Jon agar bir shisha boʻlsa, ilm — bir yonguvchi sham

    Fransiya tibbiyot akademiyasida Abu Ali Ibn Sino byusti oʻrnatildi.

    Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini Oʻrta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali ibn Sino boʻlib, u Ovroʻpoda Avitsenna nomi bilan mashhurdir.

    Zamondoshlari Ibn Sinoni “Shayx ar-rais” (“donishmandlar sardori, allomalar boshligʻi”), “Sharaf al-mulk” (“oʻlka, mamlakatning obroʻsi, sharafi”), “hujjat al-haqq” (“rostlikka dalil”), “Hakim al-vazir” (“donishmand, tadbirkor vazir”) deb ataganlar. Jahon fani tarixida Ibn Sino qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u oʻz davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shugʻullangan va ularga oid asarlar yozgan.

    Garchi, uni “Avitsenna” sifatida Gʻarbda mashhur qilgan uning tibbiy merosi, xususan, “Tib qonunlari” boʻlsa-da, “Shayx-ar-rais” nomi, eng avval, uning buyuk faylasufligiga ishoradir.

    Yaqinda Parijda AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE (Xalqaro Avitsenna – Ibn Sino mukofoti) bilan tantanali taqdirlash marosimida ham Abu Ali ibn Sino shaxsi borasida eʼtiborga molik mulohazalar bildirildi. Mukofotlarni Fransiya Tibbiyot akademiyasi Prezidenti janob Tran Ba Xyui topshirdi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev ham ishtirok etdi.

    Shuningdek, AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE sovrinini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi koʻmagida Fransiya tibbiyot instituti akademiyasining direktorlar kengashi taxt zalida Abu Ali ibn Sinoning bronza byusti buyuk olim xotirasiga minnatdorlik va chuqur hurmat belgisi sifatida oʻrnatildi. Marosim ishtirokchilari Oʻzbekistonga va Jahon jamiyatiga ushbu tashabbus uchun minnatdorchilik bildirdi.

    – Biz Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatiga ushbu loyihani amalga oshirishga qoʻshgan hissasi uchun alohida minnatdorlik bildiramiz, – dedi Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev. – Koʻz oldingizda turgan ushbu byustni oʻzbek xalqi nomidan hamkorligimiz ramzi sifatida qabul qilishingizni soʻrayman. Bu voqea tarixda qoladi va yosh avlodlarga ulugʻ olim Ibn Sino merosini oʻrgatish faoliyatiga qoʻshilgan munosib hissa boʻlib xizmat qiladi.

    – Men marosimda ishtirok etganimdan juda mamnunman va Jahon jamiyatining Fransiya Tibbiyot akademiyasida Ibn Sino byustini oʻrnatish boʻyicha tashabbusini yuksak maʼnoda qadrlayman, – dedi Parij universiteti professori Joel Chandile byustni oʻrnatish marosimida. – Ibn Sino oʻzbek zaminining soʻzsiz dahosi, ayni paytda uning merosi Yevropa va jahon merosining muhim qismidir. Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida yana bir madaniy koʻprik oʻrnatgan mamlakatingizdan chuqur minnatdorman.

    – Fransiya Tibbiyot akademiyasida buyuk insonparvar olim Ibn Sino byustining oʻrnatilishi barchamiz uchun katta sharaf va gʻururdir! – deya taʼkidladi hayajon bilan islomshunos olim, Fransiya Milliy ilmiy tadqiqot markazi eksperti Karim Ifrak. – Bugun Oʻzbekistonda buyuk mutafakkir va allomalar qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosning ahamiyatini chuqur anglagan holda, ularning merosiga har qachongidan ham koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Bu hayratlanarli! Yashasin Oʻzbekiston, Yashasin Fransiya, Yashasin Ibn Sino!

    Shuningdek, Parijdagi Tibbiyot akademiyasining Katta amfiteatrida Xalqaro “Avitsenna” mukofotini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Joriy yilda “Yevropa Ittifoqi, Oʻrtayer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni ragʻbatlantirish uchun” mazkur oliy mukofot turli mamlakatlar vakillariga topshirildi. Mukofotlanganlar orasida hamyurtimiz, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasini amalga oshirayotgan Baxtiyor Fozilov ham bor. Mukofotni Fransiya Tibbiyot Akademiyasi prezidenti janob Tran Ba Xui ham ishtirok etdi.

    “AVICENNE-France” prezidenti va mukofotning ijrochi direktori Mark Bonnelning mana bu soʻzlari ham ishtirokchilarni hayajonga soldi:

    – Biz bilamizki, Butunjahon jamiyati bir qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda va buyuk Ibn Sino asarlarini oʻrganishga katta eʼtibor qaratmoqda. Biz bu ezgu va mashaqqatli ishni amalga oshirayotgan insonlarni munosib taqdirlashga qaror qildik. Men Oʻzbekiston madaniy merosini asrab-avaylash va uni xorijda targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlari uchun Butunjahon jamiyatiga va Baxtiyor Fozilovga minnatdorlik bildiraman.

    Shu oʻrinda “AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE” mukofoti haqida biroz toʻxtalib oʻtsak. Ushbu mukofot 2015-yilda Yevropa Ittifoqi, Oʻrta Yer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan.

    U oʻz tadqiqotlari va nashr qilgan kitoblari orqali buyuk musulmon mutafakkiri Ibn Sino ijodini oʻrganishga hissa qoʻshgan, tinchlik oʻrnatish va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan olimlarga va boshqa shaxslarga beriladi.

    Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshladi. “Tib qonunlari” asarining oʻzi lotinchada 30-martadan ortiq nashr qilindi. “Kitob ush-shifo”ning koʻp boʻlimlari, mantiq, musiqa, yerning tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr etildi. Soʻnggi ilmiy tadqiqotlar ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham taʼsir koʻrsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligini koʻrsatadi.

    Ayniqsa, uning “Jon agar bir shisha boʻlsa, ilm bir yonguvchi sham”, degan misralari xalq orasida maoʻhur boʻlib ketadi. Ibn Sino oʻz badiiy asarlari tufayli ham juda katta hurmatga sazovor boʻladiki, u hatto folklor qahramoniga aylanib ketadi. Sharq xalqlarida buyuk tabib, olim va shoir toʻgʻrisida turli hikoya, rivoyatu afsonalar vujudga keldi.

    Ayni paytda ham dunyo olimlari Ibn Sino asarlari, uning faoliyati toʻgʻrisida koʻplab ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Hozirda jahondagi deyarli barcha xalqlarda Ibn Sino haqida hikoya qiluvchi asarlar yaratilganligi ham quvonarlidir. Buyuk ajdodimizga boʻlgan bunday jahoniy eʼtirof va eʼtibor bizni quvontiradi. Uning noyob merosini yanada chuqurroq oʻrganishga, targʻib qilishga undaydi.

    Rustam JABBOR,

    jurnalist