Jamoatchilik nazorati, raqamli texnologiyalar oliy yuridik ma'lumotli profilaktika inspektorlari faoliyatida qanday aks etadi?

    “Inson qadri uchun” g'oyasini ijtimoiy hayotga izchil tatbiq etishda inson huquq va erkinliklarini ishonchli va kafolatli himoyasini ta'minlash, xalqimiz uchun xavfsiz va farovon hayot yaratish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirishni taqozo etadi.

    2022—2026 yillarga mo'ljallangan Yаngi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasining ikkinchi bo'limi “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlanib, ushbu bo'limdagi o'n ettinchi maqsad huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo'naltirishni nazarda tutadi.

    Mazkur maqsad doirasida ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yo'naltirish, qonuniylikni qat'iy ta'minlovchi, ochiq va adolatli prokuratura faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratish hamda “Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar” tamoyilini bosh mezonga aylantirish, tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimini tubdan isloh qilish, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanish ustuvor yo'nalishlar sifatida belgilandi.

    Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2020-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2022—2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining o'n ettinchi maqsadida belgilangan vazifalar ijrosi o'ziga xos tartibda amalga oshiriladi.

    “KASBIY MADANIYAT KODEKSI” BILAN PROFESSIONAL KADRLAR TAYYORLASH SARI

    Ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida gavdalantirishdagi eng birinchi qadam uni xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yo'naltirishdir. Bunda Ichki ishlar organlari xodimlarining “Kasbiy madaniyat kodeksi”ni amaliyotga tatbiq etish hamda ma'naviy pok, o'z burchiga sodiq, xalqparvar va mas'uliyatli xodimlar sonini ko'paytirish, ularning faoliyatini aholi muammolarini hal etish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijadorligi hamda ijtimoiy fikr asosida baholash tizimini joriy etish zarur.

    Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi va hududiy ichki ishlar organlarida Jamoatchilik kengashlarini tuzish orqali tizim faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish hamda organni maksimal darajada “aholi bilan maqsadli ishlash”ga yo'naltirish, uning xizmat faoliyatiga xos bo'lmagan funktsiya va tuzilmalarini maqbullashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, avvalo, kadrlar tayyorlash masalasiga borib taqaladi.

    Albatta, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni, ayniqsa, ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish borasidagi isldohotlar ancha oldin boshlanib, bu borada muayyan tizim yo'lga qo'yildi.

    Masalan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qarorga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.

    Ta'lim oluvchilarning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimini yaratish, ta'lim oluvchilarning aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va o'zaro hamkorlik qilish ko'nikmalarini takomillashtirish Filialning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Bugungi kunda ushbu o'quv maskanida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi asosida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash” soha mutaxassisligi bo'yicha yuridik kadrlarni tayyorlanadi.

    Mazkur ta'lim muassasasi bitiruvchilari joriy yildan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiradigan, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta'minlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etadigan ichki ishlar organlarining eng quyi bo'g'inidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblangan mahalla huquq-tartibot maskanlarida o'z faoliyatini boshlaydi.

    Shuning bilan birga, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi mahalla huquq-tartibot maskanlarining oliy noyuridik ma'lumotli profilaktika inspektorlari uchun “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash” soha mutaxassisligi bo'yicha maxsus olti oylik dastur bo'yicha qayta tayyorlash kurslari yo'lga qo'yildi.

    DAVLAT VA JAMOATCHILIK NAZORATINING O'ZARO UYG'UNLASHUVI

    Qonuniylikni qat'iy ta'minlovchi, ochiq va adolatli prokuratura deganda ko'z o'ngimizga faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratilgan hamda “Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar” tamoyili bosh mezonga aylangan mustaqil tuzilma keladi. Albatta, bu ideal tashkilot ta'rifi. Ammo agar soha mutasaddilari prokuratura organlari tomonidan qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda davlat va jamoatchilik nazoratini o'zaro uyg'unlashtiruvchi yangi tizim joriy etsa, faoliyat oshkoraligi va uning jamiyat oldida hisobdorligini ta'minlashga intilsa hamda boshqaruvda kollegial organlar rolini kuchaytirsa, bunga qisman bo'lsa-da erishish mumkin. Bunda, eng muhimi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir.

    Tergov faoliyatida esa bu sal boshqacharoq ko'rinish kasb etadi. Ya'ni tergov faoliyati ustidan samarali nazorat o'rnatish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor-qidiruv faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi ta'kilanadi.

    Bunda faoliyatni nazorat qilish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlar, shu jumladan kiberjinoyatlarni fosh etish bo'yicha tezkor-qidiruv faoliyatni isloh qilish, qo'shimcha kuch va vositalarni jalb etish hamda ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish jarayonlarida fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini himoya qilishning samaradorligini yanada oshirish muhimdir.

    RAQAMLI TEXNOLOGIYALARNING SALMOG'I

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimini tubdan isloh qilishda jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanish alohida o'rin tutadi. Murojaatlar bilan ishlash sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etgan holda aholi uchun uyidan turib, tunu-kun to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilish imkoniyatini yaratish va jinoyat ishini qo'zg'atishni rad etish institutini isloh qilish va jinoyat haqidagi xabarlarni ro'yxatga olish jarayonini to'liq raqamlashtirish shular jumlasidandir.

    Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo'naltirilganligi xalqimiz uchun xavfsiz va farovon hayot kafolatini ta'minlashga xizmat qilishi ushbu maqsadni amalga oshirish mexanizmi izchilligida namoyon bo'ladi.

    Tergov organlari faoliyati ustidan nazorat yanada takomillashtirilib, jinoyatchilikning yangi turi hisoblangan axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor-qidiruv faoliyat rivojlantirilishi nazarda tutilgan.

    Kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimi takomillashtirilib, ushbu tizim tubdan isloh qilinishi, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanish belgilanmoqda.

    Mazkur maqsad xalqimiz uchun tinch, osuda va farovon hayot yaratish kafolatining asosiy mezoni sifatida namoyon bo'ladi. “Inson qadri uchun” g'oyasi to'la-to'kis amalga oshirilishida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Mustahkam psixologik tayyorgarlikka ega bo'lgan, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongi yuqori darajada shakllangan, aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va o'zaro hamkorlik qilish ko'nikmalarini mukammal egallagan oliy yuridik ma'lumotli profilaktika inspektorlari ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilma sifatida yangi qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Samariddin OCHILOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filialining Tayyorlash kurslari dekani