Jurnalistika dasturini hayotning oʻzi tuzadi

    Fikr 24 Mart 2023 1824

    Dunyoda sodir boʻlayotgan siyosiy tanglik, narx­-navoning keskin oshishi, gaz va neft bozoridagi mavhumlik, bosqinu quvgʻin, yer silkinishlari va boshqa talatoʻplar matbuot oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda.

    Bundan rosa oltmish yil avval tuman gazetasida chiqqan birinchi maqolamni yaxshi eslayman.

    Yuqori sinf oʻquvchilariga tez-tez insho, bayon yozdiradigan talabchan adabiyot oʻqituvchimiz maqolamni oʻqib, “Sendan jurnalist chiqishi mumkin, ammo buning uchun juda koʻp kitob oʻqishing kerak”, degandi.

    Oradan koʻp oʻtmay, ikkinchi, soʻng uchinchi maqolam bosildi.

    Kimgadir yoqdi, kimgadir yoqmadi, ammo menda jurnalist boʻlishga qiziqish paydo boʻldi. Maktab kutubxonasidagi oʻqilaverib, “hil-hil” boʻlib ketgan kitoblarni qayta-qayta mutolaa qildim. Bu kasb haqida soʻrab-surishtirdim, qoʻshni qishloqlik bir qiz ToshDUning (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetida oʻqir ekan, undan kirish imtihonlariga qanday tayyorgarlik koʻrish kerakligi haqida soʻradim. U ham koʻp kitob oʻqish, insho yozish, toʻgʻri jumla tuzish zarurligini aytdi.

    Oʻninchi­oʻn birinchi sinflarda oʻqish bilan birga, gazetalarga qishloq hayotiga doir xat­xabarlar yoʻllab turdim, maqolani qanday boshlab, qanday tugatishni, sarlavha qoʻyishni oʻrgandim.

    Asta-­sekin lavha, tanqidiy maqola, ocherk yozishni mashq qila boshladim.

    Tuman, viloyat gazetalari xodimlari meni qoʻllab turdi. Ikki­-uchta tanqidiy chiqish qilganimdan keyin ulardan “Hamma maqolalaringiz bir qishloqdan boʻlib qolyapti, boshqa joylarga ham boring, ilgʻorlar haqida ocherk, lavha yozishga harakat qiling”, degan mazmunda xat oldim.

    Ancha urinib, paxtakor ayol haqidagi birinchi ocherkimni qogʻozga tushirdim.

    Ocherk: “Yarim kechada Tursunalining uyqusi qochdi. Yoniga oʻgirilib qarasa, xotini joyida yoʻq. Tashqariga chiqib, u yoq­bu yoqqa koʻz tashladi — yoʻq. Hayron boʻlib, otxonaning eshigini ochdi — ot joyida emas. “E, xayriyat­e”, deb oʻrniga kelib yotdi...” Shu ocherk meni jurnalistikaga olib keldi. 1964-yili oʻn birinchi sinfni tugatganimdan soʻng Oʻshda maxsus pedagogika kursini bitirdim, oʻzim oʻqigan maktabda oʻqituvchilik qildim, uch yil Boyqoʻngʻir kosmodromida harbiy xizmatda boʻldim. Shu yerda oʻsha yillari kosmos mavzusida qiziqarli maqolalar yozadigan mashhur jurnalist Yaroslav Golovanov bilan uchrashdim. Xizmatdan qaytgach, matbuotda chiqqan maqolalarimni albom holiga keltirib, jurnalistika fakultetida oʻqish uchun poytaxtga otlandim.

    Talabgor koʻp boʻldi. Toʻrtta imtihondan 18 ball toʻplab, Moskva davlat universitetiga beriladigan ikkita yoʻllanmaning birini qoʻlga kiritdim, ammo oilaviy sharoit tufayli Toshkentda oʻqiydigan boʻldim. Eng katta orzum viloyat gazetasining muxbiri boʻlish, jurnalist sifatida yurt kezish edi. Orzum ortigʻi bilan amalga oshdi — dunyo kezdim, koʻp yillar nufuzli gazetaga muharrir boʻldim, tahririyatda “Mahorat maktabi” tashkil etdim. Mana yigirma yil boʻldiki, oʻzim tahsil olgan universitetda boʻlajak kasbdoshlarimga saboq beraman. Bu saboqlar jurnalistikaning nazariy asoslari bilan birga, mening hayotiy kuzatuvlarim, ijodiy tajribamdan iborat. Shu maʼnoda, ular talabalar bilan birga, oʻzim uchun ham gʻoyat zarur. Negaki, inson boshqa bir insonga bir nimalarni uqtirar ekan, shu uqtiruvni oʻzi ham tinglashi, tegishli xulosa chiqarishi kerak. Boshqalarni eshitmagan odamni kechirsa boʻladi, ammo oʻzini eshitmaydigan, anglamaydigan, tanqidiy baholay olmaydigan odamni tushunish qiyin.

    Jurnalistika odamni bir umr talaba qilib qoʻyadi — matbuotda ellik yil ishlaysizmi, oltmish yilmi, kasbingiz sir­asrorlarini toʻla anglab yetmaysiz. Baʼzan bir xato, bir yutuq, koʻz oʻngingizda kechayotgan jarayon yoki oddiy bir insonning taqdiri fikr olamingizni algʻov­dalgʻov qilib yuboradi. “Qirq beshinchi bekat” kitobimda tahririyatga kelgan, oʻqigan odamning vujudi alanga oladigan maktublardan misollar keltirganman.

    Bu mushohadalarni qogʻozga tushirishimning boisi bor, albatta.

    Vaqt shitob bilan oʻtib bormoqda.

    Inson, jamiyat, tabiat, dunyoi dun, ong, tafakkur, talab va ehtiyoj, orzu­havas tinimsiz oʻzgarishda. “Ellik yilda el yangi boʻlar”, degan maqolning ohori ketdi. Bugun milliy yuksalish yoʻlida, yangi tafakkur, yangicha ijtimoiy qarashlar, iqtisodiy munosabatlar sharoitida yashamoqdamiz. Bu sharoit koʻkdan tushmadi, birovdan andaza olganimiz ham yoʻq, uni oʻzimiz — mehnat, hayotiy tajriba, aql­idrok, salohiyat bilan yaratmoqdamiz. Bir holatda turib qolgan, kechagi kun bilan yashayotgan sohaning oʻzi yoʻq. Hayotning bugungi shiddati bunga yoʻl qoʻymaydi. Umummilliy intilish va harakat bor. Bu harakat boshida mamlakat Prezidenti turibdi.

    Davlatimiz rahbarining yaqinda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Koʻpchilik menga ommaviy axborot vositalarini “yopishni” taklif qilmoqda, lekin men buni hech qachon qilmayman”, degan gaplari ham jurnalistika hayot bilan birga qadam tashlayotganini, yurtimizda OAV uchun barcha yoʻllar ochiq ekanligini koʻrsatib turibdi.

    Keling, shu oʻrinda keyingi ellik yil ichida birgina Oʻzbekiston Milliy universitetida yuz bergan oʻzgarishlarga nazar tashlaylik. Necha ming-­ming talaba ilm­-fan, iqtisod va siyosat, adabiyot va madaniyat, til va tafakkur olamiga shu yerdan yoʻllanma oldi. Bugun bosma va elektron nashrlar, radio va televideniye, matbuot xizmatlari, tashqi siyosat, diplomatiya sohalarida ishlayotgan kasbdoshlarimiz, adabiyot va sanʼat dargʻalari, shoir va yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari orasida jurnalistika fakultetining sobiq talabalari koʻpchilikni tashkil etadi. Otaxon dargoh bagʻridan qancha­ qancha “farzand­-fakultetlar” ajralib chiqib, mustaqil oʻquv yurtlariga aylandi. Talabalar soni keyingi uch­ toʻrt yil ichida bir necha barobar oshdi, oʻquv jarayonida amaliy natijaviylikka eʼtibor kuchaydi. Bir vaqtlar filologiya va jurnalistika fakultetlari bitta binoda yonma­yon joylashgan boʻlib, taniqli ustozlarning xotiraga naqshlanadigan saboq­suhbatlarini birgalikda tinglash odatimiz bor edi.

    Jurnalistika fakulteti poytaxtni xoʻb aylanib, bormagan joyi qolmay, charchab-­horib, yana bosh korpus yoniga — matbuotda “Jurnalistika fakulteti uchun alohida bino qurildi”, deb eʼlon qilingan, televideniyeda namoyish etilgan, davlatimiz rahbarining matbuotchilarga yoʻllagan qutlovi matniga kirgan koshonaga qaytdi.

    Bir qarashda jiddiy muammo yoʻqday, mavjudlarini bosqichma­-bosqich hal qilsa boʻladiganday. Ammo oʻzgarayotgan, yangilanayotgan Oʻzbekiston oldidagi yangi vazifalar bois, jurnalistika ham izlanishda muttasil davom etishi kerak. Bugun tajribali ustoz ham yosh talabadek, malaka­-mahoratini oshirib borishi, pedagogik uslubiga yangiliklar kiritishi, ustoz­-shogird munosabatlarida halol va adolatli boʻlishi, dunyoviy tajribalardan unumli foydalanishi zarur.

    Buning uchun oʻquv jarayonini har jihatdan puxta oʻylangan aniq maqsadga yoʻnaltirish talab etiladi.

    Boshqa sohalarda, masalan, aniq fanlarda oʻquv yili davomida oʻtiladigan mavzular, oʻqiladigan maʼruzalar, amaliy mashgʻulotlarni avvaldan rejalashtirsa boʻladi. Jurnalistikada esa bunday yoʻl tutish oʻzini oqlamaydi. Buning obyektiv sabablari mavjud. Dunyoda sodir boʻlayotgan siyosiy tanglik, narx­-navoning keskin oshishi, gaz va neft bozoridagi mavhumlik, bosqinu quvgʻin, yer silkinishlari va boshqa talatoʻplar matbuot oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda. Aniqrogʻi, jurnalistika biror siyosiy kuch, taraf yoki birlashmaning shaxsiy manfaatlarini ifodalash oʻrniga, erkin va ochiq minbar sifatida oʻzining xolis, adolatli kuzatuvidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalariga tayanishi va tezlik bilan harakat qilishi lozim.

    Bu — bugungi voqea­hodisa bugunning oʻzida sharhlanishi, axborot, tahlil, xulosa sifatida isteʼmolchiga yetib borishi, yolgʻon va rost axborotlar farqlanishi kerak, degani.

    Jurnalistika zahmatli, adoqsiz mehnatni talab etadi. Bu zahmat bir umr davom etadi. Oʻqishda, oʻrganishda, ijod qalamini charxlashda toʻxtalish mumkin emas. Zamonlar oʻzgargani sari matbuot oldida yangi­yangi vazifalar paydo boʻladi. Gazetxon atalmish har yangi avlod voqea­hodisalarning rost talqinini, yangi dunyo, yangi jamiyatning maʼnaviy­axloqiy qiyofasi, maqsad­ muddaosiga doir taʼsirchan sharhlarni kutadi. Bularsiz nainki gazetxonni, yozganlaringga oʻzingni ham ishontira olmaysan.

    Nashrning har bir sonida oʻquvchi uchun yangi soʻz aytish, gazetxon ong­shuuriga taʼsir koʻrsatish, uning koʻnglida maʼlum fikr­mushohada uygʻotish oson ish emas. Chunki u ham boshqalar kabi dunyoni kuzatib turibdi, shu bezovta dunyo ichida yashab, quvonchu tashvishlarga, buyuk ixtiroyu mashʼum xatoliklarga guvoh boʻlmoqda. Shoʻrolar zamonida gazetaning har aytgan soʻzi, har bildirgan fikri, xoh toʻgʻri, xoh yolgʻon boʻlsin, haqiqatga mengzalardi.

    Gazetada chiqdimi, bas, boshqacha fikrga oʻrin qolmasdi. Bugungi matbuot odamlar taqdirini oʻzi xohlagancha hal qilish funksiyasidan xalos boʻldi.

    Endi u jamoatchilikning emin­-erkin minbari. Bu minbarda bahsli, munozarali fikrlar, tanqidiy tahlillar, notabiiy tuyuladigan taklif va tashabbuslar ham boʻlishi kerak. Xolis tanqid — jazo quroli emas, endi u sizga, menga — hammamizga maʼnaviy yordam qoʻlini choʻzadi, nuqsonlarimizni beminnat koʻrsatib beradi. Kamchiligi esa...

    Hech bir nashr, oʻta jasoratli boʻlganda ham, mablagʻ, maosh, qogʻoz, transport va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlaydigan muassisga qarshi soʻz aytmaydi. Siyosiy nashrlar raqib partiyalar faoliyatini bemalol tanqid qiladi, ammo oʻzlari xususida nordon gap qilish ichki tartibotni buzadi. Bu prinsip saqlanib qolar ekan, matbuotning mustaqilligiga, xolis fikr rivojiga jiddiy putur yetadi. Buning davosi — iqtisodiy jihatdan qaram boʻlmagan, oʻrtada xolis tura oladigan, hammaga bir “koʻz” bilan qarashga qodir nashrlarni koʻpaytirish.

    A.Kamyuning “Erkin matbuot yaxshi ham, yomon ham boʻlishi mumkin. Erksiz matbuot esa hamisha yomon boʻladi”, degan fikri koʻpchilikka tanish. J.Petan esa bunday deydi: “Yorugʻ kelajak haqida siyosatchilar soʻz yuritadi, yorugʻ oʻtmish haqida tarixchilar yozadi. Bugunni yorugʻ qilish — jurnalistlarning ishi”.

    Stanislav Lesning xulosasi yanada eʼtiborli: “Gazeta muassisga tegishli, soʻz erkinligi esa xalqqa tegishlidir”.

    Shu fikrlarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, matbuot jamiyat tarkibiga kiruvchi demokratik institutlardan biri ekan, jamiyat qanday boʻlsa, uning matbuoti ham shunday boʻladi, yaʼni jamiyat oldida turgan vazifalar uning matbuoti uchun ham muhim, birlamchi vazifa hisoblanadi.

    Rossiya, Ukraina, Gruziya yoki Yaqin Sharq davlatlari matbuoti mazmunan bir­ biridan keskin farq qiladi, negaki, ular mansub boʻlgan davlatlar oldida voqea­hodisalarning turlicha talqinlaridan kelib chiqadigan vazifa turadi va bunda har kim oʻzini haq deb hisoblaydi.

    Matbuot tarixidan yaxshi maʼlumki, jurnalistlar kasb etikasi va ijodkorlik burchidan kelib chiqib, zimmalariga oʻta ogʻir vazifalarni oladi.

    Noshud masʼullar, begʻam rahbarlar eʼtiboridan chetda qolgan muammolar tugunini yechishga, yashirilgan, soxtalashtirilgan haqiqatlarni ochishga, adolat tiklanishiga xizmat qiladigan maqolalar yozadi. Dunyo davlatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda jurnalistlarning jurʼatli chiqishlari bilan yangi qonun, qaror va farmoyishlar qabul qilingani, el­yurt, yaxshi qoʻshnichilik manfaatlariga zid cheklovlar bekor boʻlgani, koʻplab muammolarning yechimi topilgani va bu jarayon bugun ham davom etayotgani koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Shunday ekan, Milliy universitet oldida Yangi Oʻzbekistonning yangi jurnalist kadrlarini tayyorlash bilan bogʻliq gʻoyat masʼuliyatli vazifa turganligini sezmaslik mumkin emas.

    Jurnalistika fakultetiga qoʻlida qalami bor, ijodkorlikka moyil, matbuotda xabar yoki maqolalari eʼlon qilingan, yosh muxbirlar tanlovlarida qatnashib, kasb haqida maʼlum tasavvurga ega yoshlar kelsa, ularga badiiy ifoda, tahlil va targʻib mahoratini oʻrgatish oson kechadi. Buning aksi boʻlsa, kamida bir yillik vaqt jurnalistikaga xos dastlabki tasavvuriy saboqlar bilan oʻtadi. Dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida talabalar jurnalistikaning qonun­qoidalariga emas, asosan, mantiqiy fikrlash, bahs yuritish mahorati, tahlil, sharh madaniyatiga oʻrgatiladi. Bundan anglashiladigan xulosa shuki, biz har yangi oʻquv yilida fakultetga kimlar, iqtidori qay darajadagi yigit­qizlar kelishini kutib oʻtirmay, tuman va viloyatlarda kasbga yoʻnaltirishga doir tashkiliy ishlarni ham olib borishimiz, futbol akademiyalari kabi ijodkorlikka moyil yoshlarni avvaldan aniqlashimiz, ularga toʻgʻri yoʻllanma berishimiz zarur. Abituriyentlarni ijodiy suhbatdan oʻtkazishda tuman, shahar, viloyat gazetalari, markaziy nashrlar

    tahririyatlari, boshqa dahldor tashkilotlar tomonidan berilgan tavsifnomalarga eʼtibor berish foydadan xoli boʻlmaydi. Ularda abituriyent jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirsa, amaliyotni tahririyatda oʻtashi, keyinchalik uni ish bilan taʼminlash tasdiqlansa, yanada yaxshi. Shunday qilinsa, fakultetga tasodifan kirib qoladiganlar soni ancha kamayadi.

    Kimdir “Toʻrt yilda yozishga oʻrgatish mumkin emasmi?” deyishi mumkin. Oʻrgatsa boʻladi, zigʻircha qiziqishi bor, gazetani jurnaldan, axborotni maqoladan farqlay oladiganlarni oʻrgata olamiz, ammo jurnalistikaga shunchaki qiziqadigan yoshlarda ijodiy malaka hosil qilish qiyin.

    Ikkinchi vazifa — biz jurnalistikaning qaysi yoʻnalishi uchun kadr tayyorlashimizni aniq tasavvur qilishimiz, oʻquv jarayonini, fanlar ketma­ketligini shunga moslashtirishimiz kerak. Bu xususda koʻp gapiriladi, rejalar qilinadi, ammo natija koʻngildagiday emas. Tajriba sifatida bir oʻquv yilida parlament jurnalistikasiga, boshqa yilda matbuot (axborot) xizmatlariga, radio­televideniye, noshirlik (tahrir), madaniyat va sport yoʻnalishlariga buyurtmaga qarab urgʻu berilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

    Negaki, endilikda ijtimoiy buyurtmasiz ishlashning kelajagi yoʻq.

    Uchinchi vazifa — respublika miq­ yosida oʻtkaziladigan ijodiy tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni egallagan, radioda eshittirish, televideniyeda koʻrsatuv olib borayotgan, matbuotda maqolalari tez­tez eʼlon qilinadigan talabalarga maʼlum imtiyoz, masalan, baʼzi fanlarni mustaqil oʻrganish, tanlash huquqini berish payti keldi.

    Uchinchi va toʻrtinchi bosqichlarning oʻquv rejasida tanlov fanlari ustuvorlik qilishi kerak. Oʻqishni bitirgach, televideniyeda ishlashi maʼlum boʻlgan (hozirning oʻzida ishlayotgan) talabaga gazeta yoki jurnal iqtisodiyotini, maʼnaviy­maʼrifiy jurnalistika yoʻnalishini tanlaganlarga menejment yoki gazeta tipologiyasini chuqur oʻrgatish shart emas. Jurnalistika fakulteti talabalari uchun tuziladigan oʻquv dasturlarida ijtimoiy­badiiy ijodkorlik bilan bevosita bogʻliq fanlar koʻp boʻlishi shart.

    Bir auditoriyada oltmishdan ortiq talabaga dars oʻtish ogʻir. Eng tajribali oʻqituvchi ham 90 daqiqa davomida shuncha talabaning diqqatini bir joyda ushlab turolmaydi. Bir necha yil davomida ularni ikkiga boʻlib oʻqitishga toʻgʻri keldi. Bunda... hozirgina maʼlum mavzu xususida dars oʻtib, auditoriyadan chiqqan oʻqituvchi qisqa tanaffusdan keyin boshqa auditoriyaga kirib, ayni shu darsni, shu mavzuni qayta oʻqishiga toʻgʻri keladi. Bu muammoni talabalarni maʼlum yoʻnalishlar asosida guruhlarga boʻlib oʻqitish orqali hal etish mumkin.

    Maqola yakunida yana bir jihatga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Fikrimcha, universitet fakultetlari faoliyatini nazorat qiluvchi masʼullar ishini qayta koʻrib chiqish kerak. Tekshirish, nazorat qilish zarur, albatta. Taassufki, komissiyalar, asosan, qogʻozga, yozma protokollarga qiziqadi. Dars sifati, mavzuning dolzarbligi, oʻqituvchining pedagogik mahorati, ishontirish sanʼati, bu xususda talabalarning fikri qandayligiga kamdan­kam hollardagina eʼtibor beriladi. Mavzuni berilib tushuntirayotganingizda eshik shahd bilan ochilib, auditoriyaga komissiya aʼzolari kirib kelsa va talabalarni sanay boshlasa... dars shu bilan tugaydi.

    Jurnalistika shundayki, hayotning oʻzi hech bir dasturda, ishchi rejada koʻzda tutilmagan mavzularni shahd bilan oʻrtaga qoʻyadi: mamlakat hayotida muhim voqea yuz beradi, davlatimiz rahbarining Farmoni yoki qarori eʼlon qilinadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari dunyo miqyosida eʼtirof etiladi. Bu voqealar mohiyatini shu kunning oʻzida ochib berish, ertalab chop etilgan markaziy gazetalardagi yirik tahliliy maqolalarni sharhlash, yutuq­kamchiliklarini aniqlash oʻqituvchining birlamchi muhim vazifasi. Jurnalistika fakultetida har oʻquv kuni ayni shunday boshlanishi kerak.

    Xulosa oʻrnida shuni aytish zarurki, jurnalistikaning talab va qoidalari qotib qolgan dogma emas — doimiy harakatda, muttasil yangilanadigan ijodiy jarayon. Shunday ekan, bu jarayonga hamma ijodiy koʻz bilan yondashishi zarur.

    Ahmadjon MELIBOYEV,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist,

    OʻzMU dotsenti