Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahor mavsumida amalga oshirilgan ishlar oʻrganilmoqda.
Oʻrganishlarda, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida koʻchat ekish ishlarining haqqoniyligi, natijadorligi, masʼullar biriktirilganligi va sugʻorish tizimlarining mavjudligini tanqidiy oʻrganishda tuman-shahar masʼullari tomonidan yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi taʼminlanmaganligi aniqlandi.
Andijonda aniqlangan 19 ta holatda 1128 tup daraxt sugʻorilmaydigan yerlarga ekilganligi holati boʻyicha 6 nafar masʼul shaxslar, Qashqadaryoda 12 ta holatda ekilmagan 48 348 tup daraxt qoʻshib yozilganiligi boʻyicha Kasbi, Mirshikor, Chiroqchi tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, Kitob va Chiroqchi tuman ekologiya boʻlim boshliqlari intizomiy hamda 2 nafar masʼul shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi va viloyat hokimligiga qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, Toshkent viloyat hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari Yuqorichirchiq tuman hududida ekilgan 175 tup qimmatbaho daraxtlarni qarovsiz qoldirib, nobud qilib, tabiatga 1 mlrd. 487 mln. soʻmlik zarar yetkazgan.
Mazkur holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.