“Insoniyat har yili 2 milliard tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindilar chiqarmoqda. Chirigan oziq-ovqat, plastik idishlar, kimyoviy moddalarga to'la elektronika va boshqa ko'p narsalar bizning suvimiz, yerimiz va havomizni hisobga olmasdan chiqindixonaga tashlanmoqda.

Chiqindilarning parchalanishi oqibatida atmosferaga issiqxona gazlari chiqariladi, bu esa global isish, suv va tuproqni zaharlanishi, sog'liqqa zarar yetkazilishi, butun dunyo bo'ylab kasalliklar va hatto o'limga olib keladi”, deyiladi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi  Antoniu Guterrishning “Chiqindisiz dunyo uchun” xalqaro kuni munosabati bilan yo'llagan murojaatida.

Chiqindilar bilan bog'liq bunday raqamlar, global ekologik muammolar dunyo hamjamiyatidan bu borada kechiktirib bo'lmaydigan chorlarni ko'rishni, zamonaviy yondashuvlarni hayotga tatbiq etishni taqozo etmoqda. Biroq, hamma davlatlar ham mazkur muammoni hal qilish uchun yetarli darajada iqtisodiy, va texnik imkoniyatlarga ega emas. 2,7 milliard odam bunday chiqindilarni yig'ish xizmatlaridan foydalana olmaydi. Mazkur chiqindilarning atigi 61-62 foizi maxsus ob'ektlarda qayta ishlanadi, xolos.

Chiqindining “umri uzoq”

Chiqindilarning ekologiyaga yetkazadigan salbiy ta'sirini tasavvur qilish uchun avvalo ularning qancha vaqtda parchalanishi haqidagi ma'lumotlarga e'tibor qarataylik. Ko'pchilik odamlar chiqindilar qancha yillar davomida parchalanishini va ular tabiatga qanday tiklab bo'lmas zarar yetkazishini hatto o'ylab ham ko'rmaydi. Holbuki, ayrim chiqindilarning parchalanishi uchun minglab, hatto millionlab yillar talab etiladi. Saralanmagan chiqindilarni chiqindixonaga tashlab, inson o'zining muammosini hal qiladi ya'ni uyidagi chiqindidan xalos bo'ladi. Ammo bu ekologiyaga jiddiy xavf soladi.

Bugungi kunda dunyo bo'ylab plastik buyumlar juda keng tarqalgan. Plastik parchalanishi juda ko'p vaqt talab qiladigan chiqindi turlaridan biridir. Odatda, plastik buyumlarning parchalanish muddati 1000 yilgacha yetishi mumkin. Kundalik hayotimizda tez-tez ishlatiladigan elim paketlar 100 yildan 1000 yilgacha, yelim idishlar esa 450 yil va undan ortiq vaqtda parchalanadi.

Alyuminiy idishlar 500 yildan ortiq vaqt ichida yemiriladi. Hozirgi kunda bu turdagi chiqindilar sayyoramizda keng tarqalgan. Alyuminiy idishlar zaharli bo'lib, parchalanish jarayonida sodir bo'ladigan oksidlanish oqibatida zararli moddalar ajralib chiqadi.

Shisha, odatda, qayta ishlash uchun juda qulay material hisoblanadi, chunki u tabiiy xomashyo – qumdan tayyorlanadi. Shisha buyumlarni eritish orqali yangi shisha ishlab chiqarish mumkin. Ammo hayratlanarlisi shundaki, agar shisha chiqindilar poligonlariga tashlansa, u million yil davomida parchalanadi.

Oziq-ovqat chiqindilarining parchalanish vaqti mahsulot turiga bog'liq. Ular taxminan bir oy davomida parchalanadi.

Bu qayta ishlashga yuborilmagan chiqindilar quruqlik yoki suv havzalariga tushib, atrof-muhitga uzoq yillar zarar yetkazishini, ekologik falokatni yuzaga keltirishi mumkinligini anglatadi.

Okeanlarda qancha plastik chiqindi bor?

Har yili 19 – 23 million tonna plastik chiqindilar suv ekotizimlariga kirib, ko'llar, daryolar, dengizlar va okeanlarni ifloslantirmoqda. Plastik chiqindilar muammosi yashash joylari va tabiiy jarayonlarni o'zgartirishi, ekotizimlarning iqlim o'zgarishiga moslashish xususiyatini kamaytirishi, millionlab odamlarning turmush tarzi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va ijtimoiy farovonligiga bevosita ta'sir qilishi mumkin.

Bugungi kunda platik chiqindilar nafaqat sayyoramizning quruqlik qismida, balki suv havzalarida ham ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelyapti.

Avstraliyaning CSIRO milliy ilmiy agentligi va Toronto universiteti (Kanada) olimlari dunyo okeani tubida qancha plastik chiqindilar to'planganini aniqlash maqsadida tadqiqot o'tkazdi. Natijalar chiqindilarning umumiy miqdori 11 million tonnaga yetishi mumkinligini ko'rsatdi.

Har daqiqada bir yuk mashinasi hajmidagi plastik okeanga tashlanadi. 2040-yilga kelib dunyo bo'ylab ishlab chiqariladigan plastik mahsulotlar miqdori ikki baravar ko'payishi kutilmoqda, bu esa ifloslanish muammosini yanada kuchaytiradi.

Olimlarning ta'kidlashicha, plastik chiqindilarning katta qismi qit'alar atrofida to'planadi. Chiqindilarning taxminan yarmi (46 foiz) 200 metrdan kamroq chuqurlikda joylashgan. Qolgan 54 foizi esa 200 dan 11 ming metrgacha chuqurlikda to'plangan.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi

Germaniya chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha 68 foizlik ko'rsatkich bilan dunyoda yetakchilik qilmoqda: hosil bo'lgan 52,8 million tonna chiqindilarning 35,9 million tonnasi qayta ishlanadi, 31 foizi energiya ishlab chiqarish uchun yoqiladi, faqat 1 foizi chiqindixonaga tashlanadi. Germaniya bunday natijaga qanday erishmoqda, degan savol tug'ilishi tabiiy. Gap shundaki, mamlakatda 1991-yildan buyon chiqindilarni turiga qarab 6 ta konteynerda (organik chiqindilar, qog'oz, rangli shisha, plastik/metall, umumiy chiqindilar) alohida yig'ish tizimi joriy qilingan. Aholining bu boradagi ishtiroki 82 foizni tashkil etadi. O'sha yildan beri “Der Grüne Punkt” tizimi amal qilmoqda – ishlab chiqaruvchilar qadoqlarni qayta ishlash uchun mahsulot qiymatining 1-2 foizi miqdorida to'lovni amalga oshirishadi. Mamlakat katta infratuzilmaga ega: 98 ta chiqindilarni yoqish zavodi, 1850 ta chiqindilarni saralash majmuasi, 12 400 ta chiqindilarni qayta ishlash kompaniyasi faoliyat yuritadi. Qayta ishlash sanoatiga yiliga 18 milliard yevro investittsiya jalb qilinadi. 280 000 kishi mazkur sohada ishlaydi.

Qoidabuzarliklar uchun katta miqdordagi jarimalar qo'llanilishi va saralash uchun soliq imtiyozlari, yuqori darajadagi qayta ishlash ko'rsatkichlariga erishilayotgani chiqindixonalarga qamroq chiqindi tashlanishiga imkon bermoqda. Ko'rilayotgan choralar o'z samarasini berayotgani uchun Germaniya modeli boshqa davlatlar tomonidan faol o'rganilmoqda.

Dunyo bo'ylab boshqa mamlakatlar ham chiqindilar muammosiga yechim izlamoqda va ular chiqindilarni saralash va qayta ishlash borasida o'ziga xos yondashuvlarga ega. Deylik, AQShda har yili taxminan 82 million tonna chiqindi qayta ishlanadi. Bu mamlakat bo'ylab yig'iladigan chiqindilarning uchdan bir qismidir. Qolganlari poligonlarga ketadi yoki yoqiladi. So'nggi 10 yil ichida qayta ishlash hajmi ikki baravar oshdi. Mahalliy hokimiyat organlari maxsus loyihalarni moliyalashtirmoqda. Aholiga qayta ishlanishi mumkin bo'lgan materiallar ro'yxati taqdim etilyapti. Masalan, odamlar qog'oz, karton, shisha, alyuminiy, plastikni o'zlari saralab, maxsus idishlarda qoldirishadi. Kattaroq narsalar, masalan, mebel va qurilish materiallari uchun alohida yig'ish punktlari mavjud. Amerikaliklar, shuningdek, maishiy texnika, lampalar, shinalar va poyabzallarni xayriya qilishlari mumkin. Kiyim-kechak ko'pincha xayriya tashkilotlariga topshiriladi. Biroq, ba'zi shaharlarda turli xil tizimlar mavjud. Misol uchun, San-Fransiskoda aholi chiqindini saralamaydi. Bu zavoddagi ishchilar va mashinalarning ishi. Zamonaviy texnologiyalar yig'ilgan chiqindilarning 90 foizini qayta ishlatish imkonini beradi.

Janubiy Koreya chiqindilarni, ayniqsa, oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash bo'yicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Mamlakatda chiqindilarni saralash bo'yicha qat'iy tizim mavjud: odamlar plastik, shisha, qog'oz, metall va oziq-ovqat chiqindilarni alohida saralab olishadi. Qoidani buzganlar 50 dollardan 1000 dollargacha jarimaga tortiladi. Har bir fuqaro chiqindini tashlashdan oldin uni taroziga tortadi va qayta ishlash uchun og'irligiga qarab pul to'laydi. Bu odamlarni chiqindilarni kamaytirishga undaydi. Bugungi kunda Janubiy Koreya o'z chiqindilarining 60 foizga yaqinini qayta ishlaydi va 10 foizdan kamrog'i chiqindixonalarga yuboriladi. Biroq, mamlakatda chiqindilar hajmi ortib bormoqda va qayta ishlash quvvati yetarli bo'lmayapti. Shu bois, rasmiylar bu borada yangi yechimlar izlamoqda.

Fransiyada ham AQShdagi kabi uzoq vaqtdan beri chiqindilarni alohida yig'ish amaliyoti yo'lga qo'yilgan. Chiqindi qutilari rang bilan ajratiladi: shisha oq qopqoqli konteynerga, qayta ishlanadiganlari sariq konteynerga va oddiy saralanmagan chiqindilar jigarrang qutiga tashlanadi. Chiqindilarni ajratish qoidalarini buzganlik uchun jarima solinadi: har xil turdagi chiqindilarni bitta chiqindi qutisiga tashlash 80 dollar, mebel yoki jihozlarni belgilanmagan joyda qoldirish 175 dollargacha jarima qo'llanilishiga sabab bo'lishi mumkin. Qayta foydalanish madaniyati ham rivojlanmoqda: Parijda jihozlar, kiyim-kechak, o'yinchoqlar va boshqa tovarlarni qabul qiladigan, ta'mirlaydigan va qayta sotadigan markazlar ochildi. Mamlakatda 2 million tonnadan ortiq qayta ishlanadigan materiallar ishlab chiqaradigan 300 ga yaqin zavod mavjud. Ko'rilgan choralar tufayli so'nggi o'n yillikda chiqindixonalar soni 6000 tadan 230 tagacha kamaydi.

“Besh qo'l baravar emas”

Bir martalik tovarlar ishlab chiqarish, chiqindilarni bartaraf etishdagi samarasiz yondashuvlarning mavjudligi, ayniqsa yuqori daromadli mamlakatlarda iqtisodiy o'sish va aholi sonining oshib borayotgani tufayli ortiqcha ishlab chiqarish katta hajmdagi maishiy va sanoat chiqindilarining yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Qolaversa, chiqindilarni qayta ishlash imkoniyati barcha mamlakatda bir xil emas. Mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati, infratuzilmasi har xil. Rivojlangan davlatlarda chiqindilarni qayta ishlash sanoati rivojlangan. Kambag'al davlatlar bu borada maqtana olmaydi. Tabiiyki, mazkur mamlakatlarda chiqindilarning aksariyat qismi qayta ishlanmay, chiqindixonalarga tashlanmoqda. Bu esa ekologik muammolarga sabab bo'lyapti. 

Masalan, Liberiyani olaylik. Mamlakat poytaxti Monroviyada vaziyat juda og'ir. Ko'chalar, sohil bo'ylari va kanalizatsiya tizimlari chiqindilar bilan to'lgan. Chiqindi uyumi chivinlarning ko'payishi va bezgak tarqalishiga olib kelmoqda. Qirg'oqdagi plastik chiqindilar okeanni ifloslantiryapti. CHiqindi tashish mashinalari etarli emas, chiqindilar tartibsiz yig'iladi va ularni qayta ishlash zavodlari yo'q. Liberiyadagi chiqindilar muammosi qashshoqlik, infratuzilmaning yo'qligi va hal qilinmagan sanitariya muammolarining oqibatlari bilan bog'liq bo'lgan murakkab inqiroz bo'lib, tizimli yechimlarni talab qiladi. 

BMT atrof-muhitning chiqindilar vositasida ifloslanishiga qarshi kurashish uchun global miqyosda dadil choralar ko'rishga undamoqda, bunda aylanma iqtisodiyotga o'tish, ishlab chiqarishda innovatsiyalar, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va chiqindilarga muammo sifatida qaramasdan, ularni qimmatli resursga aylantirish uchun ishlab chiqaruvchilarning mas'uliyatini oshirishga chaqirmoqda.

“Korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga bo'lgan yondashuvini qayta ko'rib chiqishi, to'g'ri chiqindixonaga boradigan qadoqlash materiallarini minimal darajaga tushirishi hamda mahsulotlarning chidamliligi va foydalanish muddatini imkon qadar oshirishi kerak. Iste'molchilar esa sotib olayotgan tovar va buyumlari haqida jiddiy o'ylab ko'rishi va imkon qadar ularni qayta ishlashga topshirishi yoki qayta foydalanishi lozim. Hukumatlar barcha darajalarda resurslarning tugab borishi va ularni boshqarish muammolarini hal etish imkonini beruvchi aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishi, shuningdek, chiqindilarni qayta foydalanish, qayta ishlash, tiklash va chiqindilar hosil bo'lishining oldini olishni qamrab olgan zamonaviy chiqindilarni utilizatsiya qilish dasturlariga sarmoya kiritishi shart. Shu bilan birga, jahon hamjamiyati birlashib, plastik bilan ifloslanishga barham berishga qaratilgan, huquqiy jihatdan majburiy kuchga ega bo'lgan xalqaro shartnomani tayyorlash ustida ish olib borishi zarur”, deya muammoga yechim bo'la oladigan takliflarni ilgari surdi Antoniu Guterrish.

Ha, chiqindi muammosi butun insoniyat kelajagiga daxldor global muammodir. Afsuski, dunyo miqyosida chiqindilar hajmi keskin oshib bormoqda, ular kerakli miqdorda utilizatsiya qilinmayapti. Bu esa atrof-muhit ifloslanishi, iqlim o'zgarishiga sabab bo'lib, odamlar salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Mazkur muammoni hal etish uchun jahon hamjamiyati hamjihat harakat qilishi, tez fursatda zamonaviy yondashuvlarlarni hayotga tatbiq qilishi, chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirishi talab etiladi.   

 

Shahzod G'afforov,

“Yuz.uz” sharhlovchisi