Masalan, avvalroq xalqaro ekspertlar “omikron”ning yangi versiyalari dunyo boʻylab keng tarqala boshlaganidan xavotir bildirishgan edi. BA.2.12.1 subvarianti — shulardan biri. Mazkur mutatsiyaning oʻchogʻi Nyu-York shahri hisoblanadi. U butun Qoʻshma Shtatlarni shiddat bilan “zabt” etmoqda. Hatto mamlakatning qator shtatlarida allaqachon dominantga aylanib ulgurgan.
Xoʻsh, yangi variant nega mutaxassislarni bu qadar tashvishlantiryapti?
Gap shundaki, BA.2.12.1 boshqa mutatsiyalarga nisbatan antitanachalarga osonroq “chap berish” xususiyatiga ega. Qolaversa, yuquvchanligi, transmissivligi “omikron”ning BA.2 versiyaga nisbatan 23-27 foiz yuqori.
Bu esa kasallikdan himoyalanish bir muncha qiyinlashishi va koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortishiga sabab boʻlishi mumkin. Sodda qilib aytganda, olimlar dunyoda pandemiyaning yangi toʻlqini boshlanishidan tashvishda! Maʼlumotlarga koʻra, BA.2.12.1 subvarianti shu kungacha dunyoning kamida 23 mamlakatida qayd etilgan va u jahon boʻylab yoyilyapti.
Jumladan, yangi shtamm kecha ilk bor sayyoramiz aholisining qariyb beshdan bir qismi yashaydigan Xitoy davlatida ham qayd etildi. Aniqlanishicha, kasallik Guanchjou shahriga Keniya mamlakatidan kelgan bemorda roʻyxatga olingan.
Garchi u 14 kunlik karantinga olingan boʻlsa-da, yangi virus turini boshqa bemorlar ham yuqtirib olgan boʻlishi ehtimoli mavjud.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, “omikron”ning olti yangi mutatsiyasi — BA.4 va BA.5, BA.2.12.1, BA.2.9.1, BA.2.11 va BA.2.13 subversiyalarini “VOC-LUM” toifasiga kiritib, oʻz kuzatuvi ostiga oldi, deb xabar beradi Sogʻliqni saklash vazirligi matbuot xizmati.