JSST: Havoning ifloslanishi inson hayoti uchun avvalgidan koʻra xavfli holatga keldi

    Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti ayni paytda havoning ifloslanishi inson hayoti uchun eng katta ekologik tahdidlardan biri ekanligini maʼlum qildi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berilgan.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisob-kitobiga koʻra, har yili havoning ifloslanishi 7 million bevaqt oʻlim va millionlab sogʻlom yillarning boy berilishiga olib keladi. Bolalarda bu oʻsish va oʻpka faoliyatining sustlashishi, nafas yoʻllari infeksiyalari va astma kasalligining asoratlarida namoyon boʻladi. Katta yoshlilarda tashqi havoning ifloslanishi bilan bogʻliq boʻlgan yurak va qon tomir kasalligi erta oʻlimning eng koʻp uchraydigan sabablaridan biridir. Diabet va neyrodegenerativ kasalliklar ham koʻpayadi.

    Havoning ifloslanishi iqlim oʻzgarishi bilan birga inson salomatligiga taʼsir koʻrsatadigan eng jiddiy ekologik tahdidlardan biridir. Havoning tozaligini taʼminlash iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga yordam beradi va chiqindilarni kamaytirish, oʻz navbatida, havo sifatini yaxshilaydi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi koʻrsatmalari alohida tahdid soluvchi moddalar — ozon, azot va oltingugurt dioksidi va uglerod oksidi kabi moddalarga nisbatan qoʻllaniladi. Ular bilan zararlangan havo oʻpkadan qonga kirib, nafas olish, yurak-qon tomir kasalliklariga, hatto saratonga olib kelishi mumkin.

    Qayd etilishicha, iqtisodiyoti zaif mamlakatlar aholisi iqtisodiy rivojlanish uchun qazib olinadigan yoqilgʻiga qaram boʻlganligi sababli, havo sifati yomonligidan koʻproq zarar koʻradi.

    “Havoning ifloslanishi barcha mamlakatlar aholisining sogʻligʻiga tahdid soladi, lekin u asosan past va oʻrta daromadli mamlakatlarda oʻz izini qoldiradi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining havo sifati boʻyicha yangi koʻrsatmalari holatni yaxshilashning ilmiy asoslangan va amaliy vositasi boʻlib, unga butun hayot bogʻliqdir. Men barcha mamlakatlar va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun kurashayotganlarni ushbu koʻrsatmalardan foydalanishga chaqiraman”, — dedi JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.

    JSST ekspertlari havodagi uglerod miqdorini muntazam oʻlchash, chiqindilar va ifloslanish manbalarini hisobga olishni tavsiya qiladi. Olimlarning fikricha, davlat hokimiyati organlari atmosferaga zararli zarralarni kamaytirish boʻyicha yangi standartlar ishlab chiqishi va maqsad qoʻyishi shart. Chiqindilarning inson salomatligiga taʼsirini baholaydigan yondashuvlarni ilgari surish uchun fan va texnologiyaning soʻnggi yutuqlarini joriy etishlari kerak. JSST, shuningdek, koʻchalarda zararli chang va chiqindi gazlarni kamaytirish uchun shahar maydonlarini yaxshiroq rejalashtirishni tavsiya qiladi.