Jarangdor soʻz...

    Voqea-hodisalar 9 May 2024 382

    Jurnalist... Ohangi jarangdor soʻz, jarangdor-ki quloqqa chalinishi bilan odamni oʻziga ohanrabodek tortadi.

    Ilgari (blogerlar paydo boʻlmaguncha) bizning qishloq hayotini yoritishga falon redaksiyadan jurnalist kelibdi deb eshitgan kimsa bor-ki, sergak tortgan. Radio yo telejurnalist ekan desa hayajoni ikki hissa ortgan. Bu soʻz nafaqat xalq orasida, balki yuqori davralarda ham chinnidek jarang sochgan, sochmoqda va aslidayam sochishda davom etmogʻi kerak!

    Bu jarangdor soʻzning oʻsib-unishi, sayqallanishi va ulugʻ martabaga ega boʻlib voyaga yetishi uchun soat kapgiri qancha aylangan, soyning suvi necha bordumalagan va ne davrlarni boshidan kechirgan. Bularning barchasini ortida oddiy insonlarmehnati, maktabda adabiyot va sheʼrga koʻngil qoʻyib, oʻquvchidan talabaga, talabadan muxbir yoki muharrirga aylangan koʻplab azizlarning umri tikilgan.

    Shu sababdan nafaqat jurnalistningsoʻzi yoki qalami, balki bu soʻzning jarangi ham quloqlarga najotbaxsh boʻlib eshitilaveradi. Ularning qalamidan qogʻozga toʻkilgan haqqoniy, oʻtkir va xolisona soʻzlar safi jamiyatdagiqaysidir muammo yoki kamchilikni boʻy-basti bilan koʻrsatishga, turfa illatlarning ildiziga boltaboʻlib, barham toptirishga qodir kuch boʻlib qolaveradi.

    Sababi esa jurnalist xalqi xalq bilan xalqona tilda, taʼbir joiz boʻlsa xalqona shevada birdek soʻzlasha oladi. Shundan boʻlsa kerak xalqimiz jurnalistni oʻz yaqinidek koʻradi, shunday qabul qiladi, ularga ishonadi, tayanadi,suyadi, suyanadi.

    Kuni kecha ona yer bagʻriga qoʻyilgan ustozim Abdurauf Qorjovov ham shu soʻzni jaranglashiga mehnati singgan, elning suygan farzandiga aylanib ketgan jurnalistlar biri edi desam mubolagʻa boʻlmas. Ustoz umrini jurnalistikaga baxsh etdi, faqat ijod bilan band boʻldi. Shogirdlari ham bisyor, nafaqat jurnalistikada, balki iqtisodchilar orasida ham u kishining koʻplab shogirdlari uchraydi.

    Nega iqtisodchilar deysizmi? Chunki, u kishi iqtisodga ixtisoslashgan jurnalist edi. Iqtisodni iqtisodchilardan yaxshi bilishi har doim har davrada tilga olinardi. Har doim oʻzi rejalashtirgan mavzularni yoritish maqsadida shoshib yurardi. Ijodini gazetadan boshlab gazetada tugatdi. 1975-yildan boshlab faoliyatini hisoblasak, bir kam ellik yil jurnalistikani ichida yashabdi.

    Salkam yarim asr. Bu hazilakam emas. Bunda yashash uchun insonda faqat sabr boʻlishi yetarlimas, bir sohada mehnat qilish uchun inson shu sohani sevishi kerak. Nazarimda Ona va Vatandan keyin uchinchi oʻrinda oʻz kasbini sevib yashar edi Qorjovov. U kishi umri davomida goh gazeta, goh televideniyega oʻtib ishlagan boʻlsa-da, lekin jurnalistikani tark etmadi, etolmadi. Bu sohaga kirgan insonlarga xos xususiyat aslida, agar rostanam sevib kirgan boʻlsa albatta. Mana shundan ham u kishining oʻz kasbiga naqadar sadoqatli boʻlganligini anglash mushkul emas.


    Butun umringizni sohaga tikib, nafaqat jurnalist soʻzining jamiyat orasida yanada jarangdor boʻlishi, balki milliy jurnalistikaravnaqiga umrboʻyi hissa qoʻshib yashagan Sizdek inson uchun hamisha taʼzimdamiz.

    Nafaqat bir jurnalist sifatida, balki kamtarona va oddiy umr kechirib, hayotda cheksiz hurmat qozona olgan inson ekanligingizni janoza ishtirokchilaridan, ularning yuz-koʻzidagi ifodadan chuqur his qildik.

    Domla oʻqigan duolarda qayd etganidek, ilohim qilgan ezgu amallaringiz oʻzingizga hamroh boʻlsin, qabringizni Xudojon oʻzi nurga toʻldirsin, yaqinlaringizga sabr bersin ustoz...

    P.S. Maʼlum boʻlishicha, ustozimiz (jon tark etmasidan oldin) xuddi oʻlimini oldindan sezgandek 7-may kuni hovlidagi kichik bogʻchaga oʻz qoʻllari bilan ikki tup mevali koʻchat oʻtqazibdi. Shundan soʻng, ishga otlanish uchun tayyorgarlik chogʻida omonatini topshiribdi.

    Ekilgan koʻchatlar bir kun kelib meva va soya berar, undan bahra oladigan oʻgʻil-qizlar eng kamida jurnalist boʻlib voyaga yetar, jurnalistika Siz ekkan koʻchatlarda ham davom etajak, deb umid qilamiz.

    Ruhingiz shod boʻlsin aziz ustozim!

    Inna lillahi va inna ilayhi rojiun...