Bu nufuzli tashkilotga aʼzo boʻlgan katta va kichik, boy va qashshoq, turli ijtimoiy guruhlarga mansub, siyosiy va iqtisodiy, madaniy manfaatlari turlicha davlatlar oʻz tashabbus va fikrlarini bayon etish, manfaatlarini himoya qilish huquqiga egadir. BMT islohotlari boʻyicha Oʻzbekiston nuqtayi nazari BMT islohotlari boʻyicha Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasini bir necha marotaba tashkilot minbaridan turib bildirgan.
Mamlakatimiz tomonidan tashkilot islohotlari boʻyicha dastlabki takliflar 1995 va 2000, 2010 va 2017-yillarda ilgari surilgan. Xavfsizlik kengashi safini kengaytirish, unga jahon siyosatida muhim oʻrin egallagan Germaniya va Yaponiya singari davlatlarni doimiy aʼzo sifatida kiritish, BMT Bosh kotibi vakolatlarini kengaytirish, BMTning xalqaro mintaqaviy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarini kuchaytirish, tashkilotga qarashli mintaqaviy tuzilmalarni yana-da rivojlantirish shular jumlasidandir.
Nur Sharqdan taraladi Ilm ahli oʻrtasida Nur Sharqdan taraladi degan mashhur ibora mavjud. Haqiqatan ham, koʻhna Sharq, xususan, bizning zamin buyuk mutafakkirlari, allomalari amalga oshirgan ulkan kashfiyotlar tufayli katta shuhrat qozongan. Ularning ilm va kashfiyotlari, maʼnaviy va madaniy merosi hozirga qadar oʻz ahamiyatini saqlab qolgan. Shu darajadaki, yagona va universal tashkilot hisoblangan BMTda Sharq allomalariga ulkan hurmat koʻrsatilgan. Jumladan, BMTning Nʼyu-Yorkdagi shtab kvartirasida eronning mashhur gilamlaridan biri saqlanadi. Ushbu gilamda Saʼdiy Sheroziyning Guliston va Boʻston asarlaridan olingan Odam Atoning butun qabilasi bitta tanadir, bitta changdan yaratilgan.
Agar tananing faqat bir qismi yaralangan boʻlsa, shunda butun vujud titraydi mazmunidagi bayti yozilgan. Ushbu baytda olam bir butunligi, agar qayerdadir urush yoki nizo yuz bersa, uning ogʻrigʻi butun tanaga yoyilishi taʼkidlangan. Shuningdek, BMTning Venadagi qarorgohi hovlisiga Toʻrt daho deb nomlangan monument oʻrnatilgan. Ushbu monumentda Sharq olamining toʻrt zabardast allomasi aks etgan. Ular Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom, Abu Ali ibn Sino va Zakariyo ar-Roziyning haykali boʻlib, Sharq ilm-fani ramzi sifatida turibdi. eʼtiborlisi, ulardan ikki nafari yurtimizdan chiqqan allomadir. Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga BMT hamda uning tarkibidagi tashkilotlar tomonidan katta qiziqish bilan qaralmoqda. Buyuk allomalar, qadimiy shaharlar, moddiy va nomoddiy meros obyektlarining yubiley sanalari xalqaro miqyosda nishonlanib, keng targʻib etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentyabrʼ oyida BMTga rasmiy tashrifi davomida ushbu tashkilot bosh qarorgohiga Registon maydoni maketini sovgʻa qilgan edi. Ushbu maket hozir BMTda Sharq ilm-fani va madaniyati ramzi sifatida saqlanadi. Chunki Samarqand va Registon Sharq va Gʻarb madaniyati uchrashgan chorrahadir. Hamkorlikning yangi bosqichi Oʻzbekiston Respublikasining BMT bilan munosabatlarida 2016-yilning ikkinchi yarmidan boshlab yangi tendensiyalar koʻzga tashlanib, oʻzaro munosabatlarda yangi bosqich boshlandi. 2017-yili 10-iyunda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan Nukus, Samarqand shaharlarida boʻldi va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Oʻz navbatida, 2017-yili 19-sentyabrda Oʻzbekiston rahbari AQSHda boʻlib, BMTning 72-sessiyasida nutq soʻzladi.
Mazkur nutq Oʻzbekistonning BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarida yangi tendensiyalarni namoyon qildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yili noyabrʼ oyida BMT bilan hamkorlikda Samarqand shahrida Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. 2018-yili 22-iyunʼ kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda 2018-yili 12-dekabrʼ kuni Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik deb nomlangan maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. 2018-yilning 27-mart kuni boʻlib oʻtgan Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik mavzusida Afgʻoniston masalasiga bagʻishlangan yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bu borada muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Tarixiy nutq va Uchinchi Renessansga poydevor Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi maʼruzasi tarixiy nutq sifatida nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon tarixida ham qoldi. Chunki ushbu nutq ilk marotaba xalqaro doirada oʻzbek tilida yangradi. Bu nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijdagi koʻp sonli vatandoshlarimiz hamda jahon jamoatchiligini ham gʻoyat quvontirdi. Oʻzbekiston Prezidentining nutqi pragmatik, haqqoniy va hayotiyligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, bu nutq uch muhim komponentdan mahalliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi masalalarga jahon jamoatchiligi eʼtiborini qaratish va amaliy tashabbuslarni ilgari surishdan iborat boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlagan parlament islohotlari, gender tenglik siyosati, inson huquqlari taʼminlanishi, bu borada majburiy va bolalar mehnatining toʻliq tugatilishi, Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyaning qabul qilinishi, diniy erkinlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash, sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash, kambagʻallikni kamaytirish, yoshlar siyosati borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar BMT va xalqaro jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi. Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida bugun xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimida mustahkam oʻrnashib bormoqda. Mushtarak madaniyat, umumiy tarix va kelajak bu mintaqa xalqlarini birlashtirib turuvchi omillardir.
Shu maʼnoda, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik barqaror taraqqiyot masalalari Prezidentimiz nutqida asosiy ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻldi. Mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti va barqaror rivojlanishi masalalarida oʻzaro savdo-iqtisodiy va transport kommunikatsiyalari, logistika va tranzit sohalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari ikki va koʻp tomonlama munosabatlar asosida ushbu sohalarni rivojlantirib borishga harakat qilmoqda. Xususan, MDH, SHHT, Bir makon bir yoʻl kabi xalqaro tashkilot va tashabbuslar asosida transport aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Biroq mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro fikrlarning xilma-xilligi, yagona huquqiy norma va tariflarning mavjud emasligi kabi muammolar sohaning jadal rivojlanishiga taʼsir koʻrsatib kelyapti.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidentining BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish xususidagi fikri bu borada muhim va oʻz vaqtida ilgari surilgan taklif sifatida baholanmoqda. Afgʻoniston masalasi Markaziy Osiyo mintaqasining ogʻir muammolaridan biridir. Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida tashqi siyosatda alohida eʼtirof etadi. Shuningdek, mamlakatimiz Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, ushbu mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash, elektrlashtirish, temir yoʻl qurish kabi yirik loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidenti BMTning 75-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu taklif Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va iqtisodiy barqarorlikni qayta tiklashning yangi mexanizmi sifatida namoyon boʻlmoqda. Chunki ushbu qoʻmita Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berib, qarama-qarshi tomonlarning emas, balki afgʻon xalqining manfaatlariga xizmat qiladi. Bugun dunyodagi muhim va dolzarb masalalardan biri ekologik muammolardir. Xususan, Orol muammosi allaqachon mintaqaviy darajadan global miqyosga chiqib ulgurdi. Oʻzbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish va mavjud xavf-xatarlarning oldini olish borasida muhim tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu erda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydoni va daraxtzor yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish ishlari bilan birga, Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi.
Taʼkidlash kerakki, bu Oʻzbekiston diplomatiyasining muhim yutuqlaridan biri boʻldi. Biroq Orol va Orolboʻyidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlash dolzarb va muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bildirildi.
Zotan, hozirgi global dunyoda dolzarb va murakkab masalalarga ilm-fan orqali echim topish eng oqilona yoʻllardan biridir. Orolboʻyi mintaqasida zamonaviy innovatsiya va texnologiyalarni joriy qilish va uni BMT doirasida maxsus rezolyutsiya orqali amalga oshirish mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlar fikrlari hamda qarashlarni umumlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. BMTning 20152030-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari global dasturida kambagʻallikni kamaytirishga birinchi masala sifatida eʼtibor qaratilgan.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, BMT tomonidan 20002015-yillarda amalga oshirilgan Ming yillik rivojlanish maqsadlari dasturida ham ushbu muammoga eʼtibor berilgandi. Bu borada koʻplab xalqaro tadbirlar amalga oshirilgan. Bosh Assambleyaning tegishli rezolyutsiyalari bilan 19972006, 20082017 va 20182027-yillarda qashshoqlikka barham berish boʻyicha BMT oʻn yilliklari eʼlon qilingan.
Biroq bu muammo hamon dolzarb va murakkabligicha qolmoqda. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda 700 million kishi yoki dunyo aholisining 10 foizi oʻta qashshoqdir. Pandemiya sharoitida ularning soni yana-da oshish xavfi mavjud. Bu esa xalqaro hamjamiyat va jahon mamlakatlarini ushbu muammoga qarshi birgalikda kurashishga chorlaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMTning 75-sessiyasida ilgari surilgan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklifi katta ahamiyatga ega boʻldi. Chunki ushbu muammoga qarshi bir yoki bir necha mamlakat ishtirokida emas, balki xalqaro miqyosda kurashish lozim. Shundagina amaliy natijalarga erishish mumkin.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan BMTning 75-sessiyasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, BMTning muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʻrnini yana-da kuchaytirish kabi ahamiyatga molik takliflar ham bildirildi. Ular bugungi global dunyoning yangi rivojlangan va tinchliksevar qiyofasini namoyon etishga qaratilgan takliflar sifatida eʼtiborli. Chunki pandemiya sharoitida koʻplab davlatlar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida ushbu virusga qarshi kurash olib bormoqda.
Bu tashkilot tinimsiz yangi tadqiqotlar ustida izlanyapti. Demak, uning maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish insoniyatning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston qadimiy tarix, madaniyat va ilm-fan zamini. Prezidentimiz tomonidan 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida mavzusida xalqaro forumni oʻtkazish taklifi bildirilgani jahon ilm-fani uchun quvonchli hodisa boʻldi. Bu nafaqat Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini xalqaro miqyosda targʻib etishga xizmat qiladi, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oʻgʻil-qizlarning ilm choʻqqilarini egallashi va eng zamonaviy fan asoslarini oʻzlashtirishiga turtki boʻladi. Ushbu forumning oʻtkazilishi Uchinchi Renessansga asos va poydevor sifatida xizmat qiladi.
Oʻzbekiston tashabbuslari BMT tomonidan toʻla qoʻllab-quvatlanmoqda. Buni mamlakatimizning joriy yilda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishida ham koʻrish mumkin. Bizningcha, Oʻzbekiston BMT doirasida raqamli iqtisodiyot, raqamli diplomatiya, turizm va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun jahon tajribasini oʻrganishi va amaliyotga tatbiq etishi mumkin. Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan yangilanishlar Oʻzbekiston nomzodini BMT Xavfsizlik kengashining muvaqqat aʼzoligiga ham ilgari surishga imkoniyat yaratmoqda. Bu uning xalqaro imijini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Oybek ABDUMOʻMINOV,
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi markazi direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori