Bu haqda Bankning axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur mablagʻlar “Ish oʻrinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish” (Access to Finance for Jobs and Growth Project, FINGROW) loyihasini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

Loyihaning asosiy maqsadi kapital tanqisligini boshdan kechirayotgan mikro, kichik va oʻrta korxonalarning (MKOʻK) moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ular kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilishdan iborat.

FINGROW loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ orqali amalga oshiriladi. Kompaniyaning shoʻba tuzilmalari banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy investorlar bilan hamkorlikda MKOʻKlarga kredit kafolatlari berish hamda korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashadi.

Jahon bankining maʼlum qilishicha, 2030-yilga qadar ushbu loyiha doirasida taxminan 7 ming MKOʻK, jumladan 4,5 ming ayollar va yoshlar rahbarligidagi korxonalar moliyalashtirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa 100 mingga yaqin yangi va munosib haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, yuqori oʻsish salohiyatiga ega boʻlgan 70 tagacha kichik va oʻrta korxona kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali qoʻllab-quvvatlanadi. Loyiha doirasida qoʻshimcha 500 million dollarga yaqin xususiy kapitalni jalb etish rejalashtirilgan.

Mazkur tashabbus Jahon banki guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida biznesni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 4 milliard dollarlik FINGROW mintaqaviy dasturining bir qismi hisoblanadi. Oʻzbekiston ushbu dastur doirasida yordam olgan birinchi mamlakatlardan biri boʻldi.