XIII asrda butun jahon xaritasining oʻzgarishiga sabab boʻlgan moʻgʻul bosqini davrida oʻzbek xalqining milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdi ham 1221-1224-yillar davomida hozirgi Pokiston hududlarida hukmronlik qilib, oʻlkaning siyosiy, ijtimoiy-madaniy hayotiga taʼsir koʻrsatdi. Sulton Jaloliddin tomonidan mintaqada barpo qilinganligi aytilayotgan Samarqand qalʼasi, Karachi yaqinidagi masjid oʻsha davrdagi Sultonning faqatgina siyosiy hukmdor emas, bunyodkor shaxs sifatida ham gavdalanishigi xizmat qiladi. Karachidagi qadimgi Debal shahri oʻrnida barpo qilingan Sulton Jaloliddin masjidi Janubiy Osiyoning janubidagi eng birinchi musulmon masjidi edi. Bu albatta Pokistonda istiqomat qiluvchi 200 milliondan ortiq musulmon aholi uchun Jaloliddin Manguberdi siymosiga nisbatan katta qiziqish va hurmatning tarixiy asoslaridan biridir.
Pokistonda birgina Jaloliddin Manguberdi tarixiga oid oʻnlab tadqiqot ishlari qilingan, Nasim Hijoziyning “Soʻnggi qoya” asari esa 100 000 dan ortiq nusxada chop qilingan. Ikki mintaqaning hamkorlik tarixi shu bilan cheklanib qolmaydi. Janubiy Osiyoga Zahiriddin Muhammad Bobur boshchiligidagi temuriylarning kirib kelishi Markaziy Osiyoning Janubiy Osiyo hayoti bilan bogʻliqlikni yanada oshirgan. Vaholanki, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari urdu tiliga bir necha marotaba tarjima qilinib, Pokistonda sevib mutolaa qilinuvchi kitobga aylangan. Bunday asarlardan yana biri Zahiriddin Muhammad Boburning qizi Gulbadanbegim qalamiga mansub “Xumoyunnoma” asaridir.
Markaziy Osiyoning, xususan, Oʻzbekistonning Pokiston bilan umumiy ildizi shunchalar chuqurki, bu uygʻunlik xalqning nomdoshligida ham, qondoshligida ham aks etishi mumkin. Zotan, pokistonlik olim Muhammad Izhor ul-Haq aytganidek, “Pokiston xalqining aksariyat koʻpchilik qismi oʻzbek xalqining toʻgʻridan-toʻgʻri avlodlari hisoblanadilar. Ularning koʻpchilik qismi ulamo, din arboblari, soʻfiy, sipoxiy va savdogarlarning naslidan boʻlib, zamonning zayli bilan Pokistonga koʻchib kelganlar va qoʻnim topganlar. Millionlab pokistonliklar oʻz ismi va nasablarini Buxoriy, Samarqandiy, Termiziy, Oʻzbek, Beg, Mirzo, Chigʻatoy, Barlos nomlari bilan ataganlar. Koʻplab pokistonliklarning ajdodlari moʻgʻullar davrida va undan keyin shu yerlarga kelib qolganlar. Oʻzbeklar urugʻining dastlabki negizi Jaloliddin Mangberdi Sind daryosidan oʻtgan davrga toʻgʻri keladi. Ushbu urugʻlarning aʼzolari Panjob tumanining shimoli-gʻarbiy qismida, hozirgi Attok shahri hududida oʻrnashib qolganlar. Ular ajoyib jangchi va boshqaruvchi sanalib, oʻz hududlarini namunali boshqarganlar” (Muhammad Izhor ul-Haq. Jaloliddin Manguberdi - Vatan va yurt himoyachisi mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari. Urganch. “Fan” nashriyoti. 1999-y. 36-40 bb.).
Pokiston ziyolilarining asosini qurgan aksar olimlarning kelib chiqishi ham oʻzbekistonlikdir. Masalan, Pokiston adabiyotiga eng katta taʼsir oʻtkazgan Mirzo Bedil (1644-1721 yy.) va Mirzo Gʻolib (1797-1869 yy.) aslan Oʻrta osiyolikdir. Mirzo Gʻolibning “Devon”i Pokistonda eng koʻp xarid qilinuvchi kitob hisoblanadi.
Ikki mintaqa oʻrtasida savdo yoʻllarining tarixi ham oʻziga xos ahamiyatga ega. Janubiy va Sharqiy Osiyo oralagʻi tabiiy toʻsiq – Himolay togʻ tizmalari bilan yopilganligi sababli bu ikki mintaqa savdogarlari Markaziy Osiyo orqali Buyuk ipak yoʻlidan foydalanar edi. Mazkur holat esa bu savdo yoʻllarining ahamiyatini yanada oshiradi. Ibn Battutaning xabar berishicha, oʻrta asrlarda Oʻrta osiyolik savdo karvonlarining Hind vodiysiga qatnovi doimiy tus olgan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo otlari, Xorazm qovunlari kabi tovarlar Hind vodiysida qimmat baholangan.
Umumiylikni ikki xalqning oshxonasida ham kuzatish mumkin. Zero, Pokiston milliy taomlari madaniyatiga oʻzbekona turmush tarzi ham beqiyos taʼsir qilgan. Palov, somsa, holva, shir hurmo, teldeg, kabob va boshqa koʻplab taomlar aslida oʻzbek taomlaridir. Mazkur taomlar mahalliy ozuqalarga aralashtirilib keyinchalik Haydarobod, Laknau, Lahor va Peshavor musulmonlari tomonidan rivojlantirilgan. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, Pokistonning milliy tili boʻlgan urdu va boshqa barcha mintaqadagi tillar oʻzbek tili bilan ohang va mazmun jihatdan nihoyatda yaqin. Hatto, 2021-yil Toshkentga tashrif buyurgan Pokiston Bosh vaziri Imron Xon “Prezident doʻstim Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatimiz uzoq davom etganidan, muloqotimiz oxiriga borib men u janob soʻzlayotgan soʻzlarni tushuna boshladim. Chunki urdu va oʻzbek tillari bir-biriga yaqin. Yana koʻproq muloqot qilsak, tarjimonga hojat qolmas ekan”, deya taʼkidlagan edi.
Yuqoridagi misollar orqali ikki mintaqa tarixida bugungi chambarchaslikning asl ildizlarini koʻrish mushkul emas.
Bu ildizlar ilmiy-maʼrifiy, madaniy munosabatlarimiz rivojlanishi uchun katta zamin mavjudligini bildirishi bilan bir qatorda, oʻzaro doʻstlik, hamkorlik yoʻlining ajdodlarimiz tomonidan ming yillardan buyon yoritib kelinayotganini ham anglatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati aks etgan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida Oʻzbekistonning tashqi siyosatini amalga oshirishda ustuvor ahamiyat kasb etadigan vazifalardan biri sifatida qoʻshni Afgʻoniston zaminida tinchlik oʻrnatilishiga amaliy yordam koʻrsatish, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etishning belgilanishiga juda katta ahamiyat berilayotgani bejiz emas.
Darhaqiqat, oʻtgan yillar davomida bu borada bir qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, 2018-yil dekabrda Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston va Pokiston temir yoʻl kompaniyalari rahbarlari uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Unda “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli qurilishi boʻyicha qoʻshma ishchi guruh va moliyaviy konsorsium tashkil qilish haqida kelishib olingandi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha 5 milliard dollarni, temir yoʻl uzunligi esa 573 kilometrni tashkil qilishi belgilangandi. Yangi temir yoʻldan yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish mumkin boʻladi. Ushbu loyihaning amalga oshishi Markaziy va Janubiy Osiyoning yanada mustahkam va shaxdam qadamlar bilan taraqqiy etishiga xizmat qiladi, albatta.
Shuningdek, 2021-yilning iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat rahbarining Toshkentga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlari natijasida ikki mamlakat, ikki mintaqa oʻrtasidagi tarixiy rishtalar qayta jonlanib, yana bir pogʻonaga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan pokistonlik olimlar bilan keng miqyosda hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Ushbu hamkorlik natijasi oʻlaroq oʻtgan yil uch tilda – oʻzbek, ingliz, urdu tillarida nashr qilingan Markazning Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Bekzod Abdirimov va pokistonlik Vasim Sajjadlar hammuallifligidagi “Sulton Jaloliddin Manguberdi Pokistonda” asari ikki mamlakat doʻstligi tarixining yorqin timsoli boʻldi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan kelgusida ushbu mamlakatga ilmiy safarlar uyushtirish, Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Manguberdi va boshqa ajdodlarimiz tarixining oʻrganilmagan sahifalarini tadqiq qilish rejalashtirilgan.
Bu bilan ikki davlatning oʻzaro doʻstligini mustahkamlash, xalqlarni yanada yaqinlashtirish, mintaqalar rivojiga hissa qoʻshish barchamizning maqsadimizdir.
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari.
Vasim SAJJAD,
Islomobod Fan va texnologiyalar
universiteti tadqiqotchisi