagi noqulaylik hislarini yoʻqotish masalasi yechimini topish kerak edi. Shuning uchun balandligi 100-120 metr boʻlgan uchta temir ustun tutashgan yerda joylashgan kuzatuv maydonchasi va restoran atrofi maxsus oynalar bilan oʻralib, uning orqasidan ham quyoshdan saqlanish, ham xavfsizlik maqsadida jimjimador temir panjara oʻrnatildi. Asosiy eʼtibor inshootning estetik va arxitektura koʻrinishiga qaratildi. Teleminora shaharning yangi gʻoyasiga aylanib, nafaqat uning koʻrkiga koʻrk qoʻshishi, balki yangi ramzini aks ettirishi lozim edi. Qolaversa, loyihachilar oldiga boshqa shaharlarda foydalanilgan arxitektura uslublari Toshkentda takrorlanmasligi talabi qoʻyilgan. Teleminoraga kiraverish (vestibyul)ni bezashda koʻpgina milliy uslublar va mahalliy meʼmorlik materiallari qoʻllandi. Jumladan, Gʻozgʻon (Nurota) marmari, marmarsimon ohagi, granit toshi va ganchlardan foydalanilgan. Oʻymakorlik sanʼati bilan tayyorlangan jimjimador pannolar, oynalar va yogʻochdan tayyorlangan eshiklar oʻrnatildi.

    Minoradagi yangiliklardan yana biri – Shveysariyadagi “Shindler” kompaniyasining mamlakatimizda avval qoʻllanilmagan, 220 metr balandlikkacha koʻtariladigan uchta tezyurar lifti oʻrnatildi. Binoning 100 metr balandligida tomosha maydonchasi, 105 metr balandlikda “moviy” va 110 metr balandlikda “alvon” zalli restoran qurildi. Teleminoraga 5,20 kilovatt quvvatga ega 5 ta teleuzatgich va 4 ta radioeshittirish dasturini uzatish imkoniyatiga ega boʻlgan 4 kilovattli 2 ta UQT CHM “Dojd-2” radiostansiyasi oʻrnatildi.

    Qush parvozi balandligidagi moʻjiza

    Shunday qilib, minora asta-sekin qad rostladi va 1983-yil fevral oyida Oʻzbekiston bayrogʻi ilk marotaba 375 metr balandlikka koʻtarildi. Mamlakatimiz tarixidagi eng baland teleminoraning ochilishi esa 1985-yil 15-yanvarga belgilandi. Shu kuni xuddi bahordagidek quyosh charaqlab turgani ham ramziy maʼnoga egadek. Toshkent teleminorasining ochilish marosimi katta tantana bilan oʻtkazilgan. Mehmonlar minoraning antiqaligi, bajarilgan ishlar sifati, foyening mozaik panno bilan badiiy bezatilgani, osma shiftlar, liftlarga mahliyo boʻlgan. Restoran zallari, osma yoritkichlar, Irena Lipene muallifligida bajarilgan shishadan yasalgan kompozitsiya, xalq ustasi Mahmud Usmonov boshchiligida yaratilgan ganchkor naqshlar, oʻymakorlik qoʻllanilgan eshiklar mehmonlarni hayratga soldi.

    Ochigʻi, Toshkent teleminorasi qurilishi haqiqatan juda mashaqqatli, shu bilan birga tarixiy voqelik edi. Uni qurishdan tortib, xalqimizga topshirishgacha boʻlgan jarayonda fidokorona mehnat qilgan koʻplab insonlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Loyiha mualliflarining maqsadi teleminorani aholi doimiy tashrif buyuradigan maskanga aylantirish edi. Ularning bu maqsadi amalga oshdi va Toshkent teleminorasi poytaxtimizning gavhari sifatida doimo sayyohlarni oʻziga chorlab kelmoqda.

    Parijda Eyfel, Toshkentda teleminora

    Sayyohlik tendensiyalari zamonaviylik bilan birga oʻzgarib bormoqda. Jahonda sayyohlikning yangi yoʻnalishlari rivojlanib, yurtimizga kirib kelyapti. Shu bois, mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Iqtisodiy jihatdan yetakchi tarmoqqa aylanayotgan bu sohada imkoniyatlarimiz keng. Mazkur yoʻnalishdagi loyihalar koʻlami salmoqli. Shunday sharoitda Toshkent teleminorasi jozibadorligini oshirish, sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi tegishli qarori bilan Toshkent teleminorasi moddiy-madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari (arxitektura obyekti) milliy roʻyxatiga kiritilgan. Shu bois binoni taʼmirlashda uning arxitektura koʻrinishi saqlanib qolishiga katta eʼtibor qaratiladi. Chunki inshoot aynan XX asrni eslatuvchi, oʻsha davr muhitini zamonaviylik bilan uygʻun aks ettiradigan maskan hamdir. Mehmonlarning koʻpi ayni shu muhitni koʻrish istagida keladi.

    Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida “Isteʼmolchilarga televizion signalni uzatish va yer usti televizion eshittirish, kabel televideniyesi, IP televideniye, maʼlumotlar uzatish tarmoqlari, mobil aloqa, internet texnologiyalaridan foydalangan holda teleradioeshittirish, televizion va radio xizmatlarining barcha turlarini toʻliq qamrab olgan holda raqamli eshittirishni takomillashtirishimiz lozim”ligini taʼkidlagan edi. Toshkent teleminorasi ayni shu vazifani bajarishda asosiy nuqta hisoblanadi. Bugungi kunda teleminorada zamonaviy, yuqori sifatli, dunyodagi eng ilgʻor raqamli teleuzatgichlar komplekslari oʻrnatilgan va faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shu bilan birga, inshootning turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan faol ishlar izchil davom etayotir. Bunda, avvalo, mehmonlar, xorijlik sayyohlarga qator qulayliklar yaratilyapti. Jumladan, ilgari teleminoraning tomosha maydonchasi va “Koinot” restoraniga tashrif buyuruvchilarga oʻzlari bilan mobil qurilmalarni olib kirishga ruxsat etilmagan. Bugungi kunda ushbu tartib bekor qilingan. Shuningdek, Toshkent teleminorasining tomosha maydonchasi va restoraniga kirish uchun tashrif buyuruvchilardan avvalgidek shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmayapti. Ushbu talab 2019-yil 16-noyabrdan bekor qilindi.

    Teleminoraga kirishda QR-kodli tizim qurilmalari ishga tushirilib, chiptalarni xarid qilish va boshqa amaliyotlar toʻliq raqamlashtirildi. Inshootga kirish qismida maʼlumotlar doskasi, yarim hajmli elementdan teleminora surati, dunyoning mashhur shaharlari vaqtlarini koʻrsatuvchi soatlar, maʼlumotlar stikeri hamda teleminoraga oʻtish yoʻlagida koʻrsatkichli va yoʻnaltiruvchi stikerlar qoʻyildi. Toshkent teleminorasiga oʻrnatilgan illyuminatsion yoritish chiroqlari esa poytaxtimizning tungi koʻrinishiga yanada koʻrk qoʻshmoqda.

    Murodjon SOBIROV,

    “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK bosh direktori