Safar doirasida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “Italiya-O‘zbekiston” Savdo-sanoat palatasi (CIUZ) ko‘magida dunyodagi eng nufuzli teatrlardan biri – La Skala opera teatri, uning akademiyasi, balet maktabi va ijodiy jamoa rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari akademiya faoliyati, uning tuzilmasi va tashkil etilishi bilan yaqindan tanishganlari barobarida yosh raqqosalar uchun imtihonlar o‘tkazilishi jarayonlarini ham kuzatishdi.
La Skala teatri akademiyasi 4 ta maktab-fakultetdan tashkil topgan. Ular musiqa, raqs, sahna sanʼati va boshqaruv maktablaridan iborat. Bu yerda har yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan mingdan ortiq talaba (taxminan 500 nafari professional kurslarda va 500 nafari boshlang‘ich kurslarda) 30 ta dastur bo‘yicha tahsil oladi. O‘qitish jarayoni mashg‘ulot va amaliyotga asoslangan. Talabalar taniqli rejissyorlar, xonandalar, dirijyor va raqqosalar bilan birgalikda konsertlar, spektakllar, ko‘rgazma va seminarlarda muntazam qatnashadi. O‘qish va malaka oshirishda muvaffaqiyatga erishgan bitiruvchilar bilan La Skala teatrida ishlash uchun shartnomalar tuziladi. Akademiya direktori Luiza Vinchining aytishicha, taʼlim muassasasi har yili talabalar uchun 600 ming yevro grant ajratadi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston teatrlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik bildirildi.
La Skala teatri akademiyasi, O‘zbekistonning tegishli teatri va “Italiya-O‘zbekiston” Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzishga kelishib olindi.
Teatr direktori Franko Malgrande O‘zbekiston delegatsiyasini teatr faoliyati va binolari bilan tanishdirdi, uning tashkiliy tuzilishi, xodimlari soni va taqsimoti, kengash aʼzolari hamda ularning vazifalari haqidagi batafsil maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. La Skala teatrining O‘zbekistonga gastrol safarini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.