Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi

    Yashil sayyora 13 Fevral 2024 1519

    Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov CMS COP14 matbuot anjumanida ma’lum qildi.

    «Ramsar konvensiyasi kotibiyati bizga O‘zbekistonning beshinchi tabiiy ob’ekti – Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘lini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikat berdi. Yaqinda ro‘yxatga to‘rtinchi obekt – Sudoche ko‘llari tizimi kiritilganini hisobga olsak, bu barchamiz uchun katta voqyea», — dedi A.Abduhakimov.

    A.Abduhakimov, shuningdek, beshinchi ob'ektni Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar Ekologiya vazirligi tomonidan 1,5 yil davomida amalga oshirilganini ta’kidladi. Tabiiy obektning o‘zi 15 yil davomida o‘rganilgan.

    Ma’lumot uchun, Jiltirbas ko‘li — Orol dengizining sobiq qo‘ltig‘i. Dengiz sathi keskin pasaygach, u ajralib chiqdi va tabiiy manba - Amudaryo suvlari bilan oziqlandi, bu esa Janubiy Orol dengizining mahalliy faunasini saqlab qoldi. So‘nggi yillardayoq qo‘shimcha sug‘orish kanallari qazilgan bo‘lib, ular faqat suv sathini faunaning o‘zgarishiga ta’sir qilmasdan ushlab turadi. Ko‘l mintaqadagi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo‘ladigan tuz va chang bo‘ronlarini ushlab turuvchi to‘siqlardan biri hisoblanadi.

    Orolbo‘yi mintaqasida Jiltirbas xalqaro miqyosda kam uchraydigan qushlar uchun ham, Markaziy Osiyo cho‘llarining biologik xilma-xilligi, shu jumladan zich qamish va butalar, sho‘r botqoqliklar, kanallar va cho‘llar uchun ham uya qurish va migratsiya davrlarida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ko‘l Orolbo‘yi hududiga xos noyob baliq turlarining yashash joyi hisoblanadi.

    Eslatib o‘tamiz, bugunga qadar O‘zbekistonning 4 ob’ekti: Dengizko‘l ko‘li (2001), Arnasoy ko‘llar tizimi (2008), To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari (2020), Sudoche ko‘llari tizimi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Bu hududlarning umumiy maydoni 674,4 ming gektarni tashkil etadi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.