Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asarini italyan tilida yuqori poligrafik sifatda chop etdi.

Bu yil nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligi keng nishonlanmoqda.

Sohibqiron Amir Temurning avlodi Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida oʻzidan takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.

Bobur ijodining durdonasi, hech shubhasiz, XV-XVI asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eronda sodir boʻlgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi “Boburnoma” tarixiy-biografik asaridir. Gʻoyat muhim va koʻp qirrali maʼlumotlar asosida mohirona tartib berilgan ushbu xotira kitobini mazmun jihatidan beqiyos hayotiy ensiklopediyaga qiyoslash mumkin. “Boburnoma” oʻzida xalqimizning azaliy qadriyatlari, intellektual va maʼnaviy olami xazinalarini bamisoli koʻzgudek aks ettiradi.

Ushbu nashr oʻzbek va italyan xalqlari oʻrtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi.

Kitob davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Soʻzboshisi bilan ochiladi.

Maʼlumki, “Boburnoma” koʻp asrlar davomida turli ilmiy yoʻnalishlardagi Sharq va Gʻarb tadqiqotchilarining eʼtiborini oʻziga tortib keladi. Dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan ushbu nodir kitob endilikda birinchi bor italyan oʻquvchilariga ham taqdim etilmoqda.

Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etgan.

Atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini tomonidan “Boburnoma” asariga yozilgan kirish soʻzida Bobur “Soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib”, deb taʼriflanadi. “Boburnoma”ni oʻqishga jazm qilgan yevropalik kitobxon undan bosh koʻtarolmay qolishi shubhasiz. Shu asnoda insonparvar papa Piy II – Enea Silvio Pikkolominining “Izohlar”i, imperator Pyotr Leopold Gabsburgning avtobiografik mulohazalari beixtiyor xayolga keladi; baʼzan oʻquvchi oʻzini Montenni, baʼzan esa Marko Polo yoki Buyuk Fridrix yoxud Melvillni mutolaa qilayotgandek his etadi”, deb taʼkidlaydi Kardini.

Tarjimon Federiko Pastore kitobga yozgan sharhida “Boburnoma” “oʻz davrining kundalik hayotini qayta tiklashga imkon beradigan, islom tamadduniga xos avtobiografik asarning ilk rostgoʻy namunasi” ekaniga alohida urgʻu beradi.

Asarning italyancha tarjimasi Uiler M.Takstonning ingliz tilidagi tarjimasiga asoslangan boʻlib, u Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar koʻproq va toʻliqligicha saqlab qolgan, “zero, xotiralarning yaxlitligi XVI asr Osiyo tarixidagi asosiy qahramonlardan birining yorqin qiyofasini aniq aks ettiradi”.

Ushbu nashr Boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyura bilan bezatilgan. Bu suratlar oʻsha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni toʻliq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib beradigan rangtasvirning ilgʻor yoʻnalishi boʻlgan. Mashhur moʻjaz rasmlar ranglar palitrasi, nafis bezaklari va teran maʼnosi bilan ajralib turadi.

Koʻp nusxada chop etilgan “Boburnoma” kitobi Italiya va Yevropaning koʻplab kitob markazlariga taqdim qilinadi.

Quyida italiyalik atoqli olim va adib Franko Kardinining “Boburnoma” haqidagi essesi juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼlon qilinmoqda.

Soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib

Biz – “Gʻarb ahli”ning dunyodagi boshqa xalqlar madaniyati oldidagi qarzimiz, soʻzsiz, nihoyatda katta: biz oʻzgalarning yurtiga bostirib kirganmiz, ularning mol-mulkini talon-toroj qilganmiz, oʻzimizga boʻysundirganmiz. Hatto bizlar yaratgan Rim huquqi, qayta-qayta oʻqilgani va nasroniylik taʼlimoti orqali joriy etilganiga qaramasdan, bizning istilochilar, qotillar, quldorlar kabi harakat qilishimizga yoʻl qoʻyib bergani maʼlum.

Bu borada isbot talab etmaydigan bir haqiqatni taʼkidlash kerak: bizning oʻzga xalqlar molu davlatini tortib olishdan ham, ularni ozodligidan, hayotidan mahrum qilishdan ham koʻra shafqatsizroq kirdikorlarimiz boʻlgan. Yaʼni, bizdan boshqacha fikrlagani, boshqacha yashagani uchun gʻayri millat va elatlarni mensimasdan, ularga “past” toifa deb qarab kelganimiz sir emas.

Bizning zulmimizga qarshi turishga ularning qurol-yarogʻi ham, baʼzan hatto xohish-istaklari ham yoʻq edi. Oʻzga xalqlarning ilm-fan, sanʼat, goʻzallik borasidagi qadriyatlarini biz hech vaqt, hatto yaqin-yaqinlargacha ham nazar-pisand qilmaganmiz. Bizni faqatgina ularning moddiy boyliklarini qoʻlga kiritish qiziqtirar edi.

Biz hatto oʻz jinoyatlarimizni tezroq yashirish va oʻzimizni oqlash uchun “tarixi yoʻq xalqlar” degan soxta tushunchani oʻylab topdik. Holbuki, biz ushbu millatlardan zoʻrlik bilan tortib olgan boyliklar aslida ularning haqiqiy, asl va nihoyatda behisob xazinalarining yuzaki, tashqi bir qismi edi, xolos.

Shuning uchun keyinchalik bu maʼnaviy boyliklarning qadriga yeta boshlaganimizda ham biz ushbu masalaga mustamlakachilik ruhi bilan yoki yanglish tasavvurimizga koʻra, oʻz bilimini ularning ilmiga nisbatan ustun deb hisoblaydigan antropolog sifatida yondashib ish koʻrganmiz.

Mana endi kalavaning uchini yoʻqotgach, biz nadomat ila iqror boʻlyapmizki, agar oʻzga xalqlarning hayoti va tafakkur tarzini oʻz vaqtida oʻrganganimizda va anglaganimizda edi, biz oʻzimizni nafaqat jinoiy qilmishlar va suiisteʼmolchilik illatidan himoya qilgan, balki barcha toʻsiq va gʻovlar oʻz mohiyatini yoʻqotgan bugungi zamonda (garchi bir vaqtlar sodir etgan adolatsiz ishlarimiz sababli koʻnglimizda noxush xotiralar qolgan boʻlsa ham) ular bilan birga yashashimizni osonlashtirgan boʻlardik.

Biz oʻtmish va kelajak haqidagi tushuncha va tasavvurlarimizni ham oʻzgartirdik – ekzotika va oriyentalizmga xos voqelikni bor holicha qabul qildik. Boz ustiga, taxminan XVIII asrdan buyon bosib kelayotgan tarixiy yoʻlimiz mobaynida oʻzimizni oqlash uchun goʻyoki bu tamaddunni, bu urf-odatlarni, bu manzaralarni, bu tovushlarni, hatto hidlar va taʼmlarni ham sevib qoldik. Dunyoning oʻzi kabi koʻhna bu aʼmol bamisoli goʻzal qurboniga oxir-oqibatda oshiqu beqaror boʻlib qolgan fotih qismatini eslatadi.

Ammo biz baʼzan oʻzimizning noraso xilqat ekanimizni ham oshkora tan olib qoʻyamiz. Ilmiy-texnik kashfiyotlar taraqqiyoti nafaqat savdo sohasidagi, balki eng avvalo, ilmiy, madaniy, estetika va etika borasidagi necha ming yillik tasavvurlarimiz va munosabatlarimizni oʻzgartirib yubordi.

Faqat mana endi, asrlar boʻyi kechikkan holda, ushbu moʻjiza goʻyoki bizga ilgaritdan tanishdek, hozir esa “boshqa xalqlar bilan” yuzma-yuz kelib, ular bilan olib borayotgan muloqotimiz ijobiy natijalarni berayotgandek qabul qilmoqdamiz.

Masalan, Buyuk moʻgʻullar yoki aniqrogʻi, Boburiylar sulolasi davridagi Hindistonning viqor va hashamatiga qayta nazar solar ekanmiz, biz bu azim shaharlar, saroylar va bogʻlarning koʻrku jamoliga qarab, oʻz madaniy taraqqiyotimizning avj nuqtasida yaratgan Uygʻonish davri yutuqlariga teng, baʼzi oʻrinlarda esa ulardan ziyoda boʻlgan “oʻzga Renessans”ni koʻramiz. Biz faqat oʻzimizga taskin berish uchun bu odamlar bizni ham qahr-gʻazab, shafqatsizlik, ochkoʻzlik va hiyla-nayrangga oʻrgatishlari mumkin edi, deya olamiz, xolos.

Zahiriddin Muhammad ayni vaqtda Bobur nomi bilan tanilgan ulugʻ shaxsdir (Bobur – musulmoncha ulugʻvor ism boʻlib, fors tilida babr, yaʼni, “yoʻlbars” maʼnosini bildiradi. Xuddi Temur ismi “temir”ni anglatganday). Uning hayoti va faoliyati eroniylarning azaliy gʻanimi boʻlgan Oʻrol-Oltoy qabilalari egallagan Kaspiy dengizi, Hindikush va Tiyonshon togʻlari oʻrtasidagi bepoyon kengliklarda shakllangan Turon madaniyatiga xos ajoyib va yorqin bir misol boʻla oladi.

Bobur mansub boʻlgan turkiy qavmlar vaqti-soati kelib, oʻrtadagi minglarcha tafovutga qaramasdan, eroniylar bilan umumiy madaniyat qura bildilar va turk-eron-arab “uchligi” doirasida lingvistik harakat qildilar. Yaʼni, oʻz hayotlari davomida baʼzan Olloh haqida va Olloh bilan soʻzlashuvchi arab tilini, goho muhabbat va shukuhni ifodalovchi fors tilini, baʼzan esa harbiy salohiyat va jangovar qudratni namoyon etguvchi turk tilini navbatma-navbat qoʻllab keldilar.

Bobur 1483-yil fevral oyida Andijonda, “Ipak yoʻli” tarmoqlaridan birida joylashgan qadimiy shaharda dunyoga keldi. Bu kent hozirgi Xitoyning Shinjon viloyatidagi Koshgʻar, Qirgʻizistondagi Oʻsh hamda Fargʻona vodiysidagi Qoʻqon oraligʻida, bugungi Oʻzbekiston hududida joylashgan.

Bobur Samarqandning afsonaviy hukmdori Amir Temurning evarasi, temuriyzoda Umarshayx Mirzo va Chingizxonning olis avlodi boʻlmish aslzoda malika – Qutlugʻ Nigorxonimning toʻngʻich oʻgʻlidir.

U eski oʻzbek tilida soʻzlashgan, lekin butun Markaziy Osiyo uchun mushtarak hisoblangan fors tilini ham, tabiiyki, Qurʼonni qiroat bilan oʻqish va tushunish, sharhlash uchun arab tilini ham yaxshi bilgan. Boburga ergashgan odamlar, uning lashkari ham etnik jihatdan rang-barang boʻlgan.

Bobur qisqa umr koʻrgan: Hindiston shimolidagi keyinchalik moʻjizaviy Tojmahal bunyod etilgan Agra shahrida 1530-yili vafot etgan. Oʻsha vaqtda u 47 yoshda boʻlib, bu XVI asr uchun uncha kichik yosh sanalmaydi (qariyb uch yuz yildan keyin vafot etgan Napoleon Boburdan atigi besh yosh katta boʻlgan, xolos. Ammo, bunga qaramasdan, XIX asrda Muqaddas Yelena orolidagi shifokorlar XVI asrdagi hind saroyi tabiblaridan kuchli boʻlgan, deb taʼkidlash joiz emas, balki buning aksi ham boʻlishi mumkin).

Bobur 1511 va 1512-yillar oraligʻida janubga – togʻli Kobulga chekinishdan avval bir vaqtlar Amir Temur davlatiga qarashli boʻlgan bir necha shaharlarni qoʻlga kiritishga erishdi.

Bu yerdan unga Hindiston sari yoʻl ochildi: aynan shu manzilda lohurlik loʻdiylar sulolasiga mansub shahzodalar hamda hind rajputlari ittifoqi uni tabiiy boyliklari moʻl boʻlgan ushbu yarim orolni zabt etish uchun gijgijladilar.

Va nihoyat, Bobur harbiy yurish boshlashga qaror qildi: 1526-yilda Panipatda boʻlib oʻtgan jangda oʻzining tezkor va ajoyib harbiy taktikasi va zambaraklarining ustunligi bois loʻdiy hukmdorlarining soʻnggi namoyandasi boʻlmish Ibrohim II ustidan gʻalaba qozondi.

Shundan keyin Bobur Hindistonda muqim qolib ketdi. Ammo bu oʻlka shohning koʻngliga oʻtirishmadi: bu elning oʻziga boʻlgan munosabatidan, mamlakat iqlimining ogʻirligi, yaxshi otlar va muz yoʻqligidan, yegulikning sifatidan nolib yozgan soʻzlari “Boburnoma” sahifalarida saqlanib qolgan. Bu hol biroz gʻalati boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin Bobur hayotni, hayot neʼmatlarini xush koʻradigan inson edi. Umri taxt ustida oʻtgan boʻlsa-da, badiiy ijod bilan shugʻullanishni yoqtirardi. Biz Bobur haqida juda koʻp narsalarni, hattoki shohning shaxsiy hayotiga oid anchagina maʼlumotlarni, jumladan, uning dardu tashvishlari, turfa hissiyotlari xususida bevosita oʻzi yaratgan asarlar orqali xabardor boʻlamiz.

Kobulda, u oʻz taʼbiri bilan aytganda, “dunyodagi eng goʻzal” bogʻlarni barpo etgan (bu muazzam bogʻlar 2002-yilgacha – Amerikaning Afgʻonistonga muvaffaqiyatsiz bosqiniga qadar saqlanib qolgan edi).

Bularning barchasi va boshqa koʻplab noyob maʼlumotlar bizga eski oʻzbek tilida yozilgan va keyinchalik koʻplab tillarga, shu jumladan, endilikda italyan tiliga ham tarjima qilingan “Boburnoma” orqali ayon boʻladi.

Bu shunchaki tarixiy qiymatga ega boʻlgan kundalik, sayohatnoma, xotira, avtobiografiya, solnomagina emas, balki ushbu muhtasham asar muallif hukmdorning oʻz zamonasida mavjud boʻlgan soxta va balandparvoz adabiy uslublarni inkor etadigan ilmiy-badiiy salohiyatini ham yaqqol namoyon etadi.

“Boburnoma”ni oʻqishga jazm qilgan yevropalik kitobxon undan bosh koʻtarolmay qolishi shubhasiz. Shu asnoda insonparvar papa Piy II – Enea Silvio Pikkolominining “Izohlar”i, imperator Pyotr Leopold Gabsburgning avtobiografik mulohazalari beixtiyor xayolga keladi; baʼzan oʻquvchi oʻzini Montenni, baʼzan esa Marko Polo yoki Buyuk Fridrix yoxud Melvillni mutolaa qilayotgandek his etadi.

Bobur soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adibdir.

Franko KARDINI,

atoqli italyan olimi va adibi.